banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


Tauka bunga bo‘ysungisi kelmadi – u ikki oyoqlab turar, qattiq pishqirardi. Egasi esa uni sekin yurishga majbur qilishdan ko‘ra ko‘proq gap tushuntirar, erkalatardi. Axir Talkav ot bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘zlashardi-da, Tauka unga javob bermasa ham, lekin egasining hamma gapiga tushunardi. Patagoniyalikning dalillari juda muhim bo‘lsa kerak, Tauka birpas «bahslashib» olgach, har qalay xo‘jayinining nasihatlariga ko‘nib, unga bo‘ysundi, ammo hali ham so‘liqni chaynab borardi.

Ammo Tauka Talkavning maqsadiga tushunganidek, Talkav ham o‘z otining nima uchun bunchalik sabrsizlik qilayotganini tushundi. Aqlli jonivor havoda namlik belgilari borligini sezgan edi; ot ochko‘zlik bilan havoni yutar, go‘yo hayotbaxsh suvga tiqmoqchi bo‘layotgandek tilini chiqarib tamshanardi.

Patagoniyalik suvning yaqinligini angladi. U hamrohlariga Taukaning bezovta bo‘layotganini aytib, ularning ko‘nglini ko‘tardi. Ko‘p o‘tmay, qolgan ikkala ot ham suvning yaqinligini sezib qoldi va oxirgi kuchini yig‘ib, Taukaning ketidan chopib ketdi.

Soat uchlarda uzoqdan suv ko‘rindi. U quyosh nurida jimirlab oqib yotardi.

‒ Suv! – deb qichqirdi Glenarvan.

‒ Ha, suv, suv! – deb qichqirdi Robert.

Endi otlarni qistashning hojati qolmadi. Suvning yaqinligini ko‘rib bechora jonivorlarning kuchlariga kuch qo‘shildi. Ular bir necha minutda Guamini daryosiga yetib bordilar va ko‘kragigacha suvga botib, yutoqib suv icha boshladilar. Otlari bilan daryoga tushib ketgan sayohatchilar ulardan o‘rnak olib, suvga sho‘ng‘idilar, bunga hech kim xafa ham bo‘lmadi.

‒ Oh, qanday maza-ya! – deb qichqirdi daryoning o‘rtasida rohat qilib suv ichayotgan Robert.

‒ Ko‘p suv ichma, Robert, – dedi Glenarvan, ammo o‘zi bunga amal qilishni xayoliga ham keltirmadi.

Hamma ham shoshib-pishib, yutoqib suv ichardi. Faqat Talkav shoshmay, xotirjamlik bilan, patagoniyaliklar tili bilan aytganda, «lassodek uzun-uzun» yutimlar bilan shimirib suv ichardi. U suvdan sira bosh ko‘tara olmasdi, unga qarab turib, daryoning hamma suvini ichib yuborsa-ya, deb cho‘chib ketish mumkin edi.

‒ Do‘stlarimizning umidi puchga chiqmaydigan bo‘ldi, – dedi Glenarvan. – Guamini daryosiga yetib kelishgach, ular istagancha toza suv icha oladilar, lekin Talkav daryoni quritib qo‘ymasa bo‘lgani.

‒ Ularga peshvoz chiqsak bo‘lmaydimi? – deb so‘radi Robert. – Bu bilan biz ularni bir necha soat bekorga tashvish tortishdan va suvsizlik balosidan xalos qilgan bo‘lardik.

‒ To‘g‘ri, o‘g‘lim, shunday qilsak yaxshi bo‘lardi, lekin suvni nimada olib borasan? Meshlarimiz Vilsonda qolgan-ku. Yo‘q, yaxshisi, shartimizga binoan shu yerda kuta turamiz. Ular bosib o‘tadigan masofani, buning ustiga, otlarning oyog‘iga qarab kelishlarini nazarga olsak, bu yerga faqat kechasi yetib keladilar. Shuning uchun ularga yaxshi ovqat bilan yotar joy tayyorlab qo‘yaylik.

Talkav Glenarvanning taklifini kutmay, tunash uchun joy axtarib ketdi. U daryo bo‘yidan bir ramada – uch tomoni devor bilan to‘silgan molqo‘ra topdi. Ochiq havoda yotishdan qo‘rqmaydigan odamlar uchun ramada juda yaxshi joy bizning sayohatchilar esa bundan qo‘rqmas edilar. Shuning uchun ular bundan ham yaxshiroq boshqa joy axtarib o‘tirmay, ho‘l bo‘lib ketgan kiyim-kechaklarini oftobda quritish maqsadida yerga yonboshladilar.

‒ Tunashga joy topdik, – dedi Glenarvan. – Endi faqat qorinning g‘ami qoldi. Bizni ilgari yuborgan o‘rtoqlarimiz mamnun bo‘lishlari kerak, agar yanglishmasam, ularni xafa qilmaymiz ham. Biror soat ov qilsak, vaqtimiz bekor ketmas deyman. Tayyormisan, Robert?

‒ Tayyorman, ser, – dedi bola, miltig‘ini ko‘tarib o‘rnidan turar ekan.

Glenarvanning miyasiga ov qilish fikri kelganiga sabab, Gaumini daryosining sohili atrofdagi butun qirlarda uchraydigan hayvon va qushlarning to‘planadigan joyiga o‘xshardi. Pampaslarda bo‘ladigan qizil kakliklarning bir turi – tinamular, qora chillar, sariq qiziloyoqlar va chiroyli ko‘kish patli suv tovuqlari gala-gala bo‘lib uchib yurardi.

Lekin atrofda to‘rt oyoqli hayvonlar ko‘rinmasdi. Talkav, ular naryoqda deganday, baland o‘sib yotgan o‘tlar va qalin o‘rmon tomonni ko‘rsatdi. Ovchilarimiz bir necha qadam bosishlari bilanoq hayvonotga boylikda dunyoda tengi yo‘q bir joyga yetib bordilar.

Ular parrandadan oldin bir-ikkita to‘rt oyoqli hayvon otib olmoqchi bo‘ldilar: shuning uchun dastlab pampaslarning yirik jonivorlaridan ov qildilar. Ular qarshisidan cho‘chib ketgan yuzlab kosul va guanakolar chiqib qoldi, bu guanakolar Kordiler tog‘ida sayohatchilar ustiga bostirib kelgan guanakolarga o‘xshardi. Ammo bu qo‘rqoq jonivorlar shunday tez qochib qoldilarki, ularga o‘q yetadigan masofada yaqinlashishning iloji bo‘lmadi. Shundan keyin ovchilar parranda otishga kirishdilar. Qushlar guanakolarday hurkak emas, buning ustiga go‘shti ham juda lazzatli bo‘ladi. O‘n ikkita qizil kaklik bilan qiziloyoq otdilar, bundan tashqari Glenarvan ustalik bilan o‘q uzib, bitta tai-tetr ham otib oldi. Juni sarg‘imtir, eti qalin bo‘ladigan bu jonivorning go‘shti juda shirin, shuning uchun unga ketgan poroxga achinmasa ham bo‘lardi.

Ovchilarimiz yarim soatga ham qolmay hech bir qiyinchiliksiz, keragicha narsa otib oldilar. Robert ham quruq qolmadi; u siyrak tishlilar oilasiga kiradigan armadil degan g‘alati bir jonivorni otib oldi, armadil badani suyaksimon harakatchan plastinkalar bilan qoplangan bir yarim fut uzunlikdagi jonivor. U juda semiz ekan, patagoniyalikning aytishicha, undan juda lazzatli taom pishirsa bo‘larkan. Robert o‘z o‘ljasi bilan juda mag‘rurlanardi.

Talkavga kelsak, u tuyaqushning pampaslarda yashaydigan va juda tez chopadigan bir turi – nanduning qanday ovlanishini ko‘rsatdi. Bunday tezchopar jonivorni ov qilganda ayyorlik qo‘l kelmas edi, shuning uchun Talkav nanduga yetib olish uchun Taukani tez choptirib, jonivorning ustiga bostirib bordi, agar u shunday qilmasa, nandu o‘zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa urib qochib, ovchini ham, otni ham qiynab qo‘ygan bo‘lardi.

Nanduga keragicha yaqinlashgach, Talkav baquvvat qo‘li bilan qushga qarab bolas uloqtirdi, shunday epchillik bilan otdiki, bolas borib shu ondayoq tuyaqushning oyog‘iga o‘raldi, jonivor chopolmay to‘xtadi. Yana bir necha sekunddan keyin nandu qanotlarini yozib, yerda cho‘zilib yotardi.

Hindu nanduni o‘zining ov qilishga ustaligini ko‘rsatish uchun emas, kechki ovqatga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida tutib keldi, chunki bu tuyaqushning go‘shti juda mazali bo‘ladi.

Bir to‘da qizil kaklik, Talkavning tuyaqushi, Glenarvanning tai-tetri va Robertning armadilini ramadaga olib keldilar. Darhol tuyaqush bilan tai-tetrning qattiq terisini shilib, go‘shtini ingichka-ingichka tilimladilar. Armaduga kelsak, bu jonivorning bir bebaho xususiyati bor: ustida kosasi bo‘ladi, o‘sha kosasida o‘zini qovurish mumkin. Shuning uchun uni darhol o‘z kosasiga solib, laqqa cho‘g‘ bo‘lib turgan ko‘mir ustiga qo‘ydilar.

Ovchilar kechki ovqatda faqat kaklik go‘shti bilangina kifoyalandilar, eng mazali ovqatlarni esa do‘stlariga olib qo‘ydilar. Ovqat ustidan dunyodagi barcha vinolardan ham yaxshiroq tuyilgan top-toza, muzdek suv ichdilar.

Otlarni ham yoddan chiqarmadilar. Ramadada poxol shunday ko‘p ekanki, otlarning yemigagina emas, sayohatchilarning tagiga solib yotishiga ham yetdi.

Hamma tayyorgarlik bitgach, Glenarvan, Robert va Talkav o‘z poncholariga o‘ralib, pampaslardagi ovchilarning oddiy to‘shagi – alfafar ustiga cho‘zildilar.

O‘n to‘qqizinchi bob

QIZIL BO‘RILAR

Tun kirdi, yangi oy ko‘rinishidan oldin bo‘ladigan qorong‘u tunlardan biri. Qirni faqat yulduzlargina sal yoritib turardi. Ufqda tumanga ko‘milib, Zodiak yulduzlari[76 - Zodiak (Qavs, O‘qchi) yulduz turkumlaridan biri bo‘lib, osmonning Janubiy yarim sharida Burgut, Qalqon, Ilon, Ilon eltuvchi, Aqrab, Janubiy Toj, Teleskop, Mikroskop va Jadiy yulduz turkumlari orasida joylashgan (Muharrir izohi).] miltillardi. Guamini daryosi jimgina oqmoqda. Qushlar, sudraluvchilar, jonivorlar – butun tabiat dam olayotir. Bepoyon pampaslar bag‘riga sahro jimligi cho‘kkan.

Glenarvan, Robert va Talkav ham umumdan o‘rnak oldilar: taglariga yumshoq yovvoyi beda yozib, qattiq uyquga ketdilar. Charchab holdan toygan otlar ham cho‘zilib yotib oldi. Faqat haqiqiy zotli ot Taukagina tik turgan holda uxlardi. Tauka uyqudaligida ham uyg‘oqligidagidek qaddini mag‘rur tutardi. U egasining birinchi chaqirig‘i bilanoq qushdek uchib ketishga tayyor turardi. Molqo‘radagi jimjitlikni hech narsa buzmas, zimiston bag‘rida faqat o‘chib borayotgan gulxanning xira shu’lasigina miltillab turardi.

Ammo kech soat o‘nlarda sal ko‘zi ilingan Talkav yana uyg‘ondi. Uning yarim ochiq ko‘zlarida jiddiyat ko‘rindi: Talkav diqqat bilan allanarsaga quloq sola boshladi. Aftidan, u salpal eshitilayotgan sharpani ilib olmoqchi edi. Ko‘p o‘tmay, Talkavning odatda doim xotirjam bo‘lgan chehrasida xavotirlik ko‘rindi. Sayoq hindularning pisib kelayotganini eshitib qoldimikin? Yo qoplonlarning yaqinlashayotganini, yo bo‘lmasa yo‘lbarslarning, daryolar yaqinida uchrab turadigan boshqa yirtqich hayvonlarningmi irillashini eshitib qoldimikin? Bu keyingi taxmin to‘g‘riroq ko‘rindi shekilli, hindu molqo‘ra ichiga uyib qo‘yilgan o‘tin-cho‘pga birrov ko‘z tashlab oldi-da, xavotirligi yana ham ortdi. Haqiqatan ham zaxirada qolgan quruq alfafar gulxanga tashlansa tezlikda yonib tamom bo‘lar, demak, yirtqichlarning shiddatli hujumidan uzoq saqlay olmasdi.

Bunday sharoitda Talkavning nima bo‘lishini kutib yotishdan boshqa chorasi yo‘q edi, shuning uchun kutilmagan xavfning yaqinlashib kelayotganidan uyg‘onib ketgan Talkav har narsaga hozir holda nima bo‘lishini kutib yotdi.

Bir soat o‘tdi. Talkav o‘rnida boshqa odam bo‘lganda atrofdagi jimlikning sira buzilmayotganidan xotirjam bo‘lib, yana uxlab qolgan bo‘lardi. Lekin chet ellik odamlar hech narsa sezmagan bir vaqtda, yerli hinduning o‘tkir tuyg‘usi va tabiiy instinkti xavf yaqinligini sezdi. Talkav diqqat bilan quloq solib, qorong‘uga tikilib qarab yotar ekan, birdan Tauka kishnab yubordi va boshini molqo‘raga kiraverish tomonga burib, burun teshiklarini kergan holda havoni qattiq hidladi. Patagoniyalik irg‘ib o‘rnidan turdi.

– Tauka dushmanni payqadi, – deb o‘zicha po‘ng‘illaganicha ramadadan chiqdi-da, diqqat bilan qirga tikilib qaray boshladi.

Atrof jimjit, lekin qandaydir xavotirli edi. Talkav kurramamellar orasida lip-lip etib, u yoq-bu yoqqa o‘tib yurgan allaqanday soyalarni ko‘rib qoldi. U yer-bu yerda allanarsalar cho‘g‘dek yonib qolardi. Ular bir joyda turmas, g‘ivillab har tarafga surilar, o‘chib qolar, so‘ng yana yonardi. Kattakon ko‘rfaz suvi yuzida allaqanday sirli chiroqlardan tushayotgan shu’lalar o‘ynayapti deb o‘ylash mumkin edi. Chet elli kishi bu o‘chib-yonayotgan cho‘g‘larni pampaslarning ko‘pgina yerida uchrab turadigan yorug‘ qo‘ng‘izlar deb o‘ylashi mumkin, lekin Talkav yanglishmadi, u qanday dushman bilan to‘qnash kelishini angladi. Miltig‘ini o‘qlab, mol qo‘ra og‘zida tayyor holda kutib turdi.

Uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Pampaslarda uvlaganga o‘xshash g‘alati tovush eshitildi. Unga javoban karabindan o‘q uzildi, keyin yuzlab yirtqichlar tomog‘idan chiqqandek dahshatli uvullash eshitildi.

To‘satdan uyg‘onib ketgan Glenarvan bilan Robert irg‘ib turdilar.

‒ Nima gap? – deb qichqirdi Robert.

‒ Hindular emasmi? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Yo‘q, – dedi Talkav, – aguarlar.

‒ Aguarlar? – deb qaytarib so‘radi Robert Glenarvanga savol nazari bilan qarab.

‒ Ha, – deb javob berdi Glenarvan, – pampaslarda bo‘ladigan qizil bo‘rilar.

Ular ham miltiqlarini olib, hindning yonida turdilar. Talkav indamay qattiq uvlagan tovushlar eshitilayotgan qir tomonni ko‘rsatdi. Robert beixtiyor bir qadam orqaga tashlandi.

‒ Bo‘rilardan qo‘rqmaysanmi, o‘g‘lim? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Qo‘rqmayman, ser, – deb javob berdi bola dadillik bilan. – Siz bilan birga bo‘lganimda hech narsadan qo‘rqmayman.

‒ Yana ham yaxshi. Aguarlar unchalik xavfli yirtqich emas, bunchalik ko‘p bo‘lmaganda men ularga hech bir e’tibor qilmagan bo‘lardim.

‒ Ko‘p bo‘lsa nima! – dedi Robert. – Biz yaxshi qurollanganmiz. Yaqinlashib ko‘rsinlarchi!

‒ To‘g‘ri, shunday boplaymizki, asti qo‘yaverasan!

Shunday deb, Glenarvan bolani tinchitmoqchi bo‘ldi, lekin o‘zi tunda bostirib kelayotgan bu sonsiz-sanoqsiz yirtqichlardan cho‘chib turardi. Bo‘rilar bir necha yuz bo‘lishi ehtimol, shuning uchun, yaxshi qurollangan bo‘lsalar ham, uch kishining bunchalik ko‘p yirtqichga bas kelishi qiyin edi.