banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Nima? Yashin shunchalik qirg‘in qilibdimi? – dedi Tom Ostin. – Besh yuz boshli qoramol podasini o‘ldirsa-ya!

‒ Talkav shunday deyapti, u yanglishmaydi. Uning izohiga men ishonaman, chunki pampaslarda momaqaldiroq juda dahshatli bo‘ladi. Ishqilib, biz ham uning qahriga uchramasak bo‘lgani!

‒ Kun juda isib ketdimi, – dedi Vilson.

‒ Termometr soyada o‘ttiz daraja issiqni ko‘rsatayotgan bo‘lishi kerak, – deb javob berdi Paganel.

‒ Bu meni ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan, – men a’zoyi badanimda elektr zaryadlari jimirlayotganini sezib turibman. Lekin bunday issiq uzoq davom etmasa kerak.

‒ Aksincha, – dedi Paganel, – ufqda qilt etgan tutun ham ko‘rinmagandan keyin havo o‘zgarar deb umid qilishga hech qanday asosimiz yo‘q.

‒ Ana shunisi yomon-da, – dedi Glenarvan, – otlarimiz jaziramada issiqlab ketdi. Sen-chi, o‘g‘lim, isib ketmayapsanmi? – deb so‘radi u Robertdan.

‒ Yo‘q, ser, – deb javob berdi bola, – men issiqni yaxshi ko‘raman. Issiq – yaxshi narsa!

– Ayniqsa qishda, – ma’nodor qilib gap qistirdi mayor sigarasini tutatib.

Kechqurun qamish tomli tashlandiq bir kulba – rancho yonida tunagani to‘xtashdi. Rancho oldida atrofi poyalar bilan to‘silgan bir ayvoncha bor edi, devorlari qiyshayib qolgan bo‘lsa ham, har holda, otlarni tulkilardan himoya qilishga yarardi. Bu ayyor yirtqichlar otlarning o‘ziga zarar yetkaza olmasa ham, no‘xtalarini g‘ajib ketadi, keyin otlar bundan foydalanib, qochib ketishi mumkin.

Ranchodan bir necha qadam narida bir chuqurcha bor edi, aftidan, u o‘choq edi, chunki ichida sovib qolgan kul ko‘rinib turardi. Ranchoning ichida kursilar, ho‘kiz terisidan qilingan so‘ri, kotelok, six va mate, ya’ni Janubiy Amerikada rasm bo‘lgan, choy o‘rnini bosadigan quruq o‘tni damlash uchun choynak bor edi. Uni ham boshqa ko‘pgina Amerika ichimliklari singari naycha bilan so‘rib ichadilar. Paganelning iltimosi bilan Talkav bir necha piyola mate hozirladi, sayohatchilarimiz odatdagi ovqatlarini mate ichib yedilar, bu ichimlik hammaga ham juda yoqib tushdi.

Ertasiga, 30-oktabr kuni quyosh issiq tuman orasidan nur sochib, yerni juda qizdirib yubordi. Shu kuni havo juda isib ketdi, qirda esa, baxtga qarshi, issiqdan yashirinadigan joy yo‘q edi. Lekin kichkina otryad mardlik bilan yana sharqqa qarab yo‘l oldi. Yo‘lda bir necha marta katta-katta podalar uchradi. Jazirama issiqda ovqat yeyishga ham holi qolmagan mollar erinchoqlik bilan o‘tga ag‘anab yotar edilar. Qorovullar, to‘g‘rirog‘i, cho‘ponlar yo‘q edi. Issiqdan jon saqlash uchun qo‘ylarning sutini emishni o‘rganib olgan itlargina sigir va buqalardan iborat katta-katta podalarni qo‘riqlar edi. Bu yerlarda qoramol juda yuvosh bo‘ladi.

Tush paytiga borib qir manzarasi o‘zgara boshladi, doim bir xil manzaraga o‘rganib qolgan sayohatchilar buni darhol sezdilar. Boshoqli o‘simliklar tobora kamroq uchray boshladi. Ularning o‘rniga ingichka qariqiz o‘tlari bilan bo‘yi to‘qqiz fut keladigan baland-baland qushqo‘nmaslar uchray boshladi, bu o‘tlarni butun dunyodagi eshaklar jon deb yegan bo‘lardi. U yer-bu yerda tikanli pastak-pastak ko‘m-ko‘k butalar ko‘zga chalinib qolardi. Ular qanchalik ko‘rimsiz bo‘lmasin, qaqrab yotgan yerlarda o‘shalar ham ko‘zni quvontirardi. Dashtning loy-tuproqlik qatlamlariga singib qolgan namlik o‘tloqlarni sug‘orardi, shuning uchun ham ko‘m-ko‘k o‘tlar gilamday o‘sib yotar va go‘zal manzara berardi. Lekin endi bu gilamning yirtilgan, toptalgan joylari tez-tez uchray boshladi-yu, uning tagi ko‘rinib yerning zaif, shirasiz bo‘la borayotgani sezilib qoldi. Talkav sayohatchilarning diqqatini bunga jalb qildi.

‒ Bu o‘zgarishdan shaxsan men mutlaqo xafa emasman, – dedi Tom Ostin: – Qayerga qarama – nuqul o‘t. Kishining joniga ham tegib ketar ekan.

‒ To‘g‘ri-ya, – dedi mayor, – lekin o‘t bor joyda, suv ham bo‘ladi-da.

‒ E, suvdan kamchiligimiz yo‘q, – deb gapga aralashdi Vilson, – buning ustiga yo‘lda ham albatta biron daryoni uchratamiz.

Bu gapni Paganel eshitgan bo‘lganda Kolorado bilan Argentina viloyatidagi tog‘lar orasida daryolar juda kam deb aytgan bo‘lar edi, albatta. Lekin xuddi shu paytda u Glenarvanning diqqatini tortib qolgan bir holni tushuntirib berayotgan edi.

Anchadan beri havoni tutun hidiga o‘xshash bir hid bosgan edi, lekin chor atrofda ko‘z ilg‘aydigan yerda bironta ham o‘t ko‘rinmasdi. Uzoqroq biror yerga o‘t tushganidan nishon ham ko‘rinmasdi. Shuning uchun buni oddiy bir narsa deb izohlab bo‘lmas edi. Ko‘p o‘tmay kuyuk hidi shunday kuchayib ketdiki, Talkav bilan Paganeldan boshqa hamma bunga juda hayron bo‘ldi. Har qanday hodisani ham darhol izohlab berishga hozir bo‘lgan Paganel hamrohlarining savoliga bunday javob berdi:

‒ Siz bilan biz yonayotgan o‘tni ko‘rmayapmiz, lekin tutun hidi dimog‘imizga kelib urilyapti. Vaholanki, olov bo‘lmasa, tutun ham bo‘lmaydi, bu matal Yevropada qanchalik to‘g‘ri bo‘lsa Amerikada ham shunchalik to‘g‘ri. Demak, qayerdadir o‘t yonayotgan bo‘lishi kerak. Lekin pampaslar shunday tekis bir joyki, havo oqimi bu yerlarda hech qanday to‘siqqa duch kelmaydi, shuning uchun yonayotgan o‘tning hidi ko‘pincha yetmish besh milcha masofadan ham sezilib turadi.

‒ Yetmish besh mil dedingizmi? – ishoninqiramay so‘radi mayor.

‒ Ha, yetmish besh mil, – dedi Paganel. – Yana shuni ham qo‘shimcha qilishim kerakki, bu yong‘inlar juda katta maydonni qoplab oladi va ba’zi vaqtlarda nihoyatda kuchli bo‘ladi.

‒ Qirga kim o‘t qo‘yadi? – deb so‘radi Robert.

‒ O‘tlar jazirama issiqdan qurib qolsa, ba’zan yashin tushib yonib ketadi, ba’zan esa hindular o‘t qo‘yib yuboradilar.

‒ O‘t qo‘yishning nima keragi bor ularga?

‒ Qanchalik to‘g‘riligini bilmadim-ku, lekin hindularning aytishicha, yong‘indan keyin o‘tlar yaxshiroq o‘sar emish. Bu kul bilan cho‘lni o‘g‘itlash bo‘lar edi. Ammo men, bu yong‘inlardan maqsad mol podalarining joniga tegadigan milliard-milliard kanalarni yo‘qotish bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

‒ Lekin bunday katta yong‘inlar vaqtida qirda o‘tlab yurgan ba’zi hayvonlar ham yonib ketishi mumkin-ku, – dedi mayor.

‒ Butun-butun podalar o‘t ichida qolib ketgan vaqtlar bo‘lgan, biroq sonsiz-sanoqsiz podalar ichida bu nima degan gap!

‒ Men hindlarning g‘amini qilayotganim yo‘q – bu ularning ishi, – dedi Mak-Nabbs, – men pampaslardan o‘tadigan sayohatchilarni o‘ylayapman. Ular ham yong‘in ichida qolib ketishi mumkin-ku, axir?

‒ Bo‘lmasam-chi, bo‘lmasam-chi! – dedi zavq bilan Paganel. – Ba’zan shunday ham bo‘ladi, shaxsan men bunday manzarani jon deb tomosha qilgan bo‘lar edim.

‒ Bu gap faqat bizning olim do‘stimizdan chiqishi mumkin, – dedi Glenarvan. – U fanga shunday berilib ketganki, fan yo‘lida tiriklayin yondirib yuborsalar ham yo‘q, demaydi!

‒ Yo‘g‘-e, aziz Glenarvan, men Kuper asarlarini o‘qiganman, uning «Charm Paypoq» seriyasidagi asarlari menga bostirib kelayotgan yong‘indan qanday qilib saqlanishni o‘rgatdi. Buning omili shuki, atrofdan radiusini bir necha sajen qilib o‘tni yulib tashlash kerak. Bundan ham oson ish bormi. Shuning uchun men yong‘inning bostirib kelishidan aslo qo‘rqmayman, aksincha, iloji boricha uni ko‘rishga harakat qilaman.

Lekin Paganelning orzusi ro‘yobga chiqmadi, uning kabob bo‘lishiga sal qoldi, lekin buning sababi yong‘in emas, quyoshning ayovsiz nur sochishi edi. Tropik issiqning zo‘ridan otlar harsillab, zo‘rg‘a nafas olar edilar. Har zamonda bir uchrab qoladigan bir parcha bulut quyosh yuzini to‘sgandagina qirga sal soya tushar edi. Shunday paytlarda chavandozlar otlarini qistab haydashar, shamol sharqqa surib borayotgan bulut soyasidan chiqmay yo‘l yurishga tirishar edilar. Lekin ko‘p o‘tmay otlar bulutdan orqada qolib ketar, yuzi hech narsa bilan to‘silmagan quyosh qovjirab yotgan pampaslarni yana zo‘r berib qizdira boshlar edi.

Yetarli suv zaxiramiz bor deganda Vilson o‘z hamrohlarining bu jazirama issiqda qattiq chanqashlarini hisobga olmagan edi, yo‘limizda bironta daryo uchrab qoladi degan gapni u juda o‘ylamay, o‘rinsiz aytib qo‘ygan edi. Amalda esa bironta ham daryo ko‘rinmasdi (yer kaftdek tekis bo‘lgani uchun suvning oqib o‘tishiga noqulay edi), hatto hindlar kavlagan hovuzlar ham qurib qolgan edi. Qirning har mil sari tobora qaqrab borayotganini ko‘rgan Paganel bunga Talkavning diqqatini jalb qildi va endi u qayerdan suv topishi mumkinligini so‘radi.

‒ Salinas ko‘lida, – deb javob berdi hind.

‒ Unga qachon yetamiz?

‒ Ertaga kechqurun.

Argentinaliklar pampaslarda yo‘l yurganlarida odatda quduq qaziydilar va bir necha sajen chuqurlikdan suv chiqaradilar. Lekin sayohatchilarimizda bunga kerakli asbob-uskuna yo‘q edi, shuning uchun ular quduq qazib suv chiqara olmas edilar. Suv porsiyasini kamaytirishga to‘g‘ri keldi, kichkina otryad chanqoqdan u qadar qattiq qiynalayotgan bo‘lmasa ham, har holda to‘yib suv ichish imkoniyatiga ega emasdilar.

O‘ttiz mil yo‘l yurgach, kechqurun tunash uchun to‘xtadilar. Mazza qilib uxlab, hordiq chiqarmoqchi edilar, lekin iskaptoparlar bilan chivinlar buluti ularga tinchlik bermadi. Bu hasharotlarning paydo bo‘lishi shamol yo‘nalishining o‘zgarishidan darak berar edi. Haqiqatan ham ko‘p o‘tmay shamolning yo‘nalishi o‘zgardi: shimoldan esa boshladi. Bu la’nati hasharotlar esa shamol janubdan yoki janub-g‘arbdan esgandagina g‘oyib bo‘ladilar.

Mayor bunday mayda-chuyda qulaysizliklarga vazminlik bilan chidadi, Paganel esa, aksincha, nihoyatda darg‘azab bo‘ldi. U iskaptopar bilan chivinlarning boshiga la’natlar yog‘dirar, chivinlar chaqa berib bezillab qolgan badaniga surish uchun dori-darmon olmaganidan zorlanardi. Mayorning zo‘r berib tabiatshunoslarga ma’lum bo‘lgan uch yuz xil hasharotlarning faqat ikki xiligagina duch kelganiningizga xursand bo‘lsangizchi, deb ovutishga urinishiga qaramay, Paganel uyqudan ta’bi xira bo‘lib turdi. Ammo otryad yo‘lga tushishga otlanganda Paganelni shoshirishga zarurat bo‘lmadi, negaki bugun Salinas ko‘liga yetib olishlari kerak edi. Otlar juda horib qolgan edi. Sayohatchilar ularning g‘amini yeb, suvdan o‘z hissalarini kamaytirgan bo‘lishlariga qaramay, otlar chanqoqdan o‘layozgan edilar. Suvsizlik tobora ko‘proq ta’sir qila bordi, changto‘zon olib kelayotgan shimoliy shamol esa borgan sari chidab bo‘lmaydigan darajada nafasni bo‘g‘a boshladi.

Oldinda ketayotgan Myulredi birdan otini orqaga burib, hamrohlariga hindular otryadi yaqinlashib kelayotganini xabar qildi. Bu uchrashuvga hamma har xil qaradi. Glenarvanning xayoliga darhol: ulardan «Britaniya»da halokatga uchraganlar to‘g‘risida biror narsa eshitarmiz degan fikr keldi. Talkavning esa ko‘chmanchi hindular bilan uchrashuvga u qadar xohishi yo‘q edi, chunki yo‘l boshlovchi ularni talovchilar deb hisoblar, ulardan nariroq yurishni afzal ko‘rardi.

Uning ko‘rsatmasi bilan kichkina otryad bir yerga to‘planib, qurollarini shay qilib turdi. Har qanday tasodifga tayyor turish kerak edi.

Ko‘p o‘tmay hindular otryadi ko‘rindi. Otryad katta emasdi, hammasi bo‘lib o‘n kishichadan iborat edi. Bu patagoniyalikni tinchlantirdi. Hindular yuz qadamcha joyga kelib qoldilar. Endi ularni yaxshiroq ko‘rish mumkin edi. Ular 1833-yilda general Rozas tor-mor qilgan pampaslik hindular qabilasidan edilar. Baland bo‘yli, keng, do‘ng peshonali, qoramag‘iz tanli bu odamlar hindi irqining ajoyib namunasi edi.

Ular guanako va sassiqko‘zan terisidan tikilgan kiyim kiygan, uzunligi yigirma futcha keladigan nayza, pichoq, palaxmon, bolas va lasso bilan qurollangan edilar. Otda o‘tirishlaridan, mohir chavandoz ekanlari ochiq ko‘rinib turardi.

Hindular sayohatchilardan yuz qadamcha narida to‘xtashdi-da, baqirib chaqirib, qo‘llarini paxsa qilib maslahatlasha boshlashdi. Glenarvan otini ularga tomon haydadi. Lekin u ikki sajen ham yurmasdan, hindular otryadi otlarini shartta burib, hayron qolar darajada tezlik bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Sayohatchilarning holdan toygan otlari ularni quvib yeta olmadi, albatta.

‒ Obbo qo‘rqoqlar-ey! – deb qichqirdi Paganel.

‒ Yaxshi odamlar bunchalik tez qochib qolmaydilar, – deb qo‘shib qo‘ydi Mak-Nabbs.

‒ Bu qanday hindular? – deb so‘radi Paganel Talkavdan.

‒ Gauchoslar.

‒ Gauchoslar, – deb takrorladi Paganel hamrohlariga o‘girilib, – gauchoslar! Unda bunchalik ehtiyot choralari ko‘rmasak ham bo‘lar ekan, chunki hindulardan qo‘rqishning hech hojati yo‘q.

‒ Nima uchun? – deb so‘radi mayor.