banner banner banner
Biznes va hayotda norasmiy ta’lim
Biznes va hayotda norasmiy ta’lim
Оценить:
 Рейтинг: 0

Biznes va hayotda norasmiy ta’lim

Biznes va hayotda norasmiy ta’lim
Donald Tramp

O‘zingiz va ishingizga sodiq bo‘lish katta qadriyatdir. Unutmang: qadriyatlarni himoya qilish zarur. O‘z fi krlaringizda qattiq turish oson, deb sizga hech kim, hech qachon aytmaydi, lekin ishonchim komilki, bu zarur. Qolgan narsalarga kelsak, nima qilayotgani ngiz va kim uchun qilayotganingizni qat’iy aniqlab oling. Shunda ertami, kechmi har turli ma’nodagi boylikka eri shasiz.

Donald Tramp

Biznes va hayotda norasmiy ta’lim

SO‘ZBOSHI

Donald bilan ishlashning afzalliklaridan biri uni kundalik hayotda kuzatish imkonidir. Tanishganimizdan buyon yillar davomida haqiqiy Donaldni ham, mashhur Donaldni ham o‘rgandim va ikkisi ham bir inson ekanini tushundim. Hayotdagi Donald ommaviysidan ancha zalvorli va ahamiyatliroqdir.

U bilan birga ishlar ekanman, uning qanday fikrlashiga, fikrlari so‘zlarga, so‘zlari harakatga aylanganiga guvoh bo‘ldim. Aksar hollarda bu insonning fikrlari, so‘zlari va amallari bir-birini mantiqan davom ettiradi. Balki, shu sababdan ham u dangal va cho‘rtkesarroq. Uning fikrlari, so‘zlari va amali bir butunlikni hosil qiladi, aynan shuning uchun ham Donald dangal.

Ko‘pchiligimizning bir o‘zi uch xil kishiga o‘xshaydigan tanishlarimiz bor. Ular bir narsani o‘ylashadi, boshqasini gapirishadi, amalda esa uchinchi ishni qilishadi, xatti-harakatlari o‘y-xayollariga ham, so‘zlariga ham umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bunday odamlar muvaff aqiyatga erishganlariga qaramay, butunlay qarama-qarshiliklarga to‘la hayotda yashashlarini ko‘rganman.

1980-yillarning boshida ilk katta biznesimni yo‘qotdim. Boridan ayrilish hammamizning tasavvurimizdagi kabi juda yomon edi. Hamma narsamni yo‘qotdim va o‘zimni omadsiz sanay boshladim. Eng katta yo‘qotish o‘z kuchimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotish edi. Nima qilish kerakligini bilar, ammo ayrim sabablarga ko‘ra qilmasdim. Keyingi o‘n yil mobaynida o‘z ustimda olib borgan ishim o‘z o‘y-fikrlarim ustidan boshqaruvni egallashga qaratildi. Yana to‘g‘ri fikrlay olish uchun buyuk insonlar fikrlarini o‘qib, eshita boshladim. Biznes bilan bog‘liq hayotim sekin, ammo to‘g‘ri rivojlana boshladi va yana g‘alabaga erisha boshladim.

1987-yilda fond bozorining qulashidan so‘ng qo‘limga Donald Trampning «Kelishuvlarga erishish san’ati» kitobi tushdi. Uni o‘qish uchun rafiqam bilan barcha ishlarni yig‘ishtirib qo‘ydik. Atrofimizdagi olam ag‘dar-to‘ntar bo‘layotgan bir paytda biz Donaldning so‘zlari va harakatlari orqali biznes olamini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. 1994-yilga kelib, rafiqam bilan to‘liq moliyaviy erkinlikka erishdik. Bo‘sh vaqtimizda u bilan Donaldning kitobi bizni qanday ilhomlantirgani, atrofimizdagi betartiblikka qaramay olg‘a intilishga undaganini tez-tez eslaymiz.

1997-yilda Donaldning «Qaytish san’ati» («The Art of the Comeback») kitobini o‘qir ekanmiz, buyuk insonning o‘y-fikrlariga quloq tutayotganimizga amin bo‘ldik. Hamma ham haqiqatni ochiq ayta olmaydi, o‘z xatolari, saboqlar va tuganmas urinishlari haqida yozishga undan-da kamrog‘i tayyor.

2004-yilda Kim ikkimiz Donald bilan ilk bor uchrashdik. Albatta, biz tanish emasdik, ammo u juda xushmuomala edi va biz unga kitoblari orqali fikrlari bilan bo‘lishgani uchun minnatdorlik bildirdik. 2006-yilning oxirida Donald ikkimiz «Biz nima uchun boy bo‘lishingizni istaymiz?» nomli kitobni chop etdik.

Odamlar taqdiriga qiziqish va ular bilan o‘z bilimlarimizni ulashish istagi Donald ikkimizni bu kitobni yozishga undadi. Asarda 2008-yilda butun dunyoga xavf solgan moliyaviy inqirozni ham taxmin qilgandik.

Bu kitobga so‘zboshi yozish men uchun katta sharaf, chunki Donald rafiqam ikkimizni chempionlar kabi fikrlashga o‘rgatib, bizga katta sovg‘a ulashdi. Bu sovg‘a butun dunyoga atalgan… u puldan ham qadrliroqdir.

    Robert Kiyosaki

KIRISH

Hayotimda muvaff aqiyatga intilgan ko‘p insonlarni ko‘rdim. Men ham ulardan biriman. Cho‘qqiga chiqishimga hali ancha uzoq bo‘lsa-da, salmoqli natijaga erishishga ulgurdim. Shu tufayli menga muvaff aqiyat «sirlari» haqida ko‘p savol berishadi. Bu borada qandaydir sirlar bor deb o‘ylamayman, ammo har birimiz bizga yordam beradigan allaqanday formulani qo‘lga kiritishni istaymiz.

Ushbu kitobda, nazarimda, inson muvaff aqiyatga erishishi uchun fikrlarini ma’lum bir yo‘nalishga yetaklovchi g‘oyalar yig‘ilgan. Menga ularning foydasi tekkan. Bu asosiy qoidalarim va ularni hayotga tatbiq qilishning usullarini ochib beruvchi chuqur, mulohazali tomonimdir. Ommaviy axborot vositalari orqali yaratilgan obrazim bu aloqaga kirishuvchan, o‘ziga ishongan, ba’zan surbet, ammo odatda to‘g‘riso‘z inson. Ko‘pchilik cho‘rtkesar va dangalligim uchun yoqtirishmaydi. Ammo muhim bo‘lmagan narsalarni chetga surib, asosiy maqsadga tez erisha olganim uchun muvaff aqiyatliman.

«Yetakchilik» kitobim hayotga va biznesga aynan shunday yondashuv namunasidir. Odatda, muammoni topib, uni o‘rganib chiqaman, qismlarga ajrataman va shu kabi har qanday masalani hal etishga qodir formula yarataman.

Har doim masalani puxta o‘rganishga vaqt va kuch sarflashdan qochmayman, uning tubiga yetib, o‘ziga xos va samarali yechimni taklif qilishda chuqur tahlil qilaman. Maktab davrimda otam Fred K. Tramp har hafta menga mashhur odamlarning ilhomlantiruvchi iqtiboslarini yuborardi. Iqtiboslarning ko‘pi yetakchilik, hayotda qanday qilib g‘oliblikka erishish haqida edi. Ular menga ko‘p narsani o‘rgatdi va hali ham bu so‘zlarga murojaat qilaman. Shuning uchun ularni siz uchun bu kitobga kiritdim. Hayotimda otam kabi ustoz nasib etdi va umid qilamanki, uning iqtiboslar to‘plami sizga ham foydali bo‘ladi. Bu kitobni otamga bag‘ishlayman, chunki o‘rgatganlari uchun undan minnatdorman. Kitobda to‘plangan fikrlar sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi va ilhomlantiradi, deb umid qilaman.

OCHERKLAR, QADRIYATLAR VA STIVEN KING HAQIDA

Biz bilan qanday o‘yinlar o‘ynashmasin, o‘zimiz bilan o‘yin o‘ynamasligimiz kerak.

    Ralf Uoldo Emerson.

«New York Times Book Review»ning 2007-yil 30-sentabr sonida Stiven Kingning zamonaviy hikoyanavislikka bag‘ishlangan ocherki chop etildi. Siz Stiven King sermahsul va muvaff aqiyatli yozuvchi, oltmishta kitob va to‘rt yuzta hikoya muallifi ekanini bilsangiz kerak. 1996-yilda uning hikoyalaridan biri O’ Genri mukofotiga sazovor bo‘lgan. King ocherkida novella yoki zamonaviy qisqa hikoya fenomenini tahlil qilar ekan, u o‘ta mustaqil va o‘quvchilardan ko‘ra ko‘proq noshirlar va tanqidchilar uchun yoziladi, degan xulosaga keladi. Ushbu chuqur mulohaza meni o‘ylantirib qo‘ydi: nima uchun yozyapman va kitobimni kim o‘qiydi?

Qisqa ocherklarni yoqtiraman, shunday ekan aytish mumkinki, novella prozada o‘ylab topilgan janr deb hisoblanishiga qaramay, novellaga ma’lum bir aloqadorligim bor. Novella oddiy janr emas, har qanday yozuvchi bu fikrga qo‘shiladi, chunki unda muallif kamgap bo‘lishi kerak. Ocherklar haqida ham shunday deyish mumkin, ular xuddi shunday lo‘nda va bir mavzu bilan cheklangan. Stiven Kingning ocherkini o‘qib, u o‘z fikrlarini bor yo‘g‘i bir sahifada mukammal ifoda eta olishini tushunasiz. Uning ishiga baho berishim uchun Stiven King bo‘lishim shart emas. Men har kuni shug‘ullanadigan faoliyat murakkabligini tushunish uchun esa siz ham magnat[1 - Magnat – davlat boshqaruvida iqtisodiy ta’sir kuchiga ega badavlat tadbirkor.] bo‘lishingiz shart emas.

Stiven Kingning aytishicha, bugungi kunda qisqa hikoyalar bozori juda tor, shuning uchun yozuvchilar har qachongidan ham ko‘proq taassurot qoldirishga intilishadi, ammo yoqimli mutolaa istagida bo‘lgan o‘quvchilarga emas, balki hikoyalarini chop eta oladigan noshirlarga. Men sizga aytsam bunda ham mantiq bor. Qay sohada ishlamaylik, har birimizning o‘z auditoriyamiz bor, demografik jihatlarni ham inobatga olish zarur.

Stiven Kingning ta’kidlashicha, zamonaviy novellachilar o‘z asarlarini ularni chop etish imkoni bo‘lgan insonlarga mo‘ljallab, shaxsiy qadriyatlarini himoya qilishadi. Haqiqiy o‘quvchi ikkinchi darajaga o‘tadi, chunki noshir birinchi o‘rinda bo‘lmas ekan, novella xoh mukammal, xoh o‘rtamiyona bo‘lsin, mushtariygacha yetib bormasligi mumkin. Bu oqilona yondashuv, ammo janob Kingning novellalar tor doiraga (ayni damda noshir va tanqidchilarga) mo‘ljallanganligi haqidagi nuqtayi nazarini ham tushunaman.

Aytaylik, turarjoy qurilishiga kirishishdan avval unda kim yashashi haqida o‘ylayman. Har qanday tadbirkor kabi demografik ko‘rsatkichlarni o‘rganaman. Loyiham haqida xabar topishlari uchun bozorda uning targ‘iboti bilan shug‘ullanishni istaydigan (yoki istamaydigan) kishilarni qiziqtira olishim kerak. Bugun nomim yetarlicha taniqli va sifatning oltin darajasi bilan shunchalik bog‘liqki, ko‘p gapirishimga to‘g‘ri kelmaydi. Tramp ismi o‘z-o‘zidan sifat kafolati demak.

Stiven Kingning fikricha, novellalar atay do‘konlar peshtaxtalarining pastki qatorlari uchun mo‘ljallanadi[2 - Do‘konlar peshtaxtalarining pastki qatorlariga talabgir bo‘lmagan mahsulotlar joylashtiriladi.]. Unga ko‘ra, Amerika novellanavisligi bugun hayot, ammo zaif. Va buning asosiy sababi chamasi, maqsadli bozorning tobora torayayotganida. O‘ylaymanki, King qisqa hikoyalarni o‘quvchi mutolaasi uchun emas, chop etilish uchun yozishlarini ta’kidlab, vaziyatni juda to‘g‘ri baholagan. Agar biror ishni qilayotib, allaqanday tanqidchilarga yaxshi taassurot qoldirishni maqsad qilganimda nafaqat o‘zimni, balki boshqalarni ham aldagan bo‘lardim. Bu meni yoqtirishlari va yoqtirmasliklarining ham sabablaridan biridir.

Aytgancha, «New York Times» tanqidchilaridan biri Gerbert Maschemp bir kuni aytishicha, tanqidchilar fikrini atayin inobatga olmagan chog‘larimda ularni inobatga olgan paytimdan ko‘ra ko‘proq muvaff aqiyatga erishar ekanman. Bu fikrga qo‘shilishga majburman va o‘ylaymanki, Stiven King novella haqida ham shu fikrni ilgari surish mumkinligini inkor etmaydi.

O‘zingiz va ishingizga sodiq bo‘lish katta qadriyatdir. Unutmang: qadriyatlarni himoya qilish zarur. O‘z fikrlaringizda qattiq turish oson, deb sizga hech kim, hech qachon aytmaydi, lekin ishonchim komilki, bu zarur. Qolgan narsalarga kelsak, nima qilayotganingiz va kim uchun qilayotganingizni qat’iy aniqlab oling. Shunda ertami, kechmi har turli ma’nodagi boylikka erishasiz.

INNOVATSIYALAR

Butun dunyo armiyasidan qudratliroq kuch – mavridi kelgan g‘oyadir.

    Viktor Gyugo

Yangiliklarni ko‘pincha innovatsiya deb atashadi. Ko‘p hollarda yangilik bu eski tarkibiy qismlarning avval mavjud bo‘lmagan birlikka jamlanishidir. Nyu-Yorkdagi «Trump International Hotel & Tower» – ko‘p qavatli turarjoy va mehmonxonani bir binoga jamlash g‘oyasini taklif etganimda meni novator deb atashdi. Keyin bu qarorni milliy va xalqaro miqyosda ko‘p bor «aylantirishdi» (o‘zim va boshqa quruvchilar) va u juda muvaff aqiyatli bo‘lib chiqdi.

Menga bu fikr shunchaki oqilona bo‘lib ko‘rinadi, muhim kashfiyot qildim, deb o‘ylamayman. Lekin ortga nazar solar ekanman, shunday deb hisoblasam ham bo‘ladi, deb o‘ylab qolaman. Novatorlar va innovatsiyalar haqida maqolalar o‘qiganimda qanday qilib kashfiyotchi bo‘lish mumkinligi to‘g‘risida o‘ylayman va fikrimcha, bu haqida talabalar ko‘proq fikr yuritishlari kerak.

Stiv Rayx ismli kompozitor – «fazalash» nomini olgan g‘oya muallifi haqida eshitganman. Bu g‘oya avtomobil oyna tozalagichlarining goh musiqa ritmiga monand, goh monand bo‘lmagan ohangi bilan bog‘liq. Ehtimol, yomg‘irli kunlarning birida u tirbandlikka tushib qoladi, oyna tozalagichlarning tovushi uning e’tiborini tortadi va musiqiy kompozitsiya yaralishiga sabab bo‘ladi. Bu inson zamonaviy musiqaga katta ta’sir o‘tkazgan va novatorlikning yaxshi namunasini ko‘rsatgan. Ba’zan yangi g‘oyalar oyna tozalagichlar kabi juda oddiy va maishiy narsalardan tug‘iladi. Muhimi – detallarni ko‘ra olish, ong va hislarni yangi g‘oyalar uchun ochish.

Bir paytning o‘zida ikkita narsa haqida o‘ylash juda foydali. Buni ko‘p bosqichli diqqat deb atayman. Ikki g‘oyaning to‘qnashuvi natijasida innovatsiya yuzaga keladi: oyna tozalagichlar tovushini eshita turib, musiqa haqida, turarjoy va mehmonxona haqida o‘ylash yoki yumalab ketayotgan toshga qarab, g‘ildirakni tasavvur qilish. Bu nimalarga olib kelishini kim ham bilardi! Ba’zan bundan misli ko‘rilmagan ixtirolar paydo bo‘ladi, ba’zan esa yo‘q, ammo bu fikrlashning yangi kengliklarini ochadi va goho yaxshi meva beradi.

Kashfiyotchilik ko‘pincha to‘satdan sodir bo‘ladi. Shuning uchun yana bir yaxshi usul – ongning ta’sirchanligini rivojlantirishdir. Bu san’atda bo‘lganidek, biznesda ham muhim. Agar lavozim pillapoyasida ko‘tarilmoqchi bo‘lsangiz, odatiy, ratsional fikrlash bilan cheklanib qolmang. Ilk kitobim «Bitim tuzish san’ati» deb nomlanadi. Haqiqatan ham, kelishuvlarga san’at asariga yondashgandek yondashaman. Balki shuning uchun ham ular odatda muvaffaqiyatli bo‘lib chiqadi. O‘ylash va ishlash chog‘ida miyamning ikkala yarim shari ham ishlaydi.

π soni («pi» deb o‘qiladi) haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak – bu aql bovar qilmaydigan son. Uni Pifagordan tortib Leonardo da Vinchigacha bo‘lgan turli mutafakkirlar qo‘llashgan va katta ehtimol bilan, piramida quruvchilari ham. Uzoq vaqt avval ixtiro qilingan π soni 3,1415926535 ga teng. Uni «Oltin kesim» deb atashadi. Agar ko‘proq ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz, Mario Livioning «The Golden Ratio» kitobini o‘qing, unda ko‘p tafsilotlar yozilgan. Menimcha, π raqamini ongli ravishda ishlatadigan odamlar bor, lekin bu haqda ong osti darajasida biluvchi, o‘z ishlarida ataylab emas, balki tasodifan ishlatadiganlar ham bor. U ko‘p hollarda ongli ravishda qo‘llaniladi. Ammo aniq fanlardan uzoq bo‘lgan ishlarda, tabiatda, masalan, dengiz mollyuskalarida yoki olis yulduzlarda, shuningdek, san’at asarlari va me’moriy yodgorliklarda «oltin kesim»ning qanday paydo bo‘lishi mutlaqo tushunarsiz. Sizning ixtirochilik harakatlaringiz hayotda mo‘jiza uchun joy borligini va unga tayyor bo‘lish kerakligini tushunishga yordam beradi.

Sizga faqat g‘ayritabiiylikka tayanishni maslahat bermayman: hayotiy muvaff aqiyat sog‘lom fikr va mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shunchaki, tushuntirib bo‘lmaydigan narsalarni rad qilmang – ular yangi g‘oya sari qadam bo‘lishi mumkin. Zero, biz yaratmaymiz, balki bir vaqtlar biz uchun yaratilgan narsalarni birlashtiramiz. Qiziqishlaringiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, zo‘r yig‘uvchi bo‘ling va ixtirochiga aylaning. Katta aql bo‘sh qolmasligi uchun juda ko‘p fikrlar va turtkilarga muhtoj, shuning uchun miyangiz doimo band bo‘lishini nazorat qiling. Bu siz uchun muvaff aqiyatli odamlar dunyosiga chipta bo‘lishi mumkin.

JAMOAVIY ISHNING AHAMIYATI

Birga yig‘ilish – bu boshlanish, birga qolish – rivoj, birga ishlash – muvaff aqiyat.

    Genri Ford

O‘zim xususiy tadbirkor bo‘lsam-da, jamoada ishlash qanchalik muhimligini doim yaxshi bilganman. Global nuqtayi nazardan, barchamiz bir jamoa a’zolarimiz va birlashmasak, intilayotgan natijamizga erisha olmasligimiz mumkin. Bugun jamoa bo‘lib harakat qilish muvaff aqiyatga erishish va yashash uchun avvalgidan-da muhimroqdir.

Shu haqda o‘ylar ekanman, bir nechta ajoyib jamoaviy o‘yinchilar yodimga tushadi. Ko‘pchilik televideniye jurnalisti va yozuvchi Tom Brokouni yaxshi taniydi. U ko‘p mukofotlarni qo‘lga kiritgan, hamkasblari va keng jamoatchilik ehtiromiga erishgan. Esimda, «Shogird» shousi ekranlarga endi chiqib, mashhurlikka erisha boshlagan chog‘da (o‘sha haftada reytinglarda eng yuqori o‘rinni egallagan) meni Yankees o‘yiniga Jorj Steynbrennerning lojasiga taklif etishdi. Tom va uning go‘zal rafiqasi ham taklif etilgan mehmonlar qatorida edi. Tom yonimga kelib, yelkamni qoqib qo‘ydi va dedi: «Donald, «NBS» uchun qilgan ishlaring tahsinga loyiq. Biz sendan juda minnatdormiz».

Uning so‘zlari – jamoaviy ruhning ajoyib namunasi. Biz bu tarmoq uchun birgalikda ishladik va u menga qilgan ishlarim uchun tashakkur aytdi. «Ular» «biz»ga aylandi va u aynan nimani nazarda tutganini tushundim. Albatta, u taniqli odam, ammo bu dastur faqat o‘zining mehnati natijasi emasligini tushunadi. Dasturim ham faqat o‘zimniki emas. Darhaqiqat, yillar osha donolashib borar ekansiz, qilayotgan ishingiz o‘zingizgagina aloqador emasligini tushunasiz. «NBS»da sodir bo‘layotgan har bir hodisa Tomning e’tiboridan chetda qolmaydi, «Shogird» shousining muvaff aqiyati esa uning jamoasiga foyda keltiradi. Bu so‘zlar menga uning bir butun fe’l-atvor egasi ekanini namoyon qildi. Balki, shu tufayli ham uni kompaniyadagilar va undan tashqarida ham yaxshi ko‘rishar.

Yana bir voqea. Los-Anjelesda «Emmi» mukofotini topshirish chog‘ida sahna ortida turganimda yonimda «Will and Grace» serialidagi roli uchun mukofot va gulduros qarsaklarga sazovor bo‘lgan Debra Messingni ko‘rdim. Bu ayol menga doim yoqqan (balki, gap uning mayin sochlaridadir). U yonimga kelib, shoum muvaff aqiyati uchun menga muloyimlik bilan minnatdorlik bildirdi. Shunda qarshimda yana bir jamoaviy o‘yinchi turganini tushundim: uning seriali ham «NBS» kanalida efirga uzatilardi.

Oradan bir necha yil o‘tsa-da, juda yaxshi eslayman: bir kuni Jeff Suker xonamga kelib, «Saturday Night Live» dasturida qatnashishni taklif qildi. Meni ijobiy javob berishga majbur qilgan sabablardan biri bu shouning «NBS» kanalida efirga uzatilishi, men esa uning bir qismi ekanim edi. Jamoaviy ruhning g‘oyat katta ahamiyatini tan olmasdan iloj yo‘q va bu taklifga rozi bo‘lganimdan afsuslanmayman. Biz vaqtni mazmunli o‘tkazdik.

Ishonchim komilki, shaxsiy va professional hayotda jamoaviy ruhni qo‘llab-quvvatlash juda yaxshi, ba’zan esa kutilmagan natijalarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, hamfikrlaring bilan bir yo‘lda borayotganingni bilish ajoyib his. Jamoa kuchiga munosib baho bering va uning asosiy ishtirokchisiga aylanasiz.