banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


– Ned Lend, – so‘radi kapitan, – kitlarning ovoz chiqarishini ko‘p eshitganmisiz?

– Ko‘p eshitganman, kapitan, ammo hozirgacha bir ko‘rinishi ikki ming dollar keltirgan kitni uchratmagan edim.

– Siz chindan ham mukofotga sazovor bo‘ldingiz. Biroq ayting-chi, hozir eshitayotganingiz kitlarning burun kataklaridan chiqadigan ovozga o‘xshaydimi?

– Ovozi o‘xshaydi-yu, ammo haddan tashqari kuchli. Qarshimizda qandaydir kitsimon hayvon turganiga shubha yo‘q va ruxsatingiz bilan, kapitan, ertaga ertalab uning qulog‘iga aytadigan ikki og‘iz so‘zim bor, – deb qo‘shib qo‘ydi garpunchi.

– Agar u sizni eshitishni istasa, Ned, – deb luqma tashladim men, – ammo negadir bunga unchalik ishongim kelmayapti.

– Agar men unga garpunimning to‘rt baravar bo‘yicha keladigan masofada yaqinlasha olsam, – deya e’tiroz bildirdi kanadalik, – kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman.

– Gapingiz to‘g‘ri-yu, ammo buning uchun sizga eshkakli qayiq berishga to‘g‘ri kelar? – so‘radi kapitan.

– Albatta.

– Eshkakchilarning hayotini xavf ostida qoldirib-a?

– Ha, mening hayotimdek, – deya loqaydlik bilan javob qaytardi garpunchi.

Kechasi soat ikkiga yaqinlashganda elektr shu’la shamol esayotgan tomonda, «Avraam Linkoln»dan besh milya narida yana paydo bo‘ldi. Oradagi shuncha masofa, shamol va dengiz shovqiniga qaramay maxluq dumini shaloplatayotgani va harsillab nafas olayotgani aniq eshitilib turardi. Narval nafas olish uchun suv sathiga chiqqanida, uning o‘pkasiga havo shu qadar kuch bilan o‘tar ediki, ikki ming kuchli mashina silindrlariga bug‘ kiryapti, deb o‘ylardi kishi.

– Obbo! Butun boshli otliq askarlar polkining kuchiga teng keladigan kit, chakana kitlarga o‘xshamaydi.

Tun ehtiyot bo‘lib kutish va jangga hozirlik ko‘rish bilan o‘tdi. Kit ovlaydigan qurol-yarog‘lar kema yonlariga qator tizib qo‘yildi. Kapitanning ikkinchi o‘rinbosari bir milyaga garpun ota oladigan garpun to‘plari, eng katta maxluqlarni ham portlaydigan o‘q otib o‘ldiradigan kalta beshotar miltiqlarni shaylab qo‘yishni buyurdi. Ned Lend garpunini charxlab olganidan xursand edi.

Soat oltida tong otdi. Kun g‘ira-shira yorishi bilanoq narval atrofidagi elektr yog‘du yo‘qoldi.

Soat yettida kun chiqdi. Ammo eng yaxshi durbinlar ham yorib o‘tolmaydigan qalin tuman atrofni ko‘rishni mushkullashtirgan edi. Odamlar qanchalik ranjib, g‘azablanganliklarini bir ko‘z oldingizga keltiring.

Men bizanning[23 - Bizan – kema ortidagi kichik machta.] birinchi to‘siniga chiqib oldim. Bir necha ofitserlar undan ham balandga ko‘tarildilar.

Soat sakkizda tuman to‘lqinlar ustidan suzib o‘tdi va asta-sekin parcha-parcha bo‘lib yuqoriga ko‘tarila boshladi.

Avvalgiday to‘satdan Ned Lendning ovozi eshitilib qoldi.

– O‘sha narsa – shamol esayotgan tomonda, kemaning quyruq tomonida! – deb qichqirdi garpunchi.

Hamma o‘sha tomonga qaradi.

Darhaqiqat, kemadan bir yarim milya narida uzun qora tanasining taxminan bir metrchasi suvdan chiqib turar edi. Tez harakat qilayotganidan bo‘lsa kerak, uning dum tomonida dengiz pishqirib to‘lqinlanardi. Menga ma’lum bo‘lgan birorta hayvon suvni shu qadar katta kuch bilan urmas edi. Orqasidan kattagina joyda ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq ko‘pik qoldirar edi.

Kema bahaybat maxluq tomon yurdi. Men ko‘zimni uzmay va nafasimni ichimga yutib unga tikilib turardim. «Xanaan» va «Gelvitsiya» o‘z raportlarida narvalning hajmini ancha kattalashtirib ko‘rsatgan ekanlar. Men uning uzunligini bor-yo‘g‘i ikki yuz ellik fut chamaladim. Uning yo‘g‘onligini aytish qiyin edi, ammo har uchala tomonga ham mutanosibday taassurot qoldirdi menda.

Men maxluqni kuzatayotganimda uning burun kataklaridan ikki o‘rim suv otilib, qirq metr balandlikka ko‘tarildi. Bundan uning qanday qilib nafas olishi to‘g‘risida ma’lum tasavvurga ega bo‘ldim.

Bu sirli mavjudot umurtqalilar to‘dasi, sutemizuvchilar sinfi, bir qorinlilar sinfchasi, kitsimonlar guruhiga kiradi, degan xulosaga keldim. Oilasiga kelganda… bunisini hali men bilmas edim.

Kitsimonlar guruhi kitlar, kashalotlar va delfinlar oilasini o‘z ichiga oladi. Narvallar ham shu so‘nggisiga kiradi. Bu har bir oila yana ko‘plab oilachalarga, oilachalar nasllarga, nasllar turlarga bo‘linadi. Turlar, nasllar, oilachalar va oilalar – bular haqida hozircha mulohaza yuritishim qiyin, ammo Ned Lendning san’ati va kapitan Faragutning tajribaliligi tufayli yaqin orada bu ma’lumotlarni ham olishimga sira shubhalanmas edim.

Komanda boshliqning buyruqlarini sabrsizlik bilan kutar edi. Kapitan bahaybat maxluqni diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, kema injenerini chaqirishni buyurdi. U ham tezda yetib keldi.

– Bug‘ga yaxshilab o‘t qalanganmi? – so‘radi kapitan.

– Xuddi shunday, kapitan, – javob berdi injener.

– Yaxshi. O‘txonaga yana ko‘mir tashlang! Bu buyruq uch marta «ura» sadosi bilan qarshi olindi.

Jang soati keldi.

Bir necha minutdan keyin kemaning ikkala mo‘risidan buruqsib qop-qora tutun ko‘tarildi va kema asta zirillay boshladi.

«Avraam Linkoln»ning qudratli vinti kemani to‘ppa-to‘g‘ri bahaybat maxluq tomon surib ketdi. Maxluq kemaning o‘ziga yarim kabeltgina yaqinlashuviga yo‘l qo‘yib berdi. Shundan so‘ng suvga cho‘kmay, bizning kemamiz bilan oldingi oraliqni saqlab, sekin orqaga suza boshladi.

Ta’qib chorakam bir soat davom etdi, ammo shu vaqt ichida «Avraam Linkoln» unga bir fut ham yaqinlasholmadi. Bu tezlik bilan maxluqni quvib yetib bo‘lmasligi aniq edi.

Kapitan Faragut jahl bilan qalin soqolini tortqilar edi.

– Ned Lend! – qichqirdi u. Kanadalik unga yaqinlashdi.

– Qani, janob kit ovlovchi, – unga murojaat qildi kapitan, – sizga eshkakli qayiq kerakmi?

– Yo‘q, – deb javob berdi garpunchi. – Bu dog‘ulini o‘zi qo‘lga tushmaguncha olib bo‘lmaydi.

– Xo‘sh, nima qilish kerak?

– Iloji bo‘lsa, bug‘ bosimini oshirish kerak. Ruxsatingiz bilan, men kema tumshug‘iga o‘rnashib olaman va biz unga yetarli darajada yaqinlashgan zahoti garpun tashlayman.

– Juda soz, Ned, – dedi kapitan va so‘zlashuv trubasidan buyruq berdi:

– Bug‘ni oshiring!

Ned Lend o‘z o‘rniga qarab ketdi. O‘txonalarga yana ko‘mir qalandi va vint minutiga qirq uch marta aylana boshladi. Suvga tashlangan lag[24 - Lag – kemaning bosib o‘tgan yo‘lini yoki tezligini aniqlaydigan asbob.] kemaning soatiga o‘n sakkiz yarim milya tezlikda suzayotganini ko‘rsatdi.

Ammo la’nati maxluq ham soatiga o‘n sakkiz yarim milya tezlikda suza boshladi.

Bir soat davomida kema shu tezlikda suzsa-da, lekin bu bilan u bir santimetr ham yutmadi. Bu Amerika flotining eng tezyurar kemasi uchun uyat edi.

Butun komanda qutura boshladi. G‘azablangan matroslar bahaybat maxluqni so‘kishardi. Biroq u bu gaplardan hazar qilganday churq etmas edi. Kapitan Faragut tortqilayotgan soqolini endi tishlay boshladi.

Injener yana ko‘prikcha ustiga chaqirib kelindi.

– Bosimni so‘nggi nuqtasigacha yetkazdingiz-mi? – so‘radi kapitan.

– Ha, – javob berdi injener.

– Necha atmosferagacha?

– Olti yarimgacha.