banner banner banner
Rivoyat va ertaklar
Rivoyat va ertaklar
Оценить:
 Рейтинг: 0

Rivoyat va ertaklar

Rivoyat va ertaklar
USMON QO‘CHQOR

USMON QO‘CHQOR

Rivoyat va ertaklar

SHIROQ

She’riy rivoyat

DORONING BOSTIRIB

KIRISHI VA SHIROQNING

BIR QARORGA KELISHI

Yer-ko‘kni bosdi faryod,

Dahshat, vahshat, g‘alayon.

Ulovda yo piyoda

Bosib kelar olomon.

Qochib kelar xaloyiq

Oh-u zor, dodlar bilan.

Mingani – tuya, xachir,

Eshag-u otlar bilan.

Kimdir kimnidir qarg‘ab,

Kim yiqilib, kim turib,

Guvlab kelar izdihom

Ko‘chki kabi surilib.

Go‘yo qiyomat-qoyim

Bosgan deysiz dunyoni.

Quyoshni to‘sib qo‘ygan

Sahroning chang-to‘zoni…

Shu sahroda bir cho‘pon

Bor edi – oti Shiroq.

Bir ozgina quv edi,

Bir oz sodda, odmiroq.

Ota-bobodan meros

Bir tayog‘-u bir nayi.

Lablarida tabassum,

Nur sochadi manglayi.

Nigohlari burgutdek,

Soch – yelkada qo‘ng‘iroq…

Xullas, suruvni haydab,

Nay chalib yuragini choq –

Bu ur-sur, chang-to‘zondan

Hayratda turib qoldi.

Itlar tinmay vovullar,

Otlar pishqirib qoldi.

Duv etib bitta joyga

To‘plandi-ku suruvi.

Sahroga soldi larza

Xaloyiqning g‘uv-g‘uvi.

Shiroq otiga minib

Yeldi o‘tovi tomon.

Borsa, quduq oldida

G‘ujg‘on qaynar olomon.

Qaydan kelmish buncha el

Sel yoqqandek bemahal?