banner banner banner
Rivoyat va ertaklar
Rivoyat va ertaklar
Оценить:
 Рейтинг: 0

Rivoyat va ertaklar


Shaklar yurti, go‘zal diyor,

Ta’rifingga yo‘qdir so‘z.

Har yov seni qildi havas,

Har bosqinchi tikdi ko‘z.

Ko‘klami jannat kabi,

Yozlari bir tush o‘lka.

Kuzi oltinning o‘zi,

Qishlari kumush o‘lka.

Yuraklarga o‘t solgan

Misli o‘t-otash Vatan.

Falakning andozasi,

Osmonga tutash Vatan.

Yerga suqsang ko‘karar

Cho‘ponning tayog‘i ham…

Mana, seni toptadi

Doroning oyog‘i ham.

Minglab chodir tikilgan,

Qoq o‘rtada qarorgoh.

Kulgu o‘rlar falakka,

Ko‘kka o‘rlar zor-u oh.

Lashkar uchun xizmatda

Minglab cho‘ri, qul edi.

Forslar g‘alabadan mast,

Ishratga mashg‘ul edi.

Oson kechgan janglardan

Doro shod edi juda.

Chodirida – a’yonlar,

O‘yin-kulgu avjida.

Shu payt kirib bir posbon

Bukildi, ta’zim qildi.

O‘pdi Doro etagin,

Oyog‘iga yiqildi.

Dedi: ”Kelmish bir yigit,

Maymun yig‘lar holiga.

Ruxsat so‘rar kirgali

Bu dargohi oliyga!”

“Kim ekan u? – der Doro,

Norozi nigoh tashlab, –

Xo‘p, qurolin oling-u,

O‘zini keling boshlab”.

Kirib keldi bir jonzot,

Odamlik siyog‘i yo‘q.

Qo‘l-oyog‘i, boshi bor,

Burni yo‘q, qulog‘i yo‘q.

Aysh ichra bu Doroga

Juda xunuk ko‘rindi:

Qaydan kelmish g‘o‘laga

Qo‘ndirilgan bu mo‘ndi?

“Xo‘sh, kimsan, nega kelding,

Bu ne turq-u tarovat!?”