banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


4-noyabrning kechki paytigacha ham sir sirligicha qolaverdi.

Keyingi kuni, 6-noyabr, peshindan keyin belgilangan muddat tugadi. Soat so‘nggi bor bong urishi bilan kapitan Faragut bergan so‘ziga binoan, kemani janubi sharqqa burishi va Tinch okeanning shimoliy qismidan chiqib ketishi kerak edi.

Shu paytda kema shimoliy kenglikning 31- gradus 15-minuti va sharqiy uzunlikning 136- gradus 42-minutida edi. Yaponiya biz turgan joydan salkam ikki yuz milya masofada edi. Kech kira boshladi. Soat sakkizga zang urdi. Quyuq bulutlar bir haftalik oyning ingichka o‘rog‘ini o‘rab olishdi. Dengiz kemani bir maromda chayqab turar edi.

Shu daqiqada men shtirbortda[20 - Shtirbort – kemaning o‘ng tomoni, chekkasi.] kema panjarasiga suyanib turardim. Konsel yonimda loqaydlik bilan oldinga tikilib turar edi. Reyga[21 - Rey – kema machtasining ko‘ndalang to‘sini.] chiqib olgan matroslar qorong‘i cho‘kishi bilan tobora kichrayib borayotgan ufqni ko‘zdan kechirar edilar. Ofitserlar tungi durbinlarini okean sathiga qaratdilar. Ahyon-ahyonda oy nuri bulutlarni yorib chiqib, to‘lqinlarga kumushrang jilo berar, biroq shu zahotiyoq bulutlar yog‘duni o‘z qa’riga olib, yana hamma yoqqa qorong‘ilik cho‘kar edi.

Men Konselga qaradim. Nazarimda shu davr ichida u ham birinchi marta umum hayajoni ta’siri ostida qolganday bo‘lib ko‘rindi.

– Ha, Konsel, – so‘radim men, – ikki ming dollar ishlab olishning so‘nggi imkoniyatlaridan foydalanib qolay deyapsanmi?

– Xo‘jamning ruxsatlari bilan u kishiga shu narsani ma’lum qilmoqchimanki, men bu mukofotni olishni xayolimga ham keltirganim yo‘q, – deya javob qaytardi Konsel, – Qo‘shma Shtatlar hukumati xuddi shuningdek yuz ming dollar mukofot va’da qilganida ham davlati kamayib qolmas edi.

– To‘g‘ri aytasan, Konsel. U yog‘ini surishtirsang, buning o‘zi bir bema’nilik va men ham shu ekspeditsiyaga qo‘shilib, yengiltaklik qildim. Qancha vaqtlar bekor ketdi, asablar qanchalik buzildi! Bundan olti oy muqaddam Fransiyaga yetib olgan bo‘lur edik…

– Xo‘jamning kichkina uylariga, – gapimni ilib ketdi Konsel, – uning muzeyiga. Men kolleksiyamizning topilmalarini sinflarga ajratib o‘tirgan bo‘lardim, xo‘jam keltirgan bug‘u-to‘ng‘iz zoologiya bog‘idan o‘rin olib butun Parijning qiziquvchi kishilari diqqatini o‘ziga jalb etgan bo‘lar edi!

– Ha, xuddi shunday bo‘lar edi, Konsel. Mana endi butun bu ko‘rgiliklar yetmagandek yana bizdan kuladilar ham.

– Shubhasiz, – bamaylixotir tasdiqladi Kon-sel. – Imonim komilki, xo‘jamdan kuladilar. Bilmadim, bu yog‘i gapirib o‘tirishga arzirmikin…

– Gapir, gapiraver, Konsel.

– Menimcha xo‘jamning kulgi bo‘lishlariga o‘zlari sababchi bo‘ldilar.

– Rostdanmi?

– Odam shunchalik katta olim bo‘la turib, tavakkalchilik qilmasligi kerak…

Konsel o‘z maqtovini oxiriga yetkazgani ham yo‘q edi. Atrofda hukm surayotgan sokinlikni buzib jarangdor ovoz eshitildi.

Bu Ned Lendning ovozi edi.

Kanadalik qichqirardi:

– Ho‘-o‘y! O‘sha narsa mana bu yerda, shamol esayotgan tomonda, qarshimizda!

Oltinchi bob

SHITOB BILAN

Bu xitobni eshitgan butun ekipaj – kapitan, ofitserlar, matroslar, yungalar, hatto injener va mexaniklar o‘z mashinalarini, o‘tyoqarlar o‘txonalarini tashlab garpunchi tomon yugurishdi.

Kapitan kemani to‘xtatishni buyurdi.

Kecha qop-qorong‘i edi. Kanadalikning ko‘zi o‘tkirligini bilsam ham, shu zulmatda qanday qilib va nimani ko‘rdi ekan, deb o‘zimga-o‘zim savol berardim.

Yuragim shu qadar qattiq tepa boshladiki, hatto yorilib ketishi ham hech gap emas edi.

Biroq Ned Lend yanglishmabdi. Ko‘p o‘tmay hammamiz u qo‘li bilan ko‘rsatayotgan narsani ko‘rdik.

«Avraam Linkoln»dan ikki kabelt uzoqlikda shtirbort tomondan dengiz ichidan yoritilganday edi. Bu oddiy fosfor yog‘dusi bo‘lishi mumkin emas. Bahaybat maxluq juda ko‘p kapitanlar o‘z hisobotlarida ko‘rsatganlariday suv ostida bir necha fut chuqurlikda turib yorqin, ayni vaqtda g‘alati bir yog‘du taratar edi. Bu yog‘duning allaqanday yorqin manbayi bo‘lishi kerak. Okeanning yoritilgan qismi– tuxum shaklida bo‘lib, uning markazida juda yorqin, chekkalariga qarab yorug‘lik kamaya borardi.

– Bu yorug‘lik taratuvchi organizmlar to‘dasidan boshqa narsa emas! – deya xitob qildi ofitserlardan biri.

– Yo‘q, siz yanglishyapsiz! – deb keskin e’tiroz bildirdim men. Bular tunda yog‘du sochadigan yaltiroq qurtlar va salplar bo‘lsa, hecham shu qadar yorqin nur tarata olmasdi. Bu yorug‘likning, albatta qandaydir elektr manbayi bor… Aytganday, qarang… Qarang! Surilyapti!.. Bizga qarab kelyapti!

Kema sahnida turganlarning hammasi birdan qichqirib yubordi.

– Ji-im! – Kapitan Faragut buyurdi. – Rul chapga! Orqaga yurilsin!

Hamma o‘z joyiga otildi.

Buyruq bir zumda bajarildi va «Avraam Linkoln» yarim aylana shaklida burildi.

– Rul o‘ngga! Oldinga yurilsin! – buyurdi kapitan Faragut.

Vint yana ishlay boshladi va kema yorqin yog‘du sochayotgan manbadan tez chekina boshladi.

Men yanglishdim: kema chekinmoqchi bo‘ldi, ammo o‘ta g‘ayritabiiy maxluq undan ikki baravar tezroq yurib bosib kela boshladi.

Biz nafasimizni ichimizga yutib, churq etmay, qotib turardik. Bu qo‘rquv emas, balki ajablanish belgisi edi. Hayvon hazillashganday bizni quvib yetdi. U o‘n to‘rt uzel tezlikda yurib, o‘zining elektr nurlarini yorug‘lik chiqaruvchi chang singari taratib, kemadan o‘zib ketdi. So‘ngra u uchib borayotgan ekspress lokomotivi ortidan qoldiradigan halqa-halqa tutunga o‘xshash yog‘du taratib ikki yoki uch milya masofaga suzib ketdi. Biroq bahaybat maxluq go‘yo hamla qilish uchun orqaga tisarilgandek to‘satdan qorong‘ilik ichidan chiqib, «Avraam Linkoln» tomon dahshatli tezlik bilan otildi. Xuddi o‘shanday yigirma futlar chamasi narida to‘satdan to‘xtadi va… o‘chdi. U suvga cho‘kkani yo‘q, u holda taralayotgan yog‘du asta-sekin so‘nardi; unga yorug‘lik berayotgan manba kuchi birdan tugab qolganday to‘satdan o‘chdi.

Birpasdan keyin bahaybat maxluq yana paydo bo‘ldi. Endi u «Avraam Linkoln»ni aylanib o‘tdimi, ostidan o‘tdimi, kemaning boshqa tomonidan chiqdi.

Har daqiqada biz uchun halokatli bo‘lgan to‘qnashuv yuz berishi mumkin edi.

Meni kemaning manyovrlari hayratga solardi. U bahaybat maxluq bilan jang boshlash o‘rniga chap berar, undan qochar edi. Bahaybat maxluqni quvish uchun yuborilgan kema o‘zi quvg‘in holatiga tushib qoldi.

Men bu mulohazamni kapitan Faragutga aytdim. Uning odatdagi vazmin chehrasida hozir o‘ta hayratlanish alomatlari ko‘rinardi.

– Bilasizmi, professor, – deya javob qaytardi u menga, – men qanaqa ulkan yirtqich bilan to‘qnashayotganimni bilmayman va binobarin, bu zulmatda o‘z kemamni tavakkal qilib, xavf ostida qoldirmoqchi emasman. Bu noma’lum maxluqqa qanday hujum qilish kerak, qaysi yo‘l bilan himoyaga o‘tish kerak? Yaxshisi, tong otguncha sabr qilaylik, ana o‘shanda o‘rnimiz almashinadi.

– Kapitan, bu mavjudotning tabiati haliyam sizni shubhalantiryaptimi?

– Yo‘q, professor. Bu juda ulkan narval bo‘lsa kerak, ammo elektr narval.

– Ehtimol, – deya davom ettirdim men, – unga yaqinlashish gimnot[22 - Gimnot – elektr ugol (ilonbaliq).] yoki suzar minaga yaqinlashishday xavfli.

– Bo‘lishi mumkin, – fikrimga qo‘shildi kapitan. – Agar u buning ustiga elektr bilan zaryadlangan bo‘lsa, unda chindan ham dunyodagi eng xavfli hayvon bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham ehtiyot bo‘lishga qaror qildim.

Kema ekipaji tun bo‘yi mijja qoqmadi. Hech kim kema sahnidan jilmadi. «Avraam Linkoln» tezlikda narvalga bas kelolmasligiga qanoat hosil qilgach, yurishini sekinlatdi.

Narval ham o‘z navbatida kemaga taqlid qilib, to‘lqinda sekin chayqalib turardi, aftidan, jang maydonini tashlab ketgisi yo‘q edi.

Ammo negadir yarim kechada u g‘oyib bo‘ldi yoki aniqroq qilib aytganda – juda ulkan yaltiroq qurtga o‘xshab o‘chdi. Qochayotganmikin? Bunday bo‘lishini orzu qilishdan ko‘ra unga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Ammo oradan bir soat o‘tgach, kichkina teshikdan kuchli bosim bilan o‘tayotgan suv tovushiga o‘xshagan quloqni bitiruvchi ovoz eshitildi.

Kapitan Faragut, Ned Lend va men shu payt kema sahnida edik. Biz atrofimizni o‘rab olgan tun zulmati qa’riga tikilganimizcha turardik.