banner banner banner
Biznes va hayotda norasmiy ta’lim
Biznes va hayotda norasmiy ta’lim
Оценить:
 Рейтинг: 0

Biznes va hayotda norasmiy ta’lim


Tajriba – mehnatsiz erishish imkonsiz bo‘lgan yagona narsa.

    Oskar Uayld

Yodimda bir kitobcha qolgan. U faqat bitta mavzuga: «donolik» so‘zini odamlar qanday tushunishlariga bag‘ishlangandi. Turli kasb, turli ijtimoiy qatlam, turli hayot tajribasiga ega odamlar bu borada o‘z fikrlarini bayon etishgan. Javoblar har xil, lekin bir narsa aniqki, ularning bari umumiy asosga ega: tajriba, haqqoniylik va bilim.

Bu kitobni o‘qiganimda yosh edim. To‘g‘risi, hozir uning nomini ham eslolmayman. Kimdir uni maktab kutubxonasidagi stolda qoldirib ketgan, men esa unga tasodifan duch kelgandim. Bilim kuchini anglab yetdim. Tajriba ahamiyatini tushundim, tabiiyki, hali ikkisi bilan ham maqtana olmasdim. Ammo haqiqatparvarlik hamon menga tog‘dek suyanchiq. Bu xususiyatim obro‘-e’tiborim sababidan ko‘p tilga olingan. Nazarimda, yuqori sifat bilan bog‘lanuvchi savdo belgimga bo‘lgan yondashuvimga o‘shandayoq tamal toshi qo‘yilgan.

O‘sha paytda otam Nyu-York atrofidagi qurilishlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi obro‘sini yuqori ko‘targan edi. Odamlar uning ishi ma’lum sifat darajasini taklif etishini, «Trump» nomli kompaniya bilan ishlab, tavakkal qilmayotganliklarini aniq bilishardi. Otam shu tarzda nom orttirdi. O‘z biznesimni boshlar ekanman, bankchilar ham, boshqa kasb egalari ham ishona oladigan obro‘ orttirishga qaror qildim. Rostgo‘y tadbirkorligim hech kimda ikkilanish uyg‘otmasligi kerakligini bilardim. Odamlar sizga ishonishlari mumkinligiga amin bo‘lsalargina siz bilan ishlaydilar. Bu loyihalaringiz uchun homiy qidirganingizda muhim o‘rin tutadi.

Agar hozir talaba bo‘lsangiz, kelajagingiz, yangi istiqbol yoki navbatdagi bosqich haqida o‘ylab ko‘rishning ayni payti. O‘zingiz uchun yo‘nalishlarni belgilab oling. Umuman olganda, ushbu kitobni o‘qiyotganingizning o‘zi yaxshi belgi. Demak, siz ta’lim va bilim olishga jiddiy yondashasiz. Talabaligimda bizga buni doim eslatib turishardi va ko‘proq narsa o‘rganish, bilim to‘plash uchun ko‘p mehnat qilganman.

Bizga yana shuni aytishardiki, (buni ancha keyin angladim) donolik ikki omilning o‘zaro ta’siri natijasida shakllanadi: tajriba va bilim. Bu ikkisini o‘rgatib bo‘lmaydi, ularga inson o‘z kuchi bilan erishadi.

Hozir vaziyatni tezda baholash qobiliyatim orttirgan tajribalarim natijasi o‘laroq, donolikning namoyon bo‘lishi ekanini tushunaman. Boshqacha qilib aytganda, sezgi hissingizga ishonishingiz mumkin, chunki muvaff aqiyatli «ma’lumotlar bazasi»ni yaratib bo‘lgansiz. Bu donolikni sizga berolmayman. Unga o‘zingiz erishishingiz lozim, ammo ushbu maslahatlar o‘z vaqtida menga yordam bergan va ularga e’tibor qaratgan ma’qul.

Donolik tomon yana bir yo‘l – buyuk insonlar va sizni qiziqtirgan soha yetakchilarining hayoti haqida o‘qish. Uinston Cherchill, Avraam Linkoln va jahon tarixida yetakchi rol o‘ynagan kishilar haqida o‘qib, ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ular hayot oldilariga qo‘ygan vazifalarni bajarishga yuqori darajada tayyor bo‘lishlari kerak edi. Ularning taqdirlari ko‘pincha tasodif, tarixiy ongga bog‘liq edi, ammo ular vaziyatdan ajoyib tarzda chiqib ketish uchun yetarlicha tajriba va bilimga ega edilar. Minglab, hatto millionlab kishining hayoti sizning harakat va qarorlaringizga bog‘liq bo‘lishini faraz qilib ko‘ring va ana shu kishilar yelkasiga qanchalik katta mas’uliyat yuklanganini bir tasavvur qiling. O‘z muammolaringiz sizga kichik bo‘lib tuyuladi va bu sizga tafakkur maydoningizni kengaytirishga, majburiyatlar va professionallik nima ekanini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Esimda, maktab paytlari tasavvurimdagi dunyoga ikki narsa – urush va tabiat kuchli ta’sir qilishini tushunib yetganman. Tabiat xuddi urush kabi katta qudrat. Urush siyosiy va madaniy maydonni o‘zgartirsa, tabiat geografik maydonni o‘zgartiradi. Shu sabab janglar va ularning sivilizatsiyaga ta’sirini o‘rganishga ko‘p vaqt sarfladim. Bu katta ish va men ham mutaxassis emasman, ammo bugungi vaziyatga qanday yetib kelganimizni tushunish uchun biroz vaqt sarflagan ma’qul.

Biznes va boshqaruv strategiyasi nuqtayi nazaridan juda qiziq bo‘lgan Sun Szining «Jang san’ati» kitobini tavsiya qilaman. Taxminlarga ko‘ra, eramizdan avvalgi VI asrda yozilgan bu kitob harbiy strategiyaga bag‘ishlangan. Asar ko‘p asrlar mobaynida hukmdorlarga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan. Bu kitobni boshqa mashhur qo‘mondonlar kabi General Duglas Mak-Artur ham o‘qib chiqqan. Sizga bu biznes-maktab o‘qituvchisining noodatiy tavsiyasidek tuyulishi mumkin, ammo ishoning, unday emas. Bu juda qimmatli va zamonaviy asar.

Yana bir mashhur asar – Makiavellining «Hukmdor»ida urush yoki biznes haqida emas, siyosiy ziddiyatlar, yetakchining xususiyatlari to‘g‘risida so‘z boradi. Ammo hukmronlik tushunchasining ta’rifisalbiy tusga yo‘g‘rilgan. Axloq va haqiqatparvarlik maydondan chiqarilgan, shu sababli Makiavellining asari bugun salbiy tusga ega. Maslahatim: yaxshisi «Jang san’ati»ni o‘qing.

Donolikka olib boruvchi yo‘llar va kitoblar ko‘p. Ishonchim komilki, bu borada o‘z xohish va tanlovlaringiz paydo bo‘ladi, faqat birinchi qadamni bosish hamda kitob o‘qish va uning mazmunini idrok qilish uchun vaqt ajratish kifoya. Natijada siz vaqtdan ancha yutasiz. Chunki jiddiy sinovlardan g‘olib bo‘lib chiqqan kishilardan ta’lim olasiz. Yodda tuting: sizga birinchi navbatda bilim va tajriba zarur. Donolik uning shakllanishi uchun sharoit yaratganingizdagina paydo bo‘ladi. Boshidan boshlang va davomidan hayratga tushasiz. Donolik sizning shaxsiy yutug‘ingizga aylanadi.

QANCHA KO‘P BILSANG, BILIMLARING KAMLIGINI SHUNCHA YAXSHI TUSHUNASAN

Bugungi kuningni tushunishni istasang, kechagi kundan boshla.

    Perl Bak

Bir do‘stim tarixni o‘rganardi. U Ikkinchi jahon urushi voqealarini o‘rganishga ko‘p vaqt sarfladi. Unga endi bu borada katta mutaxassisga aylangani haqida gapirganimda, do‘stim shunday javob berdi: «O‘rganishda faqat ko‘p narsani bilmasligimni tushundim. Ikkinchi jahon urushi mazmunini tushunish uchun Birinchi jahon urushi voqealariga qaytish kerak. Shu sabab Birinchi jahon urushini o‘rganishga kirishdim va ishonchim komilki, uning sabablarini bilish uchun yanada chuqurroq kirishga to‘g‘ri keladi. Shu tarzda cheksiz davom etadi». Do‘stim haqiqiy olim bo‘lib chiqdi. Uning aytishicha, tarixni o‘rganishga qanchalik jon jahdi bilan mehnat qilmasin, hech qachon hamma narsani bila olmasligini tushunishga yordam berdi.

Do‘stimning qanchalik ko‘p narsani bilmasligi va har yangi ma’lumot yana boshqasini qidirishga undayotganligi haqidagi so‘zlari bir umrga yodimda qoldi. U hurmatga sazovor tarixchiga aylandi, ammo sizni ishontirib aytishim mumkinki, erishgan yutuqlarida to‘xtab qolgani yo‘q. Olimlik mehnati unga o‘rgatgan sabr hamon yosh bo‘lib qolishga, o‘zgalar ko‘zida qanchalik dono bo‘lmasin, yana yangi bilimlarni egallashga undamoqda. U abadiy tolibi ilmning ajoyib namunasi: unda har kuni yangi narsani o‘rganish imkoni paydo bo‘ladi.

Ba’zan biz muvaff aqiyatga erishishga shunchalik intilamizki, eng muhim narsalarni yoddan chiqaramiz. Faqat moddiy emas, balki ma’naviy qiymatlar ham muvaff aqiyatning asosi bo‘lishi lozim. Biz o‘z mamlakatimiz va boshqa davlatlar tarixi va madaniyatini bilishimiz, hech qachon «madaniy vakuum»da yashamasligimiz kerak.

Bir kishi «Tarixni bilmaslik xuddi daraxtdagi barg bo‘la turib, daraxtning bir qismi ekaningni anglamaslik» degan edi. Qiziq o‘xshatish, afsuski, ko‘pchilikka taalluqli. Biz ta’limimiz uchun o‘zimiz javobgarmiz, va bu faqatgina talabalarga taalluqli emas.

Sizningcha, men bu masalada o‘ta keskinmanmi? Siz haqsiz. Savodsizlikka bor-yo‘g‘i fe’l-atvorning bir xususiyati sifatida qarashlarida biror ma’ni ko‘rmayman. Har bir kunni shunday savol bilan boshlashimiz kerak: bugun qanday yangi narsani o‘rganish mumkin? Bu ongingizni yangi ma’lumotlar uchun ochib, aqliy kapitalingizni shakllantirishga yordam beradi. Bugun axborot barcha uchun erkin bo‘lgan bir sharoitda hayotingizni bilimlar yo‘qligi yoki kamligi bilan cheklashdan ma’ni ne?

Tarixni o‘rganish qiziq, sababi shunda biz ham tarixning bir bo‘lagi ekanimizni tushunib yetamiz. Tarix faqat o‘tmish emas, shu zamon va makonda sodir bo‘layotgan barcha hodisalardir. Agar hammasi qanday boshlanganini bilmasak, nimalar bo‘layotganini qanday tushunamiz? Dunyo siz tug‘ilgan kunda boshlanmagan va siz bilan birga o‘lmaydi. Ammo bu siz uning bir bo‘lagi emassiz degani emas.

Keling, daraxt bargi tashbehiga qaytamiz. Masalan, siz barg ekaningizni aniq bilasiz, ammo qaysi daraxtda ekaningizni bilolmaysiz. Men sizga aytsam bu qanday daraxtligini bilib olsangiz, yomon bo‘lmasdi. Bu qiyin emas. Xuddi «Shogird» shousida ishtirokchilar vazifaga kirishishdan avval kerakli ma’lumotlarni qidirishlariga o‘xshaydi.

Bir kuni yevropaliklar amerikaliklar o‘z ildizlarini bilmasliklari haqida gapirishdi. Shubhasiz, yevropaliklarning ildizi chuqur tarixga borib taqaladi va ularni aniqlash ancha oson, bizning ajdodlarimiz esa turli mamlakatlardan kelib chiqqan. Bu so‘zlar meni o‘ylantirib qo‘ydi va ular ko‘p borada haqliklarini tushundim. Onamning ajdodlari kelib chiqishi Shotlandiyaga borib taqaladi. Shu sababdan yaqinda u yerda bo‘ldim, u qoldirgan madaniy merosni o‘rgandim. Golfga bo‘lgan muhabbatim ham shundan bo‘lsa kerak – uni shotlandlar o‘ylab topishgan.

Menga bu mamlakat haqida yangi narsalarni bilish yoqishini angladim: bilimlar dunyoqarashim va ishbilarmonlik bilan bog‘liq qiziqishlarimni oshiradi. Shotlandiyaning Aberdinesida ajoyib golf maydoni quryapman. Mamlakatga borishdan va undagi odamlar va madaniyat bilan tanishishdan katta taassurot oldim. Albatta, men bilmagan narsalar hali ko‘p va bu, shubhasiz, o‘z ortidan qiziqarli voqealar va kelishuvlarga olib keladi.

Maslahatimni qulog‘ingizga iling, o‘ta bilag‘on bo‘lmang. Birinchidan, hamma narsani bilishning imkoni yo‘q. Ikkinchidan, qizig‘i yo‘q – sizga ham, boshqalarga ham. O‘z kengliklaringiz va ular bilan birga o‘z kapitalingizni cheklamagan holda, keng fikrlash zarurligini unutmang. Aynan shu katta muvaff aqiyatdir.

CHEMPIONLAR KABI FIKRLA

Inson o‘zi uchun tanlashi mumkin bo‘lgan eng yaxshi yo‘l – o‘zi qodir bo‘lgan eng yuqori natijaga erishishdir.

    Aristotel

G‘olib bo‘lib tug‘ilish ham, g‘olibga aylanish ham mumkin. Ta’riflardan biriga ko‘ra, g‘olib bu aniq ustunlikni namoyish qilayotgan kishidir. Boshqa ta’rifga ko‘ra, g‘olib bu musobaqada birinchi o‘rin olgan yoki asosiy mukofotni qo‘lga kiritgan kishi. Barchamiz olimpiya chempionlari to‘g‘risida eshitganmiz va ehtimol, televizorda ko‘rganmiz. Bu odamlarning aql bovar qilmas yutuqlariga baho berayotganimizda xayolimizga birinchi keladigani sanoqsiz mashqlar, qurbonlar va yutuqqa erishish uchun ular ko‘rsatgan jasorat keladi. Bu chempionlarga xos bo‘lgan xususiyatlarning bir nechtasi, xolos.

Bundan tashqari ular aql bovar qilmas natijalarga erishishni istashgan. G‘oliblar kabi fikrlaydigan kishiga «hamma kabi» bo‘lish to‘g‘ri kelmaydi. Chempionlar keng ko‘lamli fikrlaydilar. Keng ko‘lamli ishlaydilar.

Ular qat’iyatli va tartibli. Bu haqda o‘ylab ko‘ring: g‘oliblar chempionlar kabi fikrlaydi. Jek Jempsi[4 - Jek Jempsi – amerikalik bokschi, o‘ta og‘ir vazndagi jahon chempioni] aytganidek: «Chempion bu kuchi qolmaganda ham o‘rnidan turadigan insondir». Umid qilamizki, bu gap sizga ham taalluqli.

Ba’zan kunim juda og‘ir o‘tganida hayotim poygaga o‘xshashini va uning oxirigacha yetib olishga kuchim yetsa edi, deya o‘ylab qolaman. Bardoshni mashq qildirish mumkin, chunki mag‘lub sifatida qolib ketishni istamayman. Mashhur tennischi Billi Jin King shunday degandi: «G‘oliblar zimmalariga mas’uliyat oladilar. To‘p to‘r oralab men tomonga uchganida, ishonchingiz komil bo‘lsin: uni urishni istayman». Tennischi nima deyotganini tushunaman, chunki o‘zim ham shunday o‘ylayman.

Har yili «U.S. Open» o‘yiniga lojaga chipta olaman. Menga chempionlar g‘alaba tomon olg‘a intilishlarini tomosha qilish yoqadi. Har qanday sohada – sport, san’at va boshqalarda o‘z ishining ustalarini kuzata turib, ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Bu odamlarning barini yakdil fikrlash tarzi birlashtirib turadi: ular g‘oliblikka erishishni istashadi va eng yaxshi bo‘lishga intilishadi. Ikkinchi va uchinchi ham emas – faqat birinchi. Bu o‘ylab ko‘rishga arziydi. O‘ta iqtidorli kishilar mag‘lubiyatga uchrashganini ko‘rganman, fikrimcha, qalbining tubida ular g‘alabadan cho‘chishgan. G‘alaba mas’uliyatni talab etadi va chempionlar bu borada o‘sib boradilar. Qalbingizni taftish qiling va mas’uliyatni zimmangizga olish uchun tayyor va qodir ekaningizga ishonch hosil qiling. Agar qo‘lingizdan kelmasa, o‘z ustingizda ishlang. Mas’uliyatli bo‘la olish muvaff aqiyatning muhim qismidir.

Ko‘pchiligingiz golf o‘ynashimni bilasiz. Doim golf intellektual o‘yin ekanini aytaman va bu rost. U jiddiy texnik ta’minotni va ma’lum bir mahoratni talab etadi. Golfni befarqlik bilan o‘ynab, yaxshi natijani kutib bo‘lmaydi. Diqqat va sabr bilan o‘ynash kerak. Afsonaviy golf o‘yinchisi Bobbi Jons shunday degandi: «Golfda bir urishda faqat bitta zarba berish mumkinligi yangilik va hayron qolarli narsa emas, ammo buni tushunish uchun menga ko‘p yillar kerak bo‘ldi». Odatiy hayotda har kuni mashaqqat bilan ishlaganimiz, har soniya ishga chempionlik bilan yondashganimiz sababli g‘alabalarga erishamiz.

Keling, Aristotelning ushbu bobga epigraf sifatida tanlangan iborasiga to‘xtalib o‘taylik. Bu o‘z-o‘zini yuqori darajada tahlil qilishdir. Darhaqiqat, qodir bo‘lganingiz qadar yuqori natijaga intilish inson uchun eng yaxshi yo‘l. Oldimizga kichik maqsadlar qo‘yishdan ne naf? Biror marta yosh boladan katta bo‘lganida hech kim bo‘lishni istamasligi haqida eshitganmisiz? Yo‘q, go‘dak qalbi orzu va maqsadlarga to‘la, kamdan kam hollarda oddiygina istaklar bilan cheklanadi. Bolalar prezident, kosmonavt, olim va shifokor bo‘lishni orzu qilishadi. Ular to‘g‘ri fikrlaydilar. Xayolan o‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘ygan paytlaringizga qaytishga urinib ko‘ring. Har kim ham jahon chempioni bo‘la olmas, ammo har kim o‘zi qodir bo‘lgan eng yuqori natijaga intila oladi. Bu ilk qadam va har kunlik majburiyatdir.

Chempionlar har ishni o‘z kuchlaridanda ziyoda qilib bajaradilar. Hammamiz qachon yetarlicha ish qilganimizni-yu, qachon bor kuchimizni bag‘ishlaganimizni yaxshi bilamiz. Har kuni bor kuchingiz bilan ishlashga harakat qiling. O‘zingizga boshlash imkonini bermaganingiz sabab mag‘lub bo‘lmang. Mas’uliyat darajasi o‘ta kattadek tuyulgani uchungina muvaff aqiyatdan cho‘chimang. Diqqatni bir joyga jamlang va olg‘a! Oqilona harakat olib keladigan natijalardan hayron qolasiz. Aleksandr Grem Bellning[5 - Aleksandr Grem Bell – amerikalik va kanadalik olim, «American Telephone and Telegraph Company» kompaniyasi asoschisi, AQSh telekommunikatsiya sohasining rivojini belgilab bergan inson.] bir iborasini hech qachon unutmayman: «Hozir qilayotgan ishingizga butun diqqatingizni qarating. Quyosh o‘z nurlarini linzaning markazida yig‘mas ekan, hech nimani yondira olmaydi». Shuni yodda tuting, chempionlar kabi fikrlashni o‘rganing va chempionga aylaning.

O‘Z ISHIMGA SAN’AT KABI YONDASHAMAN

San’at – bu yolg‘on, ammo bu yolg‘on bizni haqiqatga yetishishga o‘rgatadi.

    Pikasso

Pikasso nafaqat buyuk rassom, balki yaxshigina tadbirkor ham bo‘lgan. U o‘z ishining qadrini bilgan va hech qachon bahonalar to‘qimagan. O‘zining hikoya qilishicha, kunlardan birida uning ustaxonasiga bir kishi kelib, suratlaridan birini tomosha qildi va so‘radi: «Bu surat qanday ma’noni anglatadi?». «Ikki yuz ming dollar», – javob berdi rassom. Bu mubolag‘asiz javob. Aniqki, Pikasso o‘z san’atini biznes sifatida ko‘rgan va bu asossiz emas. O‘z biznesimga san’at sifatida qarayman. O‘z ishingizga shunday yondashing.

Mana nima uchun san’at kishilari o‘z ideallariga, ilhom parisiga va detallaridagi mukammallikka sodiqligi bilan mashhur. Bu ajoyib fazilat. U kerakli natijaga erishish uchun yaxshi turtki bo‘la oladi. Yaqinda kutubxonalardan birida Betxovenning qo‘lyozmasi topildi. Unda shunchalik ko‘p chizgilar va tuzatishlar bor ediki, qog‘ozning ba’zi yerlari teshilay degandi. Bu ish kompozitor hayotining so‘nggi yillariga to‘g‘ri keladi. Demakki, bu paytda u musiqa yozishda tajribasiz emas edi. Bu buyuk inson – faqat eng yaxshi ishni yaratishga intilgan perfeksionistning ishlashi edi. Unga hech kimning tasdig‘i kerak emas – faqat o‘ziniki yetarli edi. Bu biznesmen uchun ham, musiqachi uchun ham ishga yondashishning ajoyib usuli.

Eng yaxshi natijaga erishish uchun o‘zingizdan ham o‘zishga harakat qiling.

Tadbirkorlarning fikrlash tarzi shunday: raqobat ularning darajalarini pasaytirishi mumkinligini biladilar. Qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, bu – haqiqat. Qarashlaringizda sobit bo‘ling. Pikasso, shubhasiz, har narsada o‘z qarashiga ega edi. O‘ziga xos shaxs bo‘lishdan cho‘chimang.

Keling, Pikassoning san’at yolg‘onligi haqidagi so‘zlariga qaytamiz. Bir tomondan qaraganda, san’at ko‘pincha murakkabni soddalashtiradi. Polotnoga rang berish qiyinmi? O‘ylab qarasak, unchalik ham qiyin emasdek. Ammo bundan nima paydo bo‘ladi? Matoga bo‘yoqni alohida usulda surish ancha mushkul, ayniqsa, natijasi qanday chiqishi kerakligini bilsang. Birinchi kitobim «Kelishuvlarga erishish san’ati»ni aynan shu sababdan shunday ataganman. Biznesga aloqasi bo‘lgan har kim muzokaralar o‘tkazish va kelishuvni imzolash katta tayyorgarlik talab etishini biladi, bu tayyorgarlikni qanday bajarishimni hech kim ko‘rmaydi, ammo buni qilmayman degani emas. Mehmonlar «Trump Tower»dagi sof marmarga qaraganlarida hashamatdan ko‘zlari qamashadi, ammo odatda bu yuksaklikka shaxsan mening qancha mehnatim ketganini bilishmaydi ham. Go‘zallik yoki san’at talab etadigan ter, qon va ko‘zyoshlar hech kimni qiziqtirmaydi. Faqat natijagina muhim.

San’at reprezentativdir. Boshqacha qilib aytganda, bu hayotning o‘zi emas, in’ikosidir. San’at turmush tashvishlari bizdan to‘sib qo‘ygan haqiqatni ko‘rsatishi mumkin. U bizga o‘z aksimizni ko‘rsatadi. Kelishuvlarim – tadbirkor sifatidagi topqirligimning aksidir. Rassom kabi serqirra, keng ko‘lamli yondashuvga intilaman. Ushbu yondashuvni o‘zingizga qurol qilib oling va tez-tez foydalaning. Nima bilan shug‘ullanishingizdan qat’i nazar bu sizga ko‘p narsalarni o‘rgatadi.

Quruvchining ishi – bir paytda ham hunar, ham san’atdir, bundan kamiga rozi emasman. «Trump Tower»ni qurishda kamyob marmar turidan foydalanishga majbur emasdim, ammo sifatdagi farq yaqqol bilinishini tushunardim. Shu sababdan o‘z ishimni san’at deb bilaman, deganimda ishonchingiz komil bo‘lsin. Rassom bo‘yoqlar va umumiy tasvir borasida qanchalik injiq bo‘lsa, men ham shundayman. Agar siz ham shunday yo‘l tutsangiz, o‘ylaymanki, yangi darajangiz o‘zingizni ham hayratga soladi.

O‘zingizga yuksak baho bering. Hayot – bu san’at, tadbirkorlik ham. Shunday ekan, bir rassom kabi nimalarga qodir ekaningizni ko‘rsating.

TIZIMLI FIKRLASHNI O‘RGANING

Men bugun kechagidan ko‘ra aqlliroq bo‘lmagan kishi haqida yaxshi fikrda bo‘la olmayman.