banner banner banner
Jilg‘a navolari
Jilg‘a navolari
Оценить:
 Рейтинг: 0

Jilg‘a navolari

Kimning qalbi to‘la hijron.
Kimlar shodon, kimlar giryon,
Yashamoqning o‘zi armon.

Ko‘ksim to‘la armon bo‘lsa,
Quvonchlarni qanday yozay.
Do‘stim kulib sirim sotsa,
Yana qanday she’rlar yozay?

Quvonchliroq chiqsin deysiz,
Shodlik ulab bergandayin.
Qo‘yib bersam g‘ajib yeysiz,
O‘sha sotqin g‘animdayin.

Xurramlikda she’rlar bitsam,
Yoqmaydi-ku bu ham sizga.
Har misrada sevdim desam,
Deysiz, izhor qaysi qizga?

Asli dardi-alamlarim
Faqat menga tegishlimas.
Barcha do‘st-u g‘animlarim,
Tegishlisin olsalar bas.

Bu dunyoga nechun keldik,
Bir ezgulik qilolmasak.
Qayga shoshib, qayga yeldik,
O‘zligimiz anglolmasak.

Medan sira ranjimang, xo‘p,
Oqqan daryo oqaverar.
Bu dunyoda shoirlar ko‘p,
Xohlaganin yozaverar.

SEVGISIZ YURAK

Hasratim qog‘ozni bo‘yar chog‘ida,
Qaddimni qadrdon bukar dog‘ida.
Entikkan ovozni ko‘ngil bog‘ida
Kim ham bilar edi o‘zingdan bo‘lak.
Xasta bo‘lib qoldi sevgisiz yurak…

Tuhmat balolari yog‘ilsa boshga,
G‘animim kuldilar tuflab bardoshga.
Qo‘limni urganim pishmagan oshga
Kim ham bilar edi o‘zingdan bo‘lak,
Asta urib qoldi sevgisiz yurak…

Dardimni bilmaydi o‘zga birovlar,
Sabrimni sinaydi kuzda qirovlar.
Seni deb qon yutib yurganim ular
Qaydan bilar edi o‘zingdan bo‘lak.
Xasga o‘xshab qoldi sevgisiz yurak…

Sen o‘zing muhabbat, sen o‘zing hamdard,
Xasta yuragimning ko‘zyoshlarin art,
Ikki dil ishqimiz hanuz haqiqat
Ekanin kim bilar o‘zingdan bo‘lak,
Dasta gulga o‘xshar sevgisiz yurak.

Nigohing yashirgan unsiz dard ichra
Dardisar-devona, oshig‘ingdirman.
Nogahon uchirgan qoshlaring uzra
Bir parvona oshiq-mashug‘ingdirman.

Biroq, hech kim bilmas o‘zingdan bo‘lak,
Asta kuyib yashar sevgisiz yurak.

ZARB URMOQDALAR

Hech kimim yo‘q sodda onamdan bo‘lak,
Bo‘lsa hamki hamdard xokisor tuproq.
Ammo bu yurakda nolamdan falak
Faryod urar go‘yo qalamdan ko‘proq.

Har kimning ming dardi o‘ziga ayon,
Kimlar fitna bilan kun ko‘rmoqdalar.
Achchiq haqiqatni aylasam bayon,
Zimdan bolta bilan zarb urmoqdalar.

Nechun yashayapmiz dunyoda hayhot,
Do‘stman deb qo‘ymasa ko‘zing ochgani.
Ha, majbur bo‘layapti o‘tkinchi hayot
Oqibat o‘rniga qahr sochgani.

Hayot ne karomat ko‘rsatar hali,
Man-man deganlarni xo‘p sinar hali.
Xiyonat, malomat yog‘dirgan mahal
Fursat ham yetmaydi tavba qilgali.

Kel-chi, bir sarhisob qilaylik, ey do‘st,
Umrimiz so‘ngida ne qolar bizdan.
Kelajakka xitob bo‘laylik, kel, do‘st,
Tarixlar anglasin biz bosgan izdan.

Menda hech vaqo yo‘q qalamdan bo‘lak,
So‘rsa holimdan shul hol so‘rmoqdalar.
She’r bahona bir oz g‘amzada yurak,
Faryod chekib yana zarb urmoqdalar.