banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


Paganelga qoyil bo‘lmay iloj yo‘q edi. U g‘oyat zavqlanib so‘zlar, qizg‘in tasavvuri qanot yozib, uni ko‘klarga ko‘tarib ketardi. Reyn shalolasining suvini to‘xtatib bo‘lmaganidek, so‘zlab turgan Paganelni ham to‘xtatishning sira iloji yo‘q edi.

‒ Janob Jak Paganel, – deb gap boshladi Glenarvan, mashhur olim bir minutgina tinchiganidan foydalanib, – siz aytgan sayohat, albatta, ajoyib sayohat, buning uchun fan sizdan g‘oyat minnatdor bo‘ladi. Lekin men endi sizdan haqiqatni yashirib o‘tirmoqchi emasman, endi siz vaqtinchalik bo‘lsa ham Hindiston safari to‘g‘risida o‘ylamay turishingiz kerak bo‘ladi.

‒ O‘ylamay turishim kerak? Nechuk?

‒ Chunki siz hozir Hindiston yarimoroliga tamom qarama-qarshi tomonga ketyapsiz.

‒ Nima! Kapitan Berton…

‒ Men kapitan Berton emasman, – deb javob berdi Jon Mangls.

‒ Axir «Shotlandiya»…

‒ Bu kema «Shotlandiya» emas!

Paganelning hayronligini tasvir qilib bo‘lmaydi, u navbati bilan tamomila jiddiy qarab turgan Glenarvanga, olimga achinib va xafa bo‘lib qarab turgan Elenga va Meri Grantga, kulumsirab turgan Jon Manglsga, pinagini buzmagan mayorga bir-bir qarab chiqdi, keyin peshonasidagi ko‘zoynagini burni ustiga tushirib, yelkasini qisib qo‘ydi-da:

‒ Bu qanday o‘rinsiz hazil! – dedi.

Lekin xuddi shu payt ko‘zi shturvaldagi yozuvga tushib qoldi, unga: «Dunkan, Glazgo», – deb yozib qo‘yilgan edi.

‒ «Dunkan!», «Dunkan!» – deb qichqirdi hayratda qolgan Paganel, so‘ng zinapoyadan otilib tushdi-da, o‘z kayutasiga qarab yugurdi.

Bechora olim ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilanoq mayordan boshqa hamma qah-qah urib kulib yubordi, hatto matroslar ham o‘zlarini tiya olmadilar. Temiryo‘lda poyezdni adashtirish, masalan, aytaylik, Dumbarton poyezdi o‘rniga Edinburg poyezdiga tushib qolish – bir nav edi-ya, lekin kemalarni adashtirib qo‘yish va Hindistonga jo‘nab ketish o‘rniga Chiliga qarab yo‘l olish, bu, endi o‘taketgan parishonlik edi!

‒ Lekin Jak Paganelning bu ishi meni aslo ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan. – Paganel bunday sarguzashtlari bilan dong‘i chiqqan kishi, bir marta u Amerikaning ajoyib xaritasini nashr qildirganda unga Yaponiyani joylab qo‘yibdi. Lekin bu uning mashhur olim va Fransiyaning eng dongdor geograflaridan biri sifatida tanilishiga sira ham xalaqit berolmaydi.

‒ U bechorani endi nima qilamiz? – deb so‘radi Elen. – O‘zimiz bilan birga Patagoniyaga olib keta olmaymiz-ku, axir!

‒ Nima uchun olib ketolmas ekanmiz? – deb gap qistirdi Mak-Nabbs. – Uning parishonligiga biz javobgar emasmiz-ku? Yanglishib boshqa poyezdga tushib qolganda nima qilardi, uni to‘xtata olarmidi?

‒ To‘xtata olmas edi, lekin eng birinchi stansiyadayoq tushib qolgan bo‘lardi, – deb e’tiroz qildi Elen.

‒ Xohlasa yo‘lda uchragan dastlabki gavandayoq tushib qolishi mumkin, – dedi Glenarvan.

Shu payt yuklari shu paroxodda ekaniga ishonch hosil qilgan Paganel yana palubaga chiqdi. Uyalgan va xunobi chiqqan olim, go‘yo boshqa so‘z topolmagandek nuqul: «Dunkan», «Dunkan» deb takrorlar, kemaning machtalarini ko‘zdan kechirib, atrofda yastlanib yotgan bepoyon dengizga nazar tashlab, u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Nihoyat, u yana Glenarvan oldiga keldi.

‒ Bu, «Dunkan» qayoqqa ketyapti? – deb so‘radi u.

‒ Amerikaga, janob Paganel.

‒ Amerikaning qayeriga?

‒ Konsepsionga.

‒ Chiliga! Chiliga! – deb qichqirib yubordi sho‘rlik olim. – Mening ekspeditsiyam esa – Hindistonga edi! Markaziy komissiyaning prezidenti Katrfaj janoblari nima deydi endi? Kortamber janoblarichi! Viven de-Sen Marten janoblarichi! Men endi Geografik jamiyatning majlisida qay yuz bilan ko‘rinaman!

‒ Ko‘p xafa bo‘lavermang, janob Paganel, – deb unga tasalli bera boshladi Glenarvan, – hammasi to‘g‘rilanib ketadi, Hindistonga biroz kechikibroq yetib borasiz, xolos. Yaru-Dzangbo-Chu daryosi esa sizni Tibet tog‘larida kutib tura turadi. Biz ko‘p o‘tmay Madeyra orolida to‘xtaymiz, Yevropaga ketayotgan biror kemaga o‘tib olarsiz.

‒ Tasalli berganingiz uchun tashakkur, ser. Boshqa iloj ham yo‘qqa o‘xshaydi. Qarang-a, bundan ham qiziq ish bo‘lishi mumkinmi! Mendan bo‘lak hech kim bunday qilmas. «Shotlandiya»dagi buyurtirib qo‘ygan kayutamni aytmaysizmi…

‒ Endi «Shotlandiya»ni hozircha unutsangiz ham bo‘ladi.

‒ Lekin «Dunkan» ko‘ngil ochish sayohatiga chiqqan kema ko‘rinadi, – deb davom etdi Paganel, «Dunkanni» yana bir marta ko‘zdan kechirib.

‒ To‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi Jon Mangls, – u mister Glenarvanga qarashli kema…

‒ … u esa bu kemada mehmon bo‘lib qolishingizni iltimos qiladi, – deb uning so‘zini tugatdi Glenarvan.

‒ Ko‘pdan ko‘p rahmat, ser, – deb javob berdi Paganel. – Iltifotingiz uchun benihoyat xursandman. Lekin sizga oddiy bir fikr aytishga ruxsat etsangiz: Hindiston – ajoyib mamlakat, unda sayohatchilar har qadamda hech kutilmagan voqealar va mo‘jizalarga duch keladi. Xonimlaringiz u yerlarni ko‘rishmagan bo‘lsa kerak… Shunday bo‘lgandan keyin kapitan kemaning rulini bunday burib yuborsa, «Dunkan» Konsepsion o‘rniga Kalkuttaga qarab yo‘l oladi-qo‘yadi, sayohatingiz ko‘ngil ochish uchun uyushtirilgan bo‘lgandan keyin…

Lekin Paganel shu payt Glenarvanning, bu mumkin emas degandek bosh chayqatganini ko‘rdi-yu, gapi og‘zida qoldi.

‒ Janob Paganel – dedi Elen, – agar biz ko‘ngil ochish maqsadida sayohatga chiqqan bo‘lganimizda, men o‘ylabnetib o‘tirmay, sizga: «Kelinglar, hammamiz birga Hindistonga boramiz», deb javob bergan bo‘lardim, ishonamanki, ser Glenarvan ham bunga mutlaqo qarshi chiqmasdi. Lekin gap shundaki, «Dunkan» Patagoniya qirg‘oqlarida halokatga uchragan kishilarni o‘z vataniga qaytarish maqsadida Amerikaga ketyapti, shuning uchun u o‘zining bunday insonparvar maqsadidan kecholmaydi.

Bir necha minutdan keyin fransuz sayyohi hamma gapdan xabardor bo‘ldi. Hujjatlarning qanday qiziq ahvolda topilgani, kapitan Grantning butun tarixi va Elenning olijanoblik bilan qilgan taklifi to‘g‘risidagi hikoyalarni u hayajon bilan tingladi.

‒ Xonim, – dedi u Elenga qarab, – sizning himmatingiz va jasoratingizga men g‘oyat qoyil qoldim. Kemangiz o‘z yo‘lida davom etaversin! Men uni bir kun bo‘lsa ham yo‘ldan qo‘ysam, vijdon qiynog‘ida qolgan bo‘lardim.

‒ Demak, bizning ekspeditsiyamizga qo‘shilasiz, shundaymi? – deb so‘radi Elen.

‒ Sira ilojim yo‘q: men topshiriqni bajarishim kerak. Men sizlar birinchi to‘xtagan yeringizdayoq tushib qolaman.

‒ Demak, Madeyra orolida tushib qolasiz, – dedi Jon Mangls.

‒ Madeyra orolida bo‘lsa bo‘la qolsin, mayli. Men u yerda Lissabondan nihoyati bir yuz sakson milya masofada bo‘laman va biror kemaning kelishini kutib tura-turaman.

‒ Bo‘pti, janob Paganel, – dedi Glenarvan, – shunday qilamiz bo‘lmasa. Menga kelganda esa, shu bir necha kun ichida kemada mehmon bo‘lishingizga g‘oyat xursandman. Biz bilan juda ham zerikib qolmasangiz kerak, degan umiddamiz!

‒ Yo‘g‘-e, – dedi olim, – yanglishib, bu kemaga tushib qolganimga xursandman! Lekin, har holda, e’tirof etishim kerak. Hindistonga ketayotgan odamning Amerikaga yo‘l olishidan ham kulgili gap bo‘lmas.

Yuz bergan bu voqea qanchalik xunuk bo‘lmasin, Paganel Hindistonga kechikibroq borish fikriga ko‘nishga majbur bo‘ldi, chunki boshqa iloji yo‘q edi. Uning yoqimtoy, quvnoq va, albatta, parishon odam ekanligi ma’lum bo‘ldi, u o‘zining doimiy quvnoqligi bilan xonimlarni maftun qildi. Birinchi kunning o‘zidayoq Paganel hamma bilan do‘stlashib ketdi. U kapitan Grant haqidagi hujjatlarni ko‘rsatishni iltimos qildi, barcha ikir-chikirlarigacha nazardan qochirmay, diqqat bilan uzoq o‘rgandi va buni boshqacha izohlash mumkin emas degan fikrga keldi. U Meri Grant bilan ukasining holiga butun yurakdan achindi, otalari bilan albatta uchrashajaklariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga harakat qildi. U «Dunkan» ketayotgan ekspeditsiyaning muvaffaqiyat bilan tugashiga shunday ishonar, bu ishlarga shunday xushchaqchaqlik bilan qarar ediki, uning gaplarini tinglar ekan, qiz o‘zini tabassum qilishdan tiya olmasdi. Turgan gapki, vazifa topshirilgan bo‘lmaganda u ham hech so‘zsiz kapitan Grantni axtarish ishiga kirishib ketgan bo‘lardi.

Paganel, Elen mashhur sayyoh Vilyam Tuffnelning qizi ekanini eshitib, shunday ham iyib ketdiki, asti qo‘yavering! U Elenning otasini tanir edi. Qanday mard sayyoh edi u! Vilyam Tuffnel Parij geografik jamiyatining korrespondent a’zosi ekanida ular bir-birlariga qanchadan-qancha xat yozishgan edilar-u! Tuffnelni jamiyatga a’zo qilib olishni ham Paganel bilan Malt-Bryun janoblari taklif qilishgan edi!.. Mana bu uchrashuvni qarang-a! Vilyam Tuffnelning qizi bilan sayohat qilish qanday yaxshi!

Oxiri u Elendan bitta o‘pishga ruxsat so‘radi. Garchi bu biroz «adabsizlik» bo‘lsa ham o‘pishga ijozat berildi.

Sakkizinchi bob

«DUNKAN»DAGI YAXSHI ODAMLARNING SONI YANA BITTA ORTDI

«Dunkan» esa Shimoliy Afrika qirg‘oqlaridagi yo‘ldosh oqimlar yordami bilan ekvatorga tez yaqinlashib kelmoqda edi. 30-avgustda Madeyra oroli ko‘rindi. Glenarvan o‘z va’dasida turdi va Paganelga «Dunkan» uni qirg‘oqqa tashlab ketish uchun bu orolda to‘xtashi mumkinligini bildirdi.

‒ Azizim Glenarvan, – deb javob berdi Paganel, – keling, takallufni yig‘ishtirib qo‘yaylikda, ochig‘ini gaplashaylik: kemada men paydo bo‘lib qolishimdan oldin Madeyra orolida to‘xtamoqchi edinglarmi?

‒ Yo‘q, – dedi Glenarvan.

‒ Bo‘lmasa bu badbaxt parishonligimdan foydali bir ish chiqarishga ruxsat etsangiz. Madeyra oroli juda yaxshi o‘rganilgan, unda geografni qiziqtiradigan hech bir narsa yo‘q. Orol to‘g‘risidagi gaplarning hammasi aytilib va yozilib bo‘lgan; buning ustiga unda bir vaqtlar taraqqiy qilgan vinochilik hozir tanazzulga uchragan. O‘ylab qarang-a: Madeyra orolida uzum bog‘lari yo‘q endi! 1813-yilda orolda yigirma ikki ming pipa[37 - Pipa – 50 gektolitrga teng (Muallif izohi).] vino tayyorlangan bo‘lsa, 1845-yilda bu miqdor ikki ming olti yuz oltmish to‘qqiz pipaga tushdi. Hozir u yerda tayyorlanadigan vinoning miqdori besh yuz pipaga ham yetmaydi. Qanday achinarli hol! Qisqasi, agar sizga baribir bo‘lsa, meni bu yerda emas, Kanar orollarida tushirib ketsangiz…