banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


Tuturiqsiz matbuot kulgi ostiga olganiga qaramay, bahaybat maxluq yana suv yuzasiga qalqib chiqdi va hayajonlangan xayolot yana birin-ketin g‘oyat afsonaviy farazlarni to‘qiyverdi.

Nyu-Yorkda ko‘pgina kishilar mendan hammani hayajonlantirayotgan shu masala yuzasidan o‘z mulohazalarimni aytib berishimni so‘rashdi. Fransiyadan ketishimdan biroz oldin «Okean tubining sirlari» nomli ikki tomlik kitobimni chiqargan edim. Ilmiy jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olingan bu kitob menga birmuncha kam o‘rganilgan tabiiyot tarixi sohasida mutaxassis degan nom olish huquqini berdi.

Mendan o‘z fikrimni aytishimni qat’iy iltimos qila boshlashdi. Turli bahonalar bilan men bundan bosh tortib yurdim. Ammo «Nyu-York axboroti»ning qaysar reportyorlari hol-jonimga qo‘ymagach, gazetxonlarga okeandagi g‘aroyib voqealar haqidagi mulohazalarimni aytib berish uchun va’da berishga majbur bo‘ldim.

Mana, nihoyat 30-aprelda gazetada professor Pyer Aronaksning batafsil maqolasi chiqdi va unda bahaybat maxluq haqidagi masala har tomonlama yoritilib, ma’lum bo‘lgan barcha faktlar ilmiy nuqtayi nazardan baholandi.

Shu maqoladan parcha keltiraman:

«Shunday qilib, – deb yozdim men ilgari surilgan barcha taxminlarni birma-bir keltirib, – aqlga sig‘adigan boshqa biror taxminga asoslana olmasligimiz tufayli, bahaybat maxluqni juda kuchli dengiz hayvoni deyishdan bo‘lak ilojimiz yo‘q.

Juda chuqurlikdagi okean hayoti bilan biz mutlaqo tanish emasmiz. Hech qanaqa burg‘i hali u yerga yetgani yo‘q. Bu tubsiz chuqurlikda nimalar bo‘lyapti? U yerda qanday mavjudotlar yashayapti, dengiz sathidan o‘n ikki-o‘n besh ming metr chuqurlikda[11 - Okeanning eng chuqur yeri 10000 metrdan ortiqroqdir (Tinch okeanda); 12000–15000 metr chuqurlik esa yo‘q.] qanaqa mavjudotlar yashay oladi? Bu mavjudotlarning tuzilishi qanaqa? Bu haqda hatto biror taxmin ham aytish qiyin.

Bu masalani ikki yo‘l bilan yechish mumkin: yo yer yuzidagi barcha mavjudotlar bizga ma’lum, yoki ulardan faqat ayrimlari ma’lum.

Bordi-yu, planetamizda yashayotgan barcha mavjudotlarni bilmasak, tabiatning hali bizga noma’lum sirlari bo‘lsa, unda baliq yoki dengiz sutemizuvchilarining juda chuqurlikda o‘z qonun-qoidalari bilan yashayotgan va bizga ma’lum bo‘lmagan turlari va nasllari borligini inkor etishga asosimiz yo‘q. Bunday mavjudotlar okeanning tadqiqotchilar yeta olmaydigan quyi qatlamlarida yashashlari va biror noma’lum ta’sir ostida yoki hech qanday sababsiz vaqt-vaqti bilan suv sathiga suzib chiqishlari mumkin.

Aksincha, bordi-yu, tirik mavjudotlarning barcha turlari bizga ma’lum bo‘lsa, unda biz o‘rganayotgan bahaybat maxluqni turkumlarga ajratilgan dengiz hayvonlari qatoriga qo‘shmog‘imiz kerak. Bunday taqdirda men juda ulkan narval[12 - Narval – kitsimon sutemizuvchi yakkashox dengiz hayvoni. Urg‘ochi narvallarning chap jag‘ining yuqori qismida katta qoziq tishi bo‘ladi.] mavjud degan fikrni ilgari surardim.

Oddiy narvalning bo‘yi ko‘pincha o‘ttiz futga yetadi. Ana shu uzunlikni beshga, o‘nga ko‘paytiring, uning kattaligiga qarab qoziq tishida qancha kuch bo‘lishi mumkinligini chamalang va shunda sizni tashvishlantirayotgan jumboqqa javob olasiz. Bu hayvon «Xanaan» ofitserlari aytgan hajmga teng keladi, qoziq tishlari «Shotlandiya» korpusidagiday shaklda tesha oladi, uning paroxodni okean tubiga cho‘ktirishga yetarli kuchi ham bo‘ladi.

Chindan ham narvalning o‘ziga xos qoziq tishi, yoki ayrim tabiatshunoslarning tili bilan aytganda, alebardasi bor. Bu alebarda po‘latdek qattiq bo‘ladi. Ana shunday alebardalarni narvallar bilan jangda ko‘pincha mag‘lubiyatga uchraydigan kitlarning tanasidan bir necha marta topib olishgan. Bir yonidan kirib, ikkinchi tomonidan teshib chiqqan ana shunday alebardalarni yog‘och kemalarning korpusidan mashaqqat bilan sug‘urib olishgan.

Parijdagi meditsina fakultetining muzeyida uzunligi ikki-yu chorak metr keladigan alebarda bor. Bu alebarda o‘zak tomonining yo‘g‘onligi qirq sakkiz santimetr.

Shunday qilib, oddiylaridan o‘n baravar katta va juda ulkan alebarda yoki qoziq tishli narvalni ko‘z oldimizga keltiramiz, soatiga yigirma dengiz milyasi tezligida yura oladi, deb faraz etamiz, uning jismini tezligiga ko‘paytiramiz, ana shunda u bilan to‘qnashgan har qanaqa kemaning ham halokatga uchrashi sizni taajjublantirmaydi!

Pirovardida shuni aytmoqchiman: hozircha boshqa batafsilroq ma’lumotlar yo‘q ekan, men bu bahaybat maxluqni oddiy alebardali emas, balki usti po‘lat bilan qoplangan, kemaday mustahkam va kuch-quvvatda ham undan qolishmaydigan haqiqiy taranli narval deb hisoblayman!

Bu kamdan kam uchraydigan g‘aroyib voqeani… agar u darhaqiqat chin bo‘lsa, faqatgina shunday izohlash mumkin. Buning o‘zi hali tadqiq etishga muhtojdir».

Ana shu so‘nggi ibora qo‘rqoqlik orqasida yozilgan: men buni olimlik mavqeyimni saqlash va amerikaliklar oldida kulgi bo‘lishga turtki bermaslik uchun yozdim. Shunday qilib, men bu bilan o‘zimni oqlash chorasini topib qo‘ygan bo‘lsam ham, ammo bahaybat maxluqning mavjudligiga hech qanday shubham yo‘q edi.

Mening maqolam keng tarqalib, katta shovshuvlarga sabab bo‘ldi. Hatto unga bir qancha tarafdorlar ham to‘plandi. Jumboqni hal etmoq uchun unda keltirilgan dalillar tasavvur qilib ko‘rishga katta imkoniyat berdi. Odamlar g‘ayritabiiy narsalarni o‘ylashni yaxshi ko‘rishadi. Dengiz esa, darhaqiqat, juda ulkan mavjudotlarning o‘sishi uchun sharoit yaratib bera oladigan birdan bir qulay muhitdir. Yerdagi fil va karkidon singari yirik mavjudotlar ular oldida arzimagan gap. Sutemizuvchilarning kit singari eng yirik namunasi ham dengizda yashaydi. Nega endi o‘sha yerda bahaybat molluskalar, uzunligi yuz metr keladigan dahshatli qisqichbaqasimon omarlar yoki har birining vazni ikki yuz tonnagacha yetadigan qisqichbaqalar yashashi mumkin deb faraz qilmas ekanmiz. Oldingi geologiya davrlarida to‘rt oyoqlilar, to‘rt qo‘llilar, qushlar va o‘rmalovchilar juda ulkan bo‘lganlar. O‘n yillar, yuz ming yillardan keyingina ular hozirgi hajmgacha kichrayganlar.

Yer qatlami doimiy o‘zgarishda bo‘lib tursa-yu, shu davr mobaynida dengiz tarkibi o‘zgarishsiz qolsa, nega endi unda hayvonot olamining oldingi geologik davrlardan namunalar saqlanib qolmas ekan?! Nega endi dengiz o‘z qa’rida umrlari yillar bilan emas, balki asrlar yoki ming yillar bilan o‘lchanadigan ana shu dastlabki bahaybat mavjudotlarning so‘nggi namunalarini saqlamagan bo‘lsin?

Sirasini aytsam, shirin xayolga berilib ketdim. Lekin bu haqda boshqalarga nisbatan kamroq o‘ylardim.

Yana qaytaraman, bu ajoyib hodisaning tabiati to‘g‘risida boshqa bahs-munozara bo‘lmadi. Jamiyat ertaklardagi dengiz ilonlariga sira aloqasi bo‘lmagan qandaydir juda katta hayvonning borligiga ishondi.

Biroq ba’zilarga bu masala ilmiy nuqtayi nazardan qiziq bo‘lib ko‘rinsa, okean kemalarining xavfsizligidan manfaatdor inglizlar va amerikaliklar oldida dengizni bu xavfli maxluqdan tezda xoli etish uchun zarur choralar ko‘rish masalasi turar edi.

Moliya va savdo masalalari bilan shug‘ullanuvchi matbuot endi bahaybat maxluq bilan bog‘liq bo‘lgan masalaga faqat shu nuqtayi nazardan yondasha boshladi. «Dengiz sharhlovchisi», «Lloyd gazetasi», «Paketbot», «Dengiz savdosi gazetasi» kabi katta ziyon ko‘rish xavfi tug‘ilib turgan sug‘urta jamiyatlarining mana shu barcha matbuot organlari bahaybat maxluqqa qarshi shafqatsiz urush e’lon qilishni yakdillik bilan talab eta boshladilar.

Jamoatchilik, birinchi navbatda shimoliy amerikaliklar fikri sug‘urta jamiyatlari tomonida edi. Nyu-Yorkda narvalni ovlash uchun ekspeditsiya tayyorlay boshladilar. Bu ekspeditsiya uchun tezyurar «Avraam Linkoln» harbiy kemasini shaylashga qaror qilindi.

Harbiy qurol-yarog‘lar tayyorlanadigan barcha yerlarning eshiklari, qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin, tezroq suzib ketishga harakat qilayotgan shu kema komandiri kapitan Faragut uchun keng ochib qo‘yildi. Ammo shunday paytlarda odatdagiday, maxluqni qidirib borishga qaror qilingan zahoti aksiga olib, u ko‘rinmay ketdi. Ikki oy davomida u haqda hech kim hech nima eshitmadi. Bironta kema uni uchratmadi. go‘yo narval unga qarshi yurish boshlanishini sezganday edi. Atlantik okeani suvosti kabellari orqali shu qadar ko‘p gapirildiki!.. Hazilkashlar mug‘ambir narval juda ko‘p telegrammalardan birini olib, shosha-pisha iniga kirib ketdi, deb kulishdilar.

Shunday qilib, harbiy kema safar hozirligini ko‘rib, g‘ayrioddiy ovga zarur anjomlar bilan jihozlanib bo‘lganda, kapitan qayoqqa qarab yurishni bilolmay hayron edi.

Hammaning sabr kosasi to‘lay deb turganda, San-fransisko va Shanxay oralig‘ida qatnaydigan kema bundan qariyb uch hafta muqaddam maxluqni Tinch okeanning shimoliy qismida uchratgani haqida xabar tarqalib qoldi. Bu xabar juda katta taassurot qoldirdi. Kapitan Faragutga safarni loaqal bir kunga ham kechiktirishga ruxsat berishmadi. Oziq-ovqat kemaga ortilgan, tryumlar ko‘mir bilan liq to‘la, komanda sostavi shay. O‘txonani yoqib, bug‘ hosil qilish-u, langarni ko‘tarib jo‘nab ketish qolgan edi, xolos.

Kapitan Faragut hatto yarim kungina kechikkanda ham uni hech kim kechirmas edi. Sirasini aytganda, uning o‘zi ham yo‘lga oshiqardi.

«Avraam Linkoln» kemasining jo‘nab ketishiga uch soat qolganida menga quyidagi mazmundagi maktubni topshirishdi:

«Janob professor Aronaksga.

«Beshinchi avenyu» mehmonxonasi, Nyu-York.

Muhtaram janoblari!

Agar siz «Avraam Linkoln»dagi ekspeditsiyaga qo‘shilishga rozi bo‘lsangiz, Qo‘shma Shtatlar hukumati Fransiya Siz orqali ushbu tashabbusga qo‘shildi, deb mamnun bo‘lur edi. Kapitan Faragut Sizga alohida kayuta ajratib beradi.

Sizga astoydil ixlosmand dengiz ministri D.B. Gob-son».

Uchinchi bob

«XO‘JAM ShUNI ISTASALAR»

Dengiz ministrining xatini olishimdan uch sekund oldin men Shimoli-g‘arbiy muzliklar[13 - Atlantik okeandan Tinch okeanga Amerika qit’asining shimoliy qirg‘oqlari yonidan o‘tadigan yo‘l.] orqali o‘tish to‘g‘risida qanchalik o‘ylagan bo‘lsam, narvalni qidirib borish haqida ham shunchalik bosh qotirayotgan edim. Xatni olganimdan keyin oradan uch sekund o‘tgach, mening chinakam vazifam, hayotimning yagona maqsadi ana shu xavfli bahaybat maxluqni qidirib borish va insoniyatni undan xalos etish ekanligini tushunib yetdim.

Ayni vaqtda men endigina og‘ir safardan qaytib, juda charchagan, dam olishim zarur edi. Vatanimga, yor-do‘stlarim huzuriga, Botanika bog‘i yonidagi kichkina uyimga, o‘zimning qimmatli va bebaho kolleksiyalarimga qaytish orzusida edim. Biroq meni hech nima to‘xtata olmadi. men hamma narsani – charchoqni, yor-do‘stlarimni ham, kolleksiyalarimni ham unutdim va hech ikkilanmay Amerika hukumatining taklifini qabul etdim.

«Buning ustiga, – deb o‘yladim men, – hamma yo‘llar Yevropaga olib boradi, binobarin, narval ham meni Fransiya sohillariga yetaklasa ajab emas. Bu katta o‘lja Yevropa dengizlarida qo‘lga tushib qolsa bormi?! O‘shanda uning qoziq tishidan loaqal yarim metrini Parijdagi tabiiyot tarixi muzeyiga olib borardim!»

Ammo hozircha narvalni Tinch okeanning shimoliy qismida qidirishga to‘g‘ri keldi. Bu Fransiyaga qaytish uchun butun dunyoni aylanib chiqishim kerak, degan gap.

– Konsel! – deya qichqirdim men sabrsizlik bilan.

Konsel mening xizmatkorim. U safar vaqtida hamisha menga hamroh. Bu flamandiyalikka ixlosim juda baland. O‘z navbatida u ham menga shunchalik ixlosmand. U tabiatan sovuqqon, beg‘amroq, xushfe’l, og‘ir-vazmin, mo‘min-ma’qul va tirishqoq; turmushda bo‘lib turadigan mayda-chuyda tasodiflarga ortiqcha e’tibor berib o‘zini diqqat qilavermaydigan, hamma ish qo‘lidan keladigan, hamisha ishga tashna odam. Ismi jismiga monand emas[14 - So‘z o‘yini. «Konsel» (consiel) – fransuzcha maslahat degani.]. Iltimos qilishganda ham hech kimga maslahat bermaydi.

Konsel mening kichkina uyimga kelib turadigan olimlar davrasida muttasil bo‘lganidan, talaygina narsalarni o‘rgandi, tabiiyot fani tasnifi sohasida mutaxassisga aylandi. Butun bo‘limlar, guruhlar, sinflar, sinfchalar, turkumlar, oilalar, nasllar, turlar va turchalar narvoniga akrobatlarcha chaqqonlik bilan chiqib tusha olardi. Biroq uning butun bilimi ana shuning o‘zidangina iborat edi. Turlarga bo‘lish nazariyasini yaxshi bilardi-yu, amaliy bilimdan juda uzoq edi. Nazarimda u tashqi ko‘rinishdan kitni kashalotdan ajrata olmasdi.

Shunga qaramay u ajoyib odam!

O‘n yil davomida Konsel butun ilmiy ekspeditsiyalarda men bilan birga bo‘ldi. Men biron marta uning safar cho‘zilib ketdi yoki charchadim deb noliganini eshitmasdim. Konsel istagan daqiqada, qaysi mamlakat bo‘lmasin – Xitoymi yoki Kongomi surishtirmay, hech narsadan cho‘chimay ketaverardi.

Uning salomatligi juda yaxshi. Bundaylar hech qanaqa kasallikdan qo‘rqmaydilar. U mushaklari baquvvat, asablari metin bir odam edi.

Konsel o‘ttiz yoshda edi. Uning yoshi xo‘jayinning yoshiga o‘n beshning yigirmaga nisbatiday gap. Qirq yoshimni shu qadar murakkab majoziy yo‘l bilan bildirganim uchun uzr.

Konselning bir kamchiligi bor edi. U ashaddiy rasmiyatchi, men bilan doim uchinchi shaxsda gaplashardi. Shunday kezlarda ko‘pincha yuragim toshib ketardi.

– Konsel! – yana chaqirdim va ayni vaqtda shosha-pisha safar hozirligini ko‘ra boshladim.

Konselning menga haddan tashqari sodiqligiga imonim komil edi. Odatda men safarga chiqish oldidan hech qachon uning roziligini so‘rab o‘tirmas edim, ammo bu gal ekspeditsiyaning qancha cho‘zilishi ham ma’lum emas, buning ustiga bu ish xavfli edi. Kemani pista po‘chog‘iday to‘ntarib tashlashga qurbi yetadigan maxluqning izidan borish hazilakam gap emas! Dunyodagi eng og‘ir-vazmin odam ham bir o‘ylab ko‘rardi. Ammo Konsel nima derkin?