banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Bo‘lmasa Kanar orollarida to‘xtab o‘tamiz, – dedi Glenarvan, – shunday yo‘limiz ustida-ku.

‒ Bilaman buni, azizim Glenarvan. Uch guruhdan iborat bo‘lgan Kanar orollari meni ko‘pdan beri qiziqtirib kelayotgan Tenerif cho‘qqisini hisobga olmaganda ham, o‘rganishga arziydigan joy. Mana endi bunga juda qulay payt keldi. Fursatdan foydalanib, meni qayta Yevropaga eltib tashlaydigan kema kelguncha bu mashhur toqqa chiqib tushaman.

‒ Ixtiyoringiz, aziz Paganel, – dedi beixtiyor jilmayib Glenarvan.

Kulishga arzigudek asoslari bor edi.

Kanar orollari Madeyradan uzoq emas, hammasi bo‘lib ikki yuz ellik milya masofada, bu masofani bosib o‘tish esa «Dunkan»dek tezyurar kema uchun hech gap emas.

31-avgust kunduz soat ikkida Jon Mangls bilan Paganel palubada sayr qilib yurar edilar. Fransuz olimi o‘z hamsuhbatiga Chili to‘g‘risida savollar yog‘dirmoqda edi.

Birdan kapitan uning so‘zini kesdi:

‒ Janob Paganel! – dedi u ufqning janub tomonidagi allaqanday bir nuqtani ko‘rsatib.

‒ Nima gap, aziz kapitan? – deb so‘radi olim.

‒ Anavi tarafga bir qarang. Hech narsa ko‘rmayapsizmi?

‒ Hech narsa ko‘rayotganim yo‘q.

‒ Siz boshqa tomonga qarayapsiz. Ufqqa emas, balandroqqa, bulutlar orasiga qarang.

‒ Bulutlar orasiga? Qancha qarasam ham…

‒ Endi bushpritning[38 - Bushprit – kemaning tumshuq tomonidagi machta.] reykasi yo‘nalgan tomonga qarang.

‒ Hech narsa ko‘rmayapman.

‒ Siz ko‘rishni istamayapsiz, xolos! Ishonavering, Tenerif cho‘qqisidan hali qirq milya masofada bo‘lsak ham, uning tik qoyasi ufqda yaqqol ko‘rinib turibdi.

Paganel u tog‘ni ko‘rgisi kelsa-kelmasa, bir necha soatdan keyin o‘zining ko‘r emasligini isbot qilish uchun Jon Manglsning fikriga qo‘shilishga majbur bo‘ldi.

‒ Xayriyat, – dedi unga kapitan, – nihoyat uni ko‘rdingiz-a.

‒ Ha, ha juda yaxshi ko‘ryapman. Tenerif cho‘qqisi deganimiz hali shumi? – dedi geograf, uni mensimaganday.

‒ Xuddi o‘sha.

‒ Juda ham baland toqqa o‘xshamaydi-ku.

‒ Har holda, u dengiz sathidan o‘n bir ming fut baland.

‒ O‘shanda ham u Monblan bilan tenglasha olarmidi.

‒ Ehtimol, lekin siz bu toqqa chiqa boshlaganingizda uning juda baland ekaniga amin bo‘lasiz.

‒ Chiqish deysizmi? Tenerif cho‘qqisiga chiqamanmi? Gumboldt bilan Bonplandan[39 - Aleksandr Gumboldt (1769 – 1859) – nemis tabiatshunosi, sayyoh, geograf. 1799 –1804-yillarda fransuz botanigi E.Bonplan bilan birga Markaziy va Janubiy Amerikani tadqiq qilib Yevropaga qaytgach, toʻplagan kolleksiyalarini 30 jildli asarida umumlashtirdi (1807 – 1834). 1829-yil Rossiya va Oʻrta Osiyoga kelgan (Muharrir).] keyin unga chiqishning nima keragi bor? Genial Gumboldt bu toqqa chiqib, uni shunday tasvirlab berganki, endi unga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi. U o‘sha paytdayoq bu tog‘ni besh mintaqaga bo‘lgan: tokzorlar mintaqasi, lavr daraxtlari mintaqasi, qarag‘aylar mintaqasi, alp archalari mintaqasi va, nihoyat, hech qanday o‘simlik o‘smaydigan mintaqa. Gumboldt Tenerif cho‘qqisining eng uchigacha chiqqan, unda hatto o‘tiradigan joy ham yo‘q ekan. Uning ko‘z oldida Ispaniyaning to‘rtdan biriga teng keladigan sahn ochilgan. Keyin u bu so‘nib qolgan vulqon kraterining eng tagigacha tushgan. Gumboldtday buyuk odamdan keyin bu tog‘da men nima ham qilardim?

‒ To‘g‘ri, undan keyin siz biror yangilik ocholmasangiz kerak, – deb uning so‘ziga qo‘shildi Jon Mangls. – Afsus, to biror kema kelguncha Tenerif portida juda zerikib qolasiz-da. Bu yerda kishini ovutadigan hech narsa ham yo‘q.

‒ Turgan gap, bu yerda umid faqat kishining o‘zidan, – deb kuldi Paganel. – Azizim Jon, Yashil Burun orollarida biror kattaroq port yo‘qmi?

‒ Bor, albatta. Masalan, Villa-Prayyada Yevropaga ketayotgan biror o‘tkinchi paroxodga osonlik bilan o‘tib olishingiz mumkin.

‒ Buning yana bir qulaylik jihati bor, – dedi Paganel. – Yashil Burun orollari Senegalga yaqin joyda, Senegalda esa men hamshaharlarimni topib olishim mumkin. To‘g‘ri, bu orollar gruppasining mutlaqo qiziq joyi yo‘q, bo‘m-bo‘sh joylar ekanini, buning ustiga ob-havosi yomon ekanini men yaxshi bilaman. Lekin geograf uchun hamma narsa ham qiziq: ko‘ra bilishning o‘zi – fandir. Ba’zi odamlar hech narsani ko‘rolmaydilar, ular shunday «oqilona» sayohat qiladilarki, qisqichbaqasimonlardan mutlaqo farq qilmaydilar. Lekin men undaylardan emasman, bunga amin bo‘lavering.

– Ixtiyoringiz, janob Paganel, – deb javob berdi Jon Mangls. – Sizning Yashil Burun orollarida bo‘lishingiz geografiya fanini albatta boyitishiga shubhasiz ishonamiz. Biz esa ko‘mir g‘amlab olish uchun u yerda albatta to‘xtab o‘tishimiz shart. Ana shunda siz qirg‘oqqa tushib olasiz, bu bizni mutlaqo yo‘ldan qo‘ymaydi.

Kapitan shunday dedi-yu, kemani Kanar orollarining g‘arb tomoniga qarata yo‘lladi. Mashhur Tenerif cho‘qqisi orqada qoldi. Ilgarigidek tez yo‘l bosib borayotgan «Dunkan» 2-sentabr ertalab soat beshda Qisqichbaqa tropikidan o‘tdi. Ob-havo o‘zgara boshladi. Havo yomg‘irgarchilik paytlarida bo‘lganiday og‘ir va rutubatli bo‘lib qoldi. Bunday paytlarni ispanlar «ko‘lob payti» deb ataydilar. Bu sayohatchilar uchun juda og‘ir tushadi, lekin Afrika orollaridagi o‘simlikning kam bo‘lishidan, demak, namgarchilikning yetishmasligidan azob chekuvchi aholi uchun esa foydali bo‘ladi. Dengiz notinch bo‘lganidan kemadagi yo‘lovchilar palubaga chiqmas edilar, lekin bu kayut-kompaniyadagi suhbatlarni sovuta olmadi.

3-sentabrda Paganel kemadan tushib qolishga tayyorlanib, yuklarini saranjomlay boshladi. «Dunkan» endi Yashil Burun orollari o‘rtasidan o‘tib bormoqda edi. U qumloq qabrga o‘xshagan bo‘m-bo‘sh va yalang‘och Tuz oroli yonidan o‘tdi, keng marjon riflari yoqalab suzdi, keyin esa shimoldan janubga qarab cho‘zilgan bazalt tog‘ tizmalari ikkiga bo‘lib turgan muqaddas Yakov orolini chetda qoldirib, Villa-Prayya buxtasiga kirdi-da, shunday shahar qarshisiga kelib, langar tashladi. Ob-havo juda yomon edi, buxta dengiz shamollaridan to‘silganiga qaramay, unda to‘lqinlar quturar edi. Yomg‘ir chelaklab quygandek yog‘ar, shahar zo‘rg‘a ko‘rinardi. Shahar vulqondan paydo bo‘lgan uch yuz fut balandlikdagi toqqa borib taqaladigan tekislikka joylashgan edi. Qalin yog‘ayotgan yomg‘ir orqasida orol g‘oyat ma’yus ko‘rinardi.

Elen Glenarvan shaharni aylanaman degan o‘yini amalga oshira olmadi. Kemaga ko‘mir ortish juda qiyinchilik bilan bormoqda edi. Dengiz bilan osmon o‘z suvlarini allaqanday iztirob ichida bir-biriga qo‘shayotgan bir paytda yo‘lovchilarimizning kayut-kompaniyada o‘tirishdan boshqa iloji yo‘q edi. Tabiiyki, kemada hamma tabiat mavzuida so‘zlashar, bu to‘g‘rida har kim ham biror gap aytardi. Faqat mayor bir og‘iz ham so‘z demadi; u butun dunyoni suv olib ketsa ham pinagini buzmasa kerak.

Paganel bosh chayqab, kayutada u yoq-bu yoqqa yurardi.

‒ Havo buni jo‘rttaga qilayotganga o‘xshaydi-ya! – deb takrorlar edi u.

‒ Haqiqatan ham tabiat kuchlari sizga qarshi bosh ko‘tarishdi, – dedi Glenarvan.

‒ Baribir men ular ustidan g‘alaba qilaman.

‒ Shunday havoda kemadan qanday qilib tushasiz, axir? – deb so‘radi Elen.

‒ O‘zim-ku, xonim, sohilga bemalol yetib olaman-a, lekin yukim bilan asboblarimdan xavotirdaman: hammasi rasvo bo‘lib ketadi-da.

‒ Qiyini faqat sohilga yetib olish, – dedi Glenarvan, – Villa-Prayyaga yetib olganingizdan so‘ng boplab joylashib olasiz; to‘g‘ri, tozalik masalasi juda ham yaxshi emas bu yerda: maymunlar va cho‘chqalar bilan yonma-yon yashashga to‘g‘ri keladi, ular bilan qo‘shnichilik qilish esa hamma vaqt ham ko‘ngilli bo‘lavermaydi. Lekin sayyoh bunday arzimagan narsalarga e’tibor qilmasligi kerak. Siz bu yerda uzoq qolib ketarmidingiz, yetti-sakkiz oydan keyin Yevropaga ketayotgan biror kemaga chiqib olasiz.

‒ Yetti-sakkiz oydan keyin dedingizmi?! – deb so‘radi Paganel.

‒ Ha, kam deganda yetti-sakkiz oydan keyin: yog‘ingarchilik davrida Yashil Burun orollariga kemalar kamdan-kam kiradilar-da! Lekin siz bu vaqtdan yaxshi foydalanishingiz mumkin. Bu arxipelag hali yaxshi o‘rganilgan emas. Bu yerda topografiya sohasida ham, klimatologiya sohasida ham, etnografiya va gipsometriya[40 - Topografiya – geodeziyaning yer sathini o‘lchash hamda uni plan va kartalarda ifodalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi. Klimatologiya – iqlim turlarini, ularning yuzaga kelishi va ta’sirini o‘rganuvchi fan. Etnografiya – xalqlarning kelib chiqishini, turmushini, moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganadigan fan. Gipsometriya – biror joyning balandligini o‘lchash (Muharrir).] sohasida ham qilinadigan ishlar ko‘p.

‒ Siz daryolarni tekshirish ishi bilan shug‘ullanishingiz mumkin, – dedi Elen.

‒ Bu yerlarda daryo yo‘q, xonim, – deb javob berdi Paganel.

‒ Unda kichikroq oqar suvlarni tekshirasiz.

‒ Bunday oqar suv ham yo‘q.

‒ Unday bo‘lsa o‘rmonlarni o‘rganishga to‘g‘ri kelar ekanda, – deb gapga aralashdi mayor.

‒ O‘rmon bo‘lish uchun daraxt bo‘lishi kerak, bu yerda esa daraxt degan narsaning o‘zi yo‘q.

‒ Zap go‘zal o‘lka ekanmi! – deb qo‘ydi mayor.

‒ Xafa bo‘lmang, aziz Paganel, – deb unga tasalli berdi Glenarvan, – har holda tog‘lar bor-ku.