banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


– Ned, shovqin solmang, – dedim men garpunchiga, – ahvolimizni ham og‘irlashtirmang… Kim biladi, balki bizni poylashayotgandir. Yaxshisi, qayerga kelib qolganimizni aniqlashga harakat qilaylik.

Men sekin bir necha qadam tashlagan edim, tunuka qoplangan devorga borib tiralib qoldim. Devor tagidan yurib, atrofida bir necha taburetka turgan yog‘och stolga qoqilib ketdim. Turmamizning poliga qalin bo‘yra to‘shalgan bo‘lib, yurganda qadam tovushini chiqarmas edi. Yalang‘och devorlarda men na deraza va na eshik topdim. Devor tagidan qarama-qarshi tomonga ketgan Konsel men bilan to‘qnashdi va ikkalamiz uzunligi yigirma fut, eni o‘n futli kayutaning o‘rtasiga keldik. Xona balandligini aniqlay olmadik, chunki hatto Ned Lend ham bo‘ychanligiga qaramay, shiftga yetolmadi.

Salkam yarim soat o‘tdi, ahvolimiz esa o‘shao‘sha. Biroq to‘satdan bizning turmamiz yorishib ketdi. Ravshanligi va oqligiga qarab suvosti kemasi atrofida yarqirab turadigan gardish o‘sha elektr nurligini bilib oldim.

Avval beixtiyor ko‘zimni yumdim. Qaytib ochganimda yorug‘lik shiftga mahkamlangan sutrang yarim aylanadan taralayotganini ko‘rdim.

– Xayriyat-e, hamma narsa ko‘rindi! – xitob qildi Ned.

U himoyaga shaylanganday qo‘lidagi pichoqni mahkam ushlab turardi.

– Ha, – deya hazilomuz javob qaytardim men,faqat taqdirimiz ko‘rinmayapti.

– Xo‘jamga sabr qilishni maslahat berardim,dedi Konsel.

Chiroq yorug‘ida turmamizni yaxshilab ko‘zdan kechirib oldik. Stol va beshta taburetka uning yakka-yu yagona mebeli edi. Yashirin eshik zich yopilgan – men uning o‘rnini ham topolmadim. Quloqlarimizga tiq etgan tovush eshitilmas edi. Go‘yo kemada hamma qirilib bitganday edi. Lekin bir joyda turibmizmi, suzyapmizmi, suv ostidamizmi yoki oldingiday suv sathida suzib boryapmizmi – hech narsani aniqlay olmadim…

Ammo elektr chiroq ma’lum bir maqsadni ko‘zlab yoqilgani aniq edi. Komanda sostavidan biror kishining yaqin fursat ichida kirib kelishi aniq edi – bo‘lmasa bu zulmatni bekordan bekorga yoritishmasdi.

Adashmagan ekanman. Ko‘p o‘tmay surilayotgan tambaning ovozi eshitilib, eshik ochildi va kayutaga ikki kishi kirdi.

Ulardan biri past bo‘yli, muskuldor, keng yag‘rinli, boshi katta, qalin qora sochlari hurpaygan, shop mo‘ylov, nigohi o‘tkir kishi edi. Uning qiyofasida janubliklarga xos harakatchanlik va tetiklik sezilib turardi. Fransiyada bunday fazilatlar provansallarga xos edi.

Ikkinchi noma’lum kishi uzun bo‘yli bo‘lib, batafsilroq ta’riflasa arzigudek edi. Buyuk fizionomlarning shogirdlari Grasiole yoki Engelya uning yuziga qarab xarakterini kitobdan o‘qiganday aytib berishi mumkin edi. Men ikkilanmay uning eng muhim xususiyatlarini aniqladim: boshini mag‘rur tutib turishi va qora ko‘zlarining sovuq qat’iyat bilan boqishiga qaraganda u o‘ziga ishongan odam; xotirjamligi va rangpar yuzi sovuqqonligini; qoshi ustidagi muskulchalarning tez-tez qisqarib turishi g‘ayratliligini; nihoyat chuqur nafas olishi, shuningdek, tabiatan juda baquvvatligi dadilligini ifodalar edi. Yana shuni qo‘shib qo‘yishim kerakki, bu odam juda mag‘rur, uning osoyishta va qat’iy boqishi oliyjanob fikrlashidan darak berar va umuman tashqi qiyofasi g‘oyat samimiy ekan degan taassurot qoldirar edi.

U kirishi bilan men taqdirimiz haqida tashvishlanmasak ham bo‘lishini, bu uchrashuv biz uchun ko‘ngildagiday tugashini his etdim.

Bu odamning yoshini o‘ttiz beshdan ellikkacha deb taxmin qilish mumkin – ochig‘ini aytsam, men buni aniq belgilay ololmadim. U peshanasi keng, qirra burun, lablari xushbichim, tishlari juda chiroyli, ingichka qo‘llari kelishgan kishi edi. Xullas, u men uchratgan eng chiroyli erkaklarning mukammal namunasi edi.

Yuzidagi ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyatlaridan yana birini aytmoqchiman: ko‘zlari bir qarashda ufqning to‘rtdan bir qismini qamray oladigan katta-katta edi. Keyinchalik bilsam, bu xususiyat ko‘zining o‘tkirligidan, hatto Ned Lendning ko‘zidan ham o‘tkirroqligidan ekan.

Bu notanish kishi birovga tikilib qarasa, qoshlari chimirilardi, qovoqlari yaqinlashib ko‘zi toraygach, nigohi yanada o‘tkirlashib ketardi. Qanday qarash-a! U narsalarni yaqinlashtirardi, o‘ylaringizning eng yashirin joylarigacha kirib bora olardi, juda qalin suv qatlamlariga ham oynadan qarayotganday nigoh tashlab, dengiz chuqurliklaridagi hayotni kitobda yozib qo‘yilgan kabi o‘qir edi.

Har ikkalasining boshida suvsar terisidan qilingan qalpoqcha, oyoqlarida tulen terisidan qo‘nji uzun dengiz etigi va ustlarida men bilmaydigan allaqanday matodan qulay, gavdaning harakat qilishiga xalaqit bermaydigan hamda chiroyli qilib tikilgan kostum.

Novcha kishi – boshliq bo‘lsa kerak – bizga diqqat bilan razm soldi. Shundan so‘ng hamrohi tomonga o‘girilib, menga noma’lum tilda gaplashdi. Bu juda jarangdor, ixcham, musiqiy, unli tovushlar ko‘p ishlatiladigan, tez-tez urg‘u beriladigan til edi.

Unisi bosh irg‘ab javob berdi va o‘z navbatida ikki-uch og‘iz tushunib bo‘lmaydigan so‘z aytdi.

Shundan so‘ng boshliq bir nima so‘ramoqchi bo‘lganday menga qaradi.

Men sof fransuz tilida uning nima demoqchi bo‘layotganini tushunmaganimni aytdim. Ammo aftidan, u ham meni tushunmaganga o‘xshardi. Og‘ir ahvolga tushib qoldik.

– Xo‘jamga boshimizdan o‘tganlarni gapirib berishni maslahat berardim; zora undan loaqal biron narsa tushunishsa, – dedi Konsel.

Men bu maslahatga amal qildim va so‘zlarni donalab, biror voqeani ham tushirib qoldirmay, boshimizdan kechirganlarimizni aytib berdim. Men otlarimiz va kasb-korimizni birma-bir sanab o‘tdim, nihoyat pirovardida odob saqlab, noma’lum kishilarga professor Aronaks, uning xizmatkori Konsel va mashhur garpunchi Ned Lendni tanitdim.

O‘ychan va yuvosh ko‘zli kishi so‘zlarimni hurmat yuzasidan diqqat bilan tingladi. Ammo chehrasidan biror o‘zgarish sezmadim; mening so‘zlarimdan loaqal birontasini tushunganini ifodalaydigan hech qanday belgi ko‘rinmadi.

Endi ularga fikrimizni inglizcha so‘zlab tushuntirish imkoniyati qolgan edi. Men inglizchani ham nemischa singari lug‘atsiz o‘qib, yaxshigina tushunar edim, biroq fikrimni ifodalay oladigan darajada emas. Ammo bu yerda mumkin qadar yaxshiroq gapirishga harakat qilish kerak edi.

– Endi navbat sizga, – dedim men garpunchiga. – Boshlang, Ned! Ingliz tilining xotirangizda o‘rnashib qolgan eng nazokatli so‘zlarini topib, mendan ko‘ra durustroq natijaga erishishga harakat qiling.

Ned yalintirib o‘tirmadi, mening hikoyamni ingliz tilida qaytardi. Aniqrog‘i, men aytgan so‘zlarning mag‘zini tushuntirdi, ammo shaklini tamoman o‘zgartirib yubordi.

Kanadalik zo‘r ehtiros bilan gapirdi. U bizga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlikka qarshi qat’iy norozilik bildirdi va bu insoniy huquqlarga zidligini aytdi; bizni bu kameraga qaysi qonunga asoslanib qamab qo‘yganlarini so‘radi; bizni ozodlikdan mahrum etganlarga sud ta’qibini aytib, po‘pisa qildi; qo‘llarini paxsa qilib qichqirdi va nihoyat pirovardida imo-ishora bilan ochlikdan o‘layozganimizni tushuntirmoqchi bo‘ldi.

Aytayotgan gapi juda to‘g‘ri edi, ammo biz buni deyarli unutgan edik.

Ming afsuski, garpunchi uning so‘zlarini ham menikiday tushunmaganlariga imoni komil bo‘ldi. Huzurimizga kelganlar mijja qoqmay turardilar. Aftidan ular Faradey[25 - Faradey – ingliz fizigi] tilini Arago[26 - Arago – fransuz fizigi va astronomi.] tilidan ortiq bilmas edilar.

Tilshunoslik bobidagi butun imkoniyatlarni ishga solgandan keyin ham muvaffaqiyatsizlikka uchraganimdan ajablanib, nima qilishimni bilmay turganimda, Konsel menga murojaat qilib qoldi:

– Agar xo‘jam ijozat bersalar, men xuddi shuning o‘zini nemischa so‘zlab berardim.

– Nima, sen nemischa bilasanmi? – deya hayajondan qichqirib yuboribman.

– Barcha flamandiyaliklar singari. Agar xo‘jam bunga qarshi bo‘lmasalar, albatta…

– Marhamat, Konsel! Gapir tezroq!

Nihoyat Konsel juda osoyishta bir ohangda butun boshimizdan kechirganlarimizni uchinchi marta hikoya qilib berdi. Biroq so‘zlovchining juda chiroyli jumla tuzishlari va notiqona uslubiga qaramay, nemis tili ham qo‘l kelolmadi.

Oxiri devorga suyanib turib maktabdagi uzuq-yuluq xotiralarni eslab, xuddi o‘sha hikoyani lotin tilida so‘zlay boshladim. Sitseron[27 - Sitseron – qadimgi Rim notig‘i va yozuvchisi (bizning eramizgacha 106–43-yillar).] eshitganida, quloqlariga paxta tiqib olib, meni oshxonaga quvib chiqargan bo‘lardimi, ammo men nima bo‘lsa ham so‘zimni oxiriga yetkazdim.

Natijasi oldingiday yana qoniqarsiz bo‘ldi.

Bu so‘nggi urinishimiz ham muvaffaqiyatsizlikka uchragach, notanish kishilar loaqal bizni tinchlantirish uchun barcha mamlakatlar va xalqlar orasida bir xil bo‘lgan imo-ishora ham qilmay, o‘zlarining tushunib bo‘lmaydigan tillarida o‘zaro bir necha so‘z aytishdi-da, chiqib ketishdi.

Ular chiqib ketishlari bilan eshik bekildi.

– Bu qabihlik! – deya qichqirdi Ned Lend shu bilan yigirmanchi marta g‘azab o‘tida yonib.

– Nima qilish kerak. Bu galvarslar bilan fransuzcha, inglizcha, nemischa, lotincha gapirilsa-da, birontasi churq etib javob bermasa-ya!

– Tinchlaning, Ned, – dedim men hayajonlangan garpunchiga, – g‘azab bilan bir ish qilib bo‘lmaydi.

– To‘g‘ri-yu, professor, – deya javob berdi kanadalik zarda bilan, – ammo biz bu temir katak ichida ochlikdan o‘lamiz, bilasizmi!

– O‘h-ho‘, – faylasuflarga xos osoyishtalik bilan e’tiroz bildirdi Konsel, – hali bunga erta.

– Og‘aynilar, – dedim men, – noumid bo‘lmanglar. Bundan og‘ir sinovlarga ham bardosh berdik. Kema kapitani va uning ekipajini qoralashga shoshilmanglar. Ular haqida biror fikrga kelish vaqti ham yetar.

– Mening fikrim hozirning o‘zidayoq uzil-kesil tayyor! – dedi Ned Lend. – Bular razil odamlar!

– Juda soz, ammo ular qayerda tug‘ilgan? – bamaylixotir so‘radi Konsel.

– Razillar mamlakatida!