banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


Ammo nahotki, bu odam shu tor turmada bizning ochlikdan tinka-madorimiz qurib o‘lishimizga yo‘l qo‘ysa? Bu mudhish fikr butun xayolimni qamrab oldi. Dahshatga tusha boshladim. Konsel hamon osoyishta, Ned tobora ko‘proq tutaqib borardi.

Shu payt devor ortidan temir plitalarda qadam tovushi eshitildi. Tamba g‘iychilladi. Eshik ochilib, styuard paydo bo‘ldi.

Men hayhaylashga ulgurmay, kanadalik bechoraga tashlandi va yerga yotqizib xippa tomog‘idan bo‘g‘ib oldi. Uning baquvvat qo‘llarida styuardning nafasi bo‘g‘ila boshladi.

Konsel garpunchining qo‘lidan o‘ljasini tortib olishga harakat qilar, unga endi yordamlashay deb turganimda, birdan fransuz tilida aytilgan so‘zlardan hammamiz qotib qoldik.

– Tinchlaning, Lend, siz ham janob professor! Quloq solinglar!

O‘ninchi bob

G‘ALATI ODAM

Bu kema kapitanining ovozi edi.

Ned Lend shu zahotiyoq o‘rnidan turdi. O‘layozishiga sal qolgan styuard xo‘jayinining ishorasi bilan kalovlana-kalovlana kayutadan chiqib ketdi. Xo‘jayinning hukmi shu darajada ediki, haligi odam kanadalikka nisbatan shubhasiz jo‘sh urgan qahr-g‘azabini biror ishora bilan ham bildirmadi. Men bilan Konsel buning oxiri nima bilan tugashini hayratlanib kutib turardim.

Kapitan ikki qo‘lini ko‘kragi ustida chalishtirib diqqat bilan bizga ko‘z tikdi. Gapirishga jur’at etolmayotganmikin? Yoki fransuz tilida so‘zlaganiga pushaymon bo‘layotganmikin? Ajab emas, shunday bo‘lsa.

O‘tgan bir necha sekund jimlikni hech birimiz buzishga jur’at qilolmadik.

– Janoblar, – dedi nihoyat kapitan, – men fransuzchada ham, inglizchada ham, nemischada ham, lotinchada ham birday erkin gaplasha olaman. Binobarin, birinchi uchrashuvdayoq sizlarga javob berishim mumkin edi. Ammo men sizlarni sinab ko‘rmoqchi, yana bir o‘ylab olmoqchi bo‘ldim. Har birlaringiz alohida-alohida o‘z haqingizda bir xilda gapirib berdingiz. Shundan keyin sizlar chindan ham o‘sha o‘zlaringiz hikoya qilayotgan kishilar ekanligingizga shubham qolmadi. Men endi tasodif tufayli ilmiy topshiriq bilan chet el safariga chiqqan, Parijdagi tabiiyot tarixi muzeyining professori janob Per Aronaks, uning xizmatkori va Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy floti sostaviga kiradigan «Avraam Linkoln» kemasining garpunchisi kanadalik Ned Lend bilan uchrashganimni bilaman.

Men tasdiq ishorasini bildirib bosh egdim. Kapitan menga savol bilan murojaat qilmagan edi, binobarin javobning ham keragi yo‘q edi.

Bu odam fikrini fransuz tilida bironta so‘zni buzmay, sof talaffuzda tushuntirar edi. U so‘zlarni juda aniq va chiroyli talaffuz etar, nutqi g‘oyat ravon edi. Ammo shunga qaramay men unda vatandoshimni ko‘rolmadim.

U so‘zini davom ettirdi:

– Hech shubha yo‘qki, janoblar, sizlar meni ikkinchi marta kelishimni ancha cho‘zib yubordi, deb hisoblayapsizlar. Ammo kimligingizni bilib olgach, sizlarni nima qilishim kerakligini o‘ylab ko‘rishim lozim edi. Uzoq vaqt ikkilandim. Falakning gardishi sizni menga – butun insoniyat bilan aloqasini uzgan kishiga to‘qnashtirdi. Sizlar meni yolg‘izlikdan mahrum etdingizlar…

– Beixtiyor? – dedim men.

– Beixtiyor? – ovozini balandlatib qaytardi notanish kishi. – «Avraam Linkoln» izimdan butun dengizlar bo‘ylab beixtiyor quvib yurganmidi? Xuddi o‘sha kemaga siz ham beixtiyor tushib qolganmidingiz? To‘plaringizning o‘qlari ham kemam korpusiga beixtiyor tegdimi? Balki mister Lend ham garpunini menga beixtiyor otgandir?

Bu so‘zlaridan uning ichidan g‘ijinayotgani sezilib turardi. Uning bu barcha ta’nalariga tamomila o‘rinli javobim bor edi.

– Janob, – dedim men, – hech shubha yo‘qki, sizni deb Amerika va Yevropada qo‘zg‘algan bahs-munozaralardan bexabarsiz. Sizning suvosti kemangiz bilan to‘qnashuv natijasida yuz bergan bir necha hodisalar har ikki qit’ada jamoatchilik fikrini qo‘zg‘atganini bilmaysiz. Siri faqat sizgagina ma’lum bo‘lgan jumboqni tushuntirish uchun to‘qilgan sonsanoqsiz farazlarni birma-bir sanab o‘tirmayman. Ammo bilingki, «Avraam Linkoln» kemasi sizni Tinch okeanning eng uzoq joylarigacha quvib borar ekan, u allaqanday bahaybat dengiz maxluqi iziga tushganiga imoni komil va qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin undan dengizni xoli qilishi kerak edi.

Kapitanning yuzida tabassumga o‘xshagan holat sodir bo‘ldi. U bosiq ovoz bilan so‘zida davom etdi:

– Janob Aronaks, bordi-yu suvosti kemasiligini bilsa, bahaybat dengiz maxluqi singari quvib, o‘qqa tutmas edi, deyishga jur’at eta olasizmi?

Bu savol meni dovdiratib qo‘ydi, chunki, darhaqiqat, kapitan Faragut sira ikkilanmay shunday qilar edi. U suvosti kemasini ham ulkan narvalday yakson qilishni o‘zining burchi deb bilar edi. Binobarin, men savolga javob bermadim.

Kapitan so‘zini davom ettirdi:

– Shunday qilib, sizlarga dushman bilan muomala qilganday muomalada bo‘lishga haqqim borligini tushundingizmi?

Men endi tamomila ongli ravishda jim turaverdim. Har qanday o‘rinli dalillaringiz ham kuchli zarba bilan yakson bo‘lgandan keyin bu masalada bahslashib o‘tirishning nima hojati bor?

– Men uzoq vaqt ikkilandim, – deya so‘zini davom ettirdi kapitan. – Mening sizlarga nisbatan mehmondo‘stlik qilishim uchun zimmamda hech qanday majburiyat yo‘q edi. Agar maqsadim sizlardan qutulish bo‘lganida, yana bir marta uchrashib o‘tirishimning hojati ham yo‘q edi. Men sizlarni qaytarib kema ustiga chiqarib qo‘yib, dengizga sho‘ng‘irdim va… bir vaqtlar sizlarning bo‘lganlaringizni ham unutishim mumkin edi. Yo shunday qilishga haqqim yo‘qmidi?

– Bu madaniy odamning emas, yovvoyining ishi bo‘lar edi, – deb javob berdim men.

– Janob professor, – shu zahoti e’tiroz bildirdi kapitan, – men sizning «madaniy odamning ishi» deb nimani ko‘zda tutishingizni bilmayman. Men ma’lum sabablarga ko‘ra, jamiyat bilan aloqamni uzdim va buning tub mohiyatini mulohaza qilishga yolg‘iz o‘zimnigina haqli deb bilaman. Men o‘sha jamiyat qonunlariga bo‘ysunmayman va bundan keyin huzurimda ular haqida sira eslatmasligingizni maslahat beraman.

Bu gap juda keskin qilib aytildi. Noma’lum ki shining ko‘zlari qahr va g‘azab bilan yonardi. Mening xayolimga, «bu odamning o‘tmishida allaqanday dahshatli sir bor», degan fikr keldi. Axir u bekordan bekorga o‘zini insonlar qonunidan baland qo‘yib, odam qadami yetmaydigan joyga ketmaganku. Hatto suv sathidayoq o‘zi bilan kurashmoqchi bo‘lganlarni osonlik bilan bartaraf eta olgach, dengiz qa’rida uni quvishga kim jur’at eta olar edi. Uning suvosti monitoriga[32 - Monitor – dengiz qirg‘oqlarini mudofaa qilish yoki qirg‘oq istehkomlariga hujum etish uchun moslashtirilgan zirhli harbiy kema] qaysi kema bardosh bera olardi? Uning kemasining dahshatli tumshug‘i zarbiga chiday oladigan zirh bormi? Bu suv hukmdorining xatti-harakatlarini tergashga dunyoda hech kimning kuchi yetmaydi.

Bu g‘alati odam o‘z o‘ylari bilan bo‘lib, kayuta bo‘ylab yurayotganida, tezlik bilan shu fikrlar xayolimdan o‘tdi.

Men unga qiziqish va qo‘rquv aralash tuyg‘u bilan qarab turardim.

Uzoq jimlikdan so‘ng kapitan yana so‘zini davom ettirdi.

– Shunday qilib, men ikkilandim, – deya davom etdi u, – ammo nihoyat tabiiy rahm-shafqatni – bunga har bir tirik jon haqli – mening manfaatlarim bilan qo‘shib amalga oshiraversa ham bo‘ladi-ku, degan xulosaga keldim. Tasodif sizlarni bu yerga olib kelgan ekan, mening kemamda qolaverasizlar. Sizlar erkin yurasizlar va shunisi borki, bu juda nisbiy erkinlik evaziga sizlarning oldilaringizga birgina shart qo‘yaman. Sizlar bunga bo‘ysunamiz deb bergan va’dangiz men uchun kifoya.

– Ayting, kapitan, – men javob berdim. – Shartingizni har bir vijdonli odam qabul qilaversa bo‘ladigan deb ishonaman, albatta.

– Shubhasiz! Mana u, eshiting: ehtimol, ba’zi ko‘zda tutilmagan sharoitlarga ko‘ra, sizlarni ba’zan soatlab, balki kunlab – buni oldindan aytish qiyin – qamab qo‘yishga majbur bo‘larman. Har qanday sharoitda ham men zo‘ravonlik tomoniga o‘tishni istamayman, shuning uchun bunday hollarda so‘zsiz bo‘ysunish haqida bergan va’dalaringizga ishonch hosil qilishim kerak. Men bunday taklifni sizga aytish bilan birga ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklar uchun javobgarlikni sizlardan tamoman soqit etaman, chunki sizlar bilishingiz man etilgan narsani hatto ko‘rolmaysizlar ham. Shartimni qabul qilasizlarmi?

Demak, suvosti kemasida jamiyat qonunlari bilan aloqasini uzmagan kishilar ko‘rishi lozim bo‘lmagan voqealar ham ro‘y berib turar ekan-da. Kelajak menga hozirlagan barcha tasodiflarning eng noxushlaridan biri shu desam yanglishmayman.

– Qabul qilamiz, – deb javob berdim men. – Faqat… ruxsat etsangiz, bitta savolim bor edi, kapitan?

– Marhamat.

– Siz kemangizda bizni erkin yura olasiz, dedingiz, shundaymi?

– Ha, mutlaqo erkin yura olasizlar.

– Buni qanday tushunsa bo‘ladi, aytib bera olmaysizmi?

– Sizlar kemada bemalol yurishingiz, u yerda bo‘layotgan hamma narsalarni, ayrimlaridan tashqari, ko‘rishlaringiz, kuzatishlaringiz, qisqasi, xuddi men va hamrohlarim foydalanayotgan erkinlikka erishishingiz mumkin.

Biz bir-birimizni tushunmaganimiz aniq edi.

– Kechirasiz, kapitan, – dedim men, – ammo bu erkinlik mahbusga turmada yurish uchun ruxsat beriladiganday gap-ku. Biz bu bilan qanoatlanib qololmaymiz.

– Xuddi shu bilan qanoatlanib qolishlaringizga to‘g‘ri keladi.

– Nima, biz vatanimiz, oilalarimiz, yor-birodarlarimiz oldiga qaytishdan abadiy voz kechishimiz kerakmi?

– Ha. Ammo jamiyatingizda qonunlar deb atalgan va odamlar unga ko‘r-ko‘rona ergashadigan jirkanch jabr-zulm mashaqqatlaridan voz kechish siz o‘ylagancha qiyin emas.

– Menga qolsa, – xitob qildi Ned Lend, – bu yerdan qochishga intilmayman deb hech qachon va’da bermayman.

– Men sizdan buni so‘ramayman ham, Lend,loqaydlik bilan javob berdi kapitan.