banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Men qirolichaning oyog‘iga yiqilaman, – deb javob berdi qiz, – ko‘ramiz, u ham otasini qutqarishni so‘rab yolvorgan ikki bolaning gapiga quloq solmay qo‘yaverarmikin.

Glenarvan bosh chayqab qo‘ydi, u qirolichaning biror iltifot ko‘rsatishigagina emas, Meri Grant uning huzuriga kira olishiga ham shubha qilardi.

Ingliz kemalarining shturvali oldiga yozib qo‘yiladigan: «Passangers are requested not to speak to the man ad the wheel»[19 - «Passajirlardan rulevoy bilan gaplashmaslik so‘raladi».] degan so‘zlar go‘yo podsho saroyining eshiklariga ham yozib qo‘yilgandek, kishilarning ohi tojdorlarga kamdan-kam yetib boradi.

Elen erining fikrini tushundi. U qizning barcha urinishlari natijasiz tugashini bilardi. Elen shu bugundan boshlab bu ikki bolaning hayoti umidsizlik va g‘am bilan o‘tishi aniq ekaniga shubha qilmasdi.

Xuddi shu payt uning miyasiga g‘oyat yuksak va olijanob bir fikr keldi…

‒ Meri Grant! – dedi u. – Biroz shoshmang, ketmay turing. Menga quloq soling.

Ukasining qo‘lidan ushlab, ketmoqchi bo‘lib turgan qiz to‘xtadi.

Elen, ko‘zlari yoshlanib, hayajon bilan eriga murojaat qildi.

‒ Eduard! – dedi u qat’iy tusda. – Kapitan Grant mana bu hujjatlarni dengizga tashlar ekan, o‘z taqdirini shu hujjat borib tegadigan kishining qo‘liga topshirgan. Hujjat bizning qo‘limizga kelib tegdi…

‒ Bu bilan nima demoqchisiz, Elen? – deb so‘radi Glenarvan.

Atrofdagilarning hammasi jim turishar edi.

‒ Men, – deb javob etdi Elen, – o‘z hamjihat hayotimizni xayrli ish bilan boshlash – buyuk baxtdir, demoqchiman. Azizim Eduard, siz xursand qilish uchun meni sayohatga olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygansiz. Lekin o‘z vatani tomonidan taqdirning hukmiga tashlab qo‘yilgan baxtsizlarni xalos etishdan ham buyukroq sevinch, shundan ham foydaliroq ishning bo‘lishi mumkinmi?

‒ Elen! – deb yubordi Glenarvan.

‒ Ha! Siz mening fikrimni tushudingiz, Eduard. «Dunkan» – pishiq, ishonchli kema. U janubiy dengizlarda bemalol suzib yura oladi, butun dunyoni aylanib chiqishga ham chidaydi. Agar lozim bo‘lsa, bunday sayohatga chiqadi ham! Yo‘lga chiqaylik, Eduard! Kapitan Grantni axtarib topaylk!

Yoshgina xotinining bu mardona so‘zlaridan hayajonga kelgan Glenarvan uni quchoqladi va tabassum bilan bag‘riga bosdi, Meri bilan Robert esa uning qo‘llarini o‘pa boshladilar. Bu manzaradan xursand bo‘lib, qattiq hayajonlangan Malkolm-Kestldagi xizmatkorlar ham ovozlarining boricha:

‒ Ura! Ura, Eduard va Elen Glenarvanlar sharafiga uch martalab ura! – deb qichqirishar edi.

Beshinchi bob

«DUNKAN»NING JO‘NAB KETISHI

Elen Glenarvanning olijanob va dovyurak ayol ekanini biz ilgari aytib o‘tgan edik. Kapitan Grantni axtarib topish to‘g‘risidagi taklifi bunga shubhasiz bir dalildir. Glenarvan uning fikrlariga darhol tushunadigan va hayot yo‘lini u bilan birga mardlarcha bosib o‘ta oladigan bu olijanob xotini bilan har qancha faxrlansa ham arzir edi. Londonda, uning fikrini rad qilganlaridayoq, o‘zining ham miyasiga kapitan Grantni izlagani safarga chiqish fikri kelgan edi, lekin xotini bilan uzoq vaqt ayrilishni istamagani uchungina buni oldinroq ayta olmadi. Endi, kapitan Grantni axtarish taklifini Elenning o‘zi o‘rtaga tashlagandan keyin hech qanday ikkilanishga o‘rin qolmadi. Malkolm-Kestldagi xizmatkorlar bu taklifni shodlik bilan tabriklashdi, – axir gap xuddi ular kabi shotlandiyaliklarni qutqarish to‘g‘risida borayotgan edi-da. Shuning uchun Glenarvan ularning Elen sharafiga aytayotgan «ura» xitoblariga butun yurakdan qo‘shildi.

Yo‘lga chiqish masalasi hal bo‘lgandan keyin bir soatni ham bekor o‘tkazmaslik kerak edi. O‘sha kuniyoq Glenarvan Jon Manglsga «Dunkan»ni Glazgoga keltirish va unda janubiy dengizlarda suzish uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rish to‘g‘risida buyruq berdi; bu ekspeditsiya butun dunyo sayohatiga ham aylanib ketishi mumkin edi. Shuni ham aytish kerakki, «Dunkan»da sayohatga chiqishni taklif qilar ekan, Elen kemaning layoqatiga baho berishda yanglishmagan edi. Bu juda pishiq va tezyurar kema uzoq dengiz sayohatlariga bemalol chidash bera olardi.

«Dunkan» ikki yuz o‘n tonna hajmdagi, bug‘ kuchi bilan yuradigan ajoyib kema edi, vaholanki, Amerika qirg‘oqlariga yetib borgan dastlabki kemalar – Kolumb, Vespuchchi va Magellanning kemalari bunga nisbatan ancha kichik hajmda edi[20 - Xristofor Kolumb Amerikaga to‘rtinchi marta sayohat qilganda to‘rt kemada borgan edi. Bu kemalardan eng kattasi – Kolumbning o‘zi tushgan karavella yetmish tonna hajmli, eng kichigi esa ellik tonna hajmdagi kema edi. Ular faqat qirg‘oq bo‘ylab suzishga yaraydigan kemalar edi, xolos (Muallif izohi).].

«Dunkan»ning ikkita machtasi: marsel[21 - Marsel – machtadagi pastdan ikkinchi yelkan.] va bram-stengali fok-machta[22 - Bram-stenga – stenga (machtaning yuqori qismi; u machtaning pastki asosiga ulangan bo‘ladi)ning davomi. Fok-machta – kemaning oldingi machtasi.], kontr-bizan va flagshtokli grotmachtasi bor edi; bulardan tashqari kemada uchburchakli yelkan – fok-staksel, katta va kichik kliverlar, shuningdek shtangaga[23 - Shtanga – uzun metall sterjen.] o‘rnashtirilgan yelkanlar ham bor edi. Xullas, «Dunkan» oddiy kliperdan[24 - Kliper – uch machtali, tez yurar yelkanli kema.] sira qolishmasdan suza olish darajadagi yelkanga ega edi.

Lekin, albatta, kemaning mexanik kuchi – par mashinalariga hammasidan ko‘proq tayanish mumkin edi. Eng yangi sistema asosida ishlanib, peregrevatellar bilan jihozlangan, bir yuz oltmish ot quvvatiga ega bo‘lgan bu mashinalar ikki qavat vintni harakatga keltirar edi. Barcha yelkanlarini ochib yurganda «Dunkan» o‘sha vaqtga qadar sira ko‘rilmagan tezlikda suza olardi. Sirasini aytganda, Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tayotgan paytda «Dunkan»dagi patent-lag[25 - Patent-lag – strelka yordamida kemaning harakat tezligini ko‘rsatadigan siferblatli asbob.] kemaning tezligi soatiga o‘n yetti dengiz miliga[26 - Dengiz mili 1852 metrga baravar.] yetganini ko‘rsatdi.

«Dunkan» hatto dunyo sayohatiga ham bemalol chiqa olardi, albatta.

Jon Mangls kemani ichki tomondan jihozlasa bo‘lgani edi. U eng oldin ko‘proq ko‘mir g‘amlab olish uchun ko‘mirxonalarni kengaytirdi, chunki yo‘lda kemaga ko‘mir topish oson emas edi. Kema kambuzi[27 - Kambuz – oshxona.] zaxiralarini to‘ldirishga ham u alohida e’tibor berdi. U ikki yilga yetadigan oziq-ovqat g‘amlab oldi. To‘g‘ri u pulga muhtojlik sezmasdi; uning qo‘lidagi puli hatto durustgina bir to‘p sotib olib, kemaning tumshuq tomoniga o‘rnatishga ham yetdi. Yo‘lda nimalar yuz berishini kim biladi deysiz!

Shuni ham aytish lozimki, Jon Mangls o‘z ishiga mohir dengizchi edi, hozirda u faqat yaxtaga qo‘mondonlik qilayotgan bo‘lsa ham, lekin Glazgoda eng yaxshi shkiperlardan[28 - Shkiper – savdo kemasining kapitani; dengiz kemasida: xo‘jalik boshlig‘i.] hisoblanardi. U o‘ttizga kirgan edi. Uning biroz xunuk yuzidan mard va olijanob yigit ekani ko‘rinib turardi. Uni yosh bolaligida Malkolm-Kestlga keltirgan edilar. Glenarvanlar oilasi uni o‘qitib tarbiyaladi va ajoyib dengizchi qilib yetishtirdi. U bir necha marta uzoq dengiz sayohatlariga chiqqan, o‘shanda o‘zining butun dengizchilik san’atini, g‘ayrati va sovuqqonligini ko‘rsatgan edi. Glenarvan «Dunkan»ga qo‘mondonlik qilishni taklif qilganda, u bajonidil rozi bo‘ldi, chunki Malkolm- Kestlning xo‘jayinini o‘z akasidek yaxshi ko‘rar, unga o‘zining sodiq ekanini ko‘rsatishga doim tayyor edi.

Jon Manglsning yordamchisi Tom Ostin bahazur ishonish mumkin bo‘lgan eski dengizchi edi. Kapitan bilan uning yordamchisini ham qo‘shib hisoblaganda «Dunkan»ning komandasi yigirma besh kishidan iborat edi. Ularning hammasi Dumbarton grafligidan bo‘lib, tajribali va saralangan dengizchilar edi. Ular kemada ham mard shotlandlar klani[29 - Klan – oila, urug‘.] tashkil qilgandek edilar. Ular orasida hatto traditsion piperbag[30 - Piper-bag – polk surnaychilari (Muallif izohi).] ham bor edi. Shunday qilib, kema komandasi Glenarvanga sodiq, o‘z ishiga juda berilgan, tajribali, qurol tutishni bilgan eng qaltis ekspeditsiyalarda ham ish bera oladigan, mard dengizchilardan iborat edi. «Dunkan» komandasi kemaning qanday safarga chiqishidan darak topganda dengizchilar o‘z quvonchlarini hech qayerga sig‘dirolmay, qattiq aytilgan «ura» sadolari bilan Dumbarton qoyalarini larzaga keltirdilar.

«Dunkan»ga ko‘mir va oziq-ovqat ortish ishiga g‘ayrat bilan kirishgan Jon Mangls Eduard va Elen Glenarvanlarning kayutalarini uzoq safarga tayyorlashni ham unutmadi. Shuningdek, u kapitan Grantning bolalari uchun ham kayutalar hozirlab qo‘yishi lozim edi – axir, Elen Merining bu ekspeditsiyada ishtirok etish to‘g‘risidagi iltimosini rad qilolmas edida. Kichkina Robert esa qirg‘oqda qolgandan ko‘ra tryumga yashirinib olishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Shunday yigitchani tashlab ketib bo‘larmidi! Bunga urinishmadi ham. Shuningdek, Robertning yo‘lovchi qilib emas, balki kema komandasi sostaviga a’zo qilib olish to‘g‘risidagi talabiga ham rozi bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Unga dengizchilik ishlarini o‘rgatish Jon Manglsga topshirildi.

‒ Yashasin! – dedi Robert. – Agar men biror ishni o‘rniga keltirib qilolmasam, kapitan meni ayamay qamchin[31 - Ingliz flotida matroslarni jazolash uchun ko‘pincha qamchin ishlatilar edi (Muallif izohi).] bilan savalasin.

‒ Unisidan xotirjam bo‘l, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan jiddiy tusda, ammo u «Dunkan»da qamchin bilan jazolash taqiqlangani to‘g‘risida hech narsa, demadi.

«Dunkan»dagi yo‘lovchilar ro‘yxatini tugallash uchun mayor Mak-Nabbsni ham eslatib o‘tish lozim. U elliklarga kirgan, chiroyli va xotirjam yuzli, ajoyib tabiatli, kamtarin, indamas, beozor va soddadil kishi edi. Mak-Nabbsni qayerga boshlasangiz ketaverar, hech vaqt birov bilan tortishib o‘tirmas, hech kim bilan aytishmas, aslo achchig‘lanmas edi. U xarob etilgan transheyalarga ham o‘z yotoqxonasiga chiqayotgandek bamaylixotir ko‘tarilar, uni hech narsa, hatto bomba ham hayajonga keltirolmas va yo‘lidan qaytarolmas edi; u butun umrida bir marta ham achchig‘lanmay o‘lib ketsa kerak. Mak-Nabbs faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan kishilarga xos jangovar jasoratga, jismoniy quvvatgagina emas, balki bundan ham qimmatliroq bo‘lgan fazilatga, ya’ni bukilmas ma’naviy quvvatga ham ega edi. Uning birdan-bir kamchiligi butun borligi bilan shotlandiyalik bo‘lishi, shotlandiyalik ham emas Kaledoniyaning chin farzandi bo‘lishi, o‘z vatanining qadimiy urf-odatlariga qattiq amal qilishi edi. Shuning uchun u hech vaqt Angliyaga xizmat qilishni istamadi, o‘zining mayorlik unvonini esa komanda sostavi nuqul shotlandiyalik dvoryanlardan iborat bo‘lgan 42-gvardiyachi tog‘ polkida oldi. Mak-Nabbs Glenarvanning yaqin qarindoshi bo‘lgani uchun Malkolm-Kestlda yashardi, mayor bo‘lgani tufayli esa «Dunkan»da safarga chiqishni tabiiy deb topdi.

Kutilmagan sabablarga ko‘ra zamonamizning eng ajoyib sayohatlaridan biriga otlanayotgan kemaning yo‘lovchilari ana shunday kishilar edi.

«Dunkan» Glazgodagi paroxod pristanida paydo bo‘lgan paytdan boshlab hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. Har kuni odamlar to‘p-to‘p bo‘lib uni tomosha qilishar edi: hamma «Dunkan» to‘g‘risida gapirar, unga qiziqar edi. Bu esa ko‘p kapitanlarga xush kelmas, shu jumladan, pristanda «Dunkan» bilan yonma-yon turgan va Kalkutta safariga tayyorlanayotgan «Shotlandiya» nomli ko‘rkam paroxodning kapitani Bertonga ham yoqmas edi. Haqiqatan ham bu kattakon paroxodning kapitani o‘zining kichkina qo‘shnisi «Dunkan»ni nazar-pisand qilmaslikka haqli edi. Shunga qaramay, xalqning kundan-kun oshib borayotgan nazar-e’tibori Glenarvanning kemasiga qaratilmoqda edi.

«Dunkan»ning jo‘nab ketish payti yaqinlashib kela boshladi. Jon Mangls mohir va g‘ayratli kapitan ekanini ko‘rsatdi. Kema Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tgan kundan bir oy keyin ko‘mir, oziq-ovqat bilan ta’minlanib, uzoq safarga zarur bo‘lgan barcha asbob-uskuna bilan jihozlangach, «Dunkan» dengizga chiqishga tayyor edi. 25-avgustda jo‘nab ketadigan bo‘ldilar. Demak, kema janubiy kengliklarga taxminan bahorning boshlanishiga yetib borar edi.

Glenarvanning rejasi odamlarga ma’lum bo‘lib qolgach, ko‘p kishilar uni bunday sayohatning qiyin va xavfli ekani to‘g‘risida ogohlantira boshladilar. Lekin Glenarvan bu so‘zlarga zarracha ham e’tibor bermadi, u kapitan Grantni topib kelish maqsadidan aslo qaytmadi. Glenarvanning bu ishini qoralagan kishilarning ko‘pi ayni vaqtda ichdan unga qoyil bo‘lardilar. Borib-borib, butun afkor-omma ochiqdan-ochiq Glenarvanni yoqlab chiqdi, shuning uchun ham hukumat gazetalaridan tashqari barcha matbuot admiralteystvodagi lordlarni bir og‘izdan qoraladi. Glenarvan esa maqtovlarga ham, qoralashlarga ham e’tibor bermasdi – u o‘zining burchi deb hisoblagan ishni amalga oshirmoqda, boshqasi bilan uning nima ishi bor?

24-avgustda Glenarvan, Elen, mayor Mak-Nabbs, Meri va Robert Grantlar, kema styuardi[32 - Styuard – bufetchi.] mister Olbinet, uning Elen Glenarvanga xizmat qiluvchi xotini missis Olbinet Malkolm-Kestldan jo‘nab ketishdi. Glenarvan oilasiga sodiq bo‘lgan xizmatkorlar ularga butun yurakdan oq yo‘l tilab, xayrlashdilar.

Bir necha soatdan so‘ng sayohatchilar «Dunkan» bortiga chiqdilar. Tinch, rohat turmushidan kechib, halokatga uchragan baxtsizlarni qutqarishga oshiqqan mard xotin Elenni Glazgo aholisi mehr bilan qizg‘in tabrikladi.

Glenarvan bilan Elenga ajratilgan kayutalar «Dunkan»ning yut qismida bo‘lib, ikki yotoqxona, mehmonxona va kiyinibyuvinish uchun ajratilgan ikkita kichkinagina bo‘lmadan iborat edi. So‘ngra kemada yana bir umumiy kayut-kompaniya bo‘lib, unga oltita kayutaning eshigi ochilar edi, undan beshtasini Meri va Robert Grantlar, mister va missis Olbinetlar va mayor Mak-Nabbs egallagan edilar. Jon Mangls bilan Tom Ostinning kayutalari kemaning tumshuq tomonida joylashgan bo‘lib, eshigi palubaga ochilardi. Komanda esa palubalar o‘rtasidagi kayutalarga joylashtirilgan edi; joy keng va butun qulayliklari bor edi, chunki kemada ko‘mir, oziq-ovqat va quroldan boshqa hech qanday yuk yo‘q edi. Shunday qilib, kapitanning ixtiyorida joy juda ko‘p edi, u esa bundan ustalik bilan foydalandi.

«Dunkan» 25-avgust erta tong soat uchlarda, suv qayta boshlaganda dengizga chiqishi kerak edi.

Kechqurun soat o‘n birda hamma kemada bo‘ldi. Kapitan bilan komanda jo‘nab ketish uchun oxirgi tayyorgarlik ishlarini ko‘ra boshladilar. Yarim kechada bug‘ qozonlariga o‘t yoqildi. Kapitan o‘tga tezroq ko‘mir tashlash to‘g‘risida buyruq berdi, ko‘p o‘tmay kema trubalaridan chiqqan qop-qora tutun tungi tumanga ulanib ketdi. Janubi-g‘arb shamoli esayotgani uchun yelkanlardan foydalanib bo‘lmas edi – dudlanib qolmasligi uchun ularni kanop g‘iloflar bilan yaxshilab o‘rab qo‘yildi.

Soat ikkida «Dunkan»dagilar bug‘ qozonlarining kuchi bilan kemaning titray boshlaganini sezdilar; manometr to‘rt atmosfera bosim kuchini ko‘rsatardi; qizib ketgan bug‘ klapanlar ostidan chiyillab otilib chiqa boshladi. Dengiz suvining ko‘tarilishi to‘xtadi, suvning qaytishidan oldingi vaqtincha tinish payti boshlandi. G‘ira-shira tong otib kela boshladi, Klayd daryosining farvateri, uning tong yorig‘ida xiralasha boshlagan baken[33 - Baken – suv yo‘llarida xavfli joylarni va kemalar yo‘lini ko‘rsatuvchi suzg‘ich.] chiroqlari ko‘rina boshladi. Yo‘lga chiqish payti keldi. Jon Mangls buni Glenarvanga xabar qilishni buyurdi. Glenarvan tez palubaga ko‘tarildi.

Ko‘p o‘tmay suv qayta boshladi. «Dunkan»ning qattiq hushtagi yangradi: kema bog‘lab qo‘yilgan qoziqlardan bo‘shatildi va qirg‘oqdan ajraldi. Vint ishga tushdi va «Dunkan» daryo farvateridan yo‘lga chiqdi. Jon lotsman[34 - Lotsman – kemalarga yo‘l ko‘rsatuvchi mutaxassis.] olmadi; Klayd daryosining farvaterini u juda yaxshi bilar, kemani ochiq dengizga hech kim undan yaxshiroq olib chiqa olmas edi. Kema o‘z kapitanining irodasiga bo‘ysunib, itoat bilan borardi. Kapitan ishonch bilan o‘ng qo‘lida mashinani va so‘l qo‘lida rulni boshqarar edi. Ko‘p o‘tmay qirg‘oqdagi eng so‘nggi zavodlar ham orqada qoldi, qirg‘oqdagi tepalar ustiga joylashgan villalar ko‘zga tashlana boshladi. Shahar shovqini orqada qoldi.

Bir soatdan so‘ng «Dunkan» Dumbarton qoyalari oldidan o‘tdi; ikki soatdan so‘ng u Klayd qo‘ltig‘iga yetib bordi… Ertalab soat oltida esa «Dunkan» ochiq dengizga chiqib oldi.

Oltinchi bob

OLTINCHI KAYUTADAGI YO‘LOVCHI

Safarning birinchi kuni dengiz ancha notinch edi; kechga borib shamol yana biroz kuchaydi. To‘lqinlar «Dunkan»ni kuchligina chayqar edi. Shuning uchun ayollar palubaga chiqmadilar. Ular kayutalardagi koykalarda yotar edilar.

Ertasiga shamolning yo‘nalishi bir qadar o‘zgardi. Kapitan Jon Mangls fok, kontr-bizan va kichik marsel yelkanlarini ochishni buyurdi. Shundan so‘ng «Dunkan»ning chayqalishi kamaydi. Elen bilan Meri Grant ertalab palubaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Glenarvan, mayor va kapitan ham shu yerda edilar.

Quyoshning chiqib kelishi juda jozibador edi. Kattakon oltin doiraga o‘xshagan quyosh nihoyatda katta galvanik vannadan ko‘tarilib kelayotgandek edi. «Dunkan» zarrin nurlar ustidan suzib borar, uning yelkanlarini shamol emas, quyosh nurlari kelib yoyayotgandek tuyulardi.

Kema yo‘lovchilari quyoshning ko‘tarilib kelishini indamay turib tomosha qildilar.

Nihoyat bu jimlikni Elen buzdi.