banner banner banner
Jilg‘a navolari
Jilg‘a navolari
Оценить:
 Рейтинг: 0

Jilg‘a navolari

Munis, mushfiq onajonim.

Uyimning siz nur chirog‘i,
Qalb qo‘rimning dur ardog‘i,
Ta’rifingiz yo‘q adog’i,
Mehribonim onajonim.

Siz borsizki obod uyim,
Saramjon-u sarishtam siz.
Fayzli o‘tar siz-la to‘yim,
Nurday oppoq farishtam siz.

Siz – suyangan ulkan tog‘im,
Ham muqaddas sajdagohim.
Men sig‘ingan ulug‘ zotim,
Mehribonim onajonim.

Izlaringiz tavob aylab,
Madh etayin dunyo bo‘ylab,
Nevaramga ertak so’ylab
Yashayvering mehribonim.

Xizmatingiz qilay doim,
Siz ko‘kdagi tanho oyim.
Soir bolam degan oyim,
Mushfiqqina onajonim.

OTA-ONA G‘ANIMAT

Ota-ona mo‘tabar zotdir,
Yaratgandan u bir inoyat.
Duolari har nega qodir,
Ammo biling, u ham hidoyat.

Ikki jonni dildan ardoqlab,
Imkon qadar qo‘lin silaylik.
Har tong kulib, holin so‘roqlab,
Izlarin to‘tiyo qilaylik.

Bu hayotning tashvishlaridan,
Mayli, cho‘l-u sahro kezaylik.
Qalqib turgan ko‘z yoshlaridan
Mehr suvin qonib ichaylik.

Ular andak horiganida,
Belga kuch-u quvvat bo‘laylik.
To‘qson yoshda qariganida,
Ko‘ziga nur, savlat bo‘laylik.

Ota-ona hayotligi ham,
Ey do‘stlarim, biling, g‘animat.
Shu borada tebratdim qalam,
Bu dunyoga hamma omonat.

Ha, do‘stlarim, dunyo omonat,
Omonatdir hatto mol-davlat.
Gar bilsangiz bu ham saxovat,
Ota-ona bizga inoyat.

TILNI TIYING

Avvalo aytay uzrim
Kelin, singil, qizimga,
Og‘ir botsa gar so‘zim
Aytavering yuzimga.

Maslahatim, singiljon,
Begingiz aziz biling.
Shirin til bilan har on
Doim hurmatin qiling.

Desangiz ahil turmush,
Yor ko‘ngliga yo‘l toping.
Bo‘lmaydi janjal, urush,
Aybin xaspo‘shlab yoping.

Yoddan chiqmasin har on
O‘zingizga zeb berish.
Farang atrin sepibon
Kamon qilib qosh terish.

Yarashadi sizlarga,
Mayli siz kimhob kiying.
Maslahatim har qizga,
Faqat siz tilni tiying.

Ko‘p narsa so‘ramaymiz,
Faqat sizdan iltimos:
Shirin so‘z, odobingiz
Ra’nolarga bo‘lsin xos.

Siz bilsangiz, erkakka
Biroz kerak e’tibor.
Yo‘l topsangiz yurakka,
Bo‘lamiz biz xizmatkor.

Der ayol bersa mehrin,
Tosh ham erib ketadi.
Sochib tirsa gar zahrin,
Yolg‘iz bo‘lib o’tadi.