banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


KORDILER TOG‘LARIDAN TUSHISH

Mak-Nabbsning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda bu chaylaning yonidan, hatto ustidan yuz marta o‘tib ketganda ham uning borligini sezmagan bo‘lardi. Qor bosib qolgan chayla atrofida do‘mpayib yotgan minglab xarsang toshlardan deyarlik farq qilmas edi. Uni qor tagidan ochib olishga to‘g‘ri keldi. Vilson bilan Myulredi yarim soatcha zo‘r berib ishlaganlaridan so‘ng kichkina otryad chaylaga kirib joylashdi.

Kazucha deb atalgan bu chaylani oftobda kuydirilgan g‘isht-adobes bilan hindular qurgan edilar. Kazucha tomonlari o‘n ikki futdan keladigan kub shaklidagi bino bo‘lib, bazalt qoya ustiga qurilgan edi. Chaylaga kiriladigan torgina birdanbir teshik oldiga toshlardan zinapoya qilingan, teshik qanchalik tor bo‘lmasin tog‘larda temporales quturgan vaqtda undan shamol, qor va do‘l yo‘l topib kira olardi.

O‘n kishi bahazur joylasha oladigan bu chaylaning yog‘ingarchilik paytlarda namdan unchalik saqlay olmaydigan devorlari hozir achchiq sovuqdan ancha saqlashi mumkin edi – termometr o‘n gradus sovuqni ko‘rsatib turardi. Buning ustiga, g‘ishtdan nari-beri qo‘nqaytirib qo‘yilgan trubali o‘choqqa o‘t yoqib, sovuq bilan kurashish ham mumkin edi.

‒ Mana boshpana ham topdik, – dedi Glenarvan, – u qadar qulay bo‘lmasa ham, har holda o‘ziga yarasha.

‒ Nima, nima?! – dedi Paganel. – Saroy-ku, saroy! A’yonlar bilan qorovullar yetishmaydi, xolos. Mazza qilib dam olamiz bu yerda!

‒ Ayniqsa o‘choqqa o‘t yoqib yuborsak bormi, – dedi Tom Ostin. – Axir sovuq bizga ochlikdan kam azob berayotgani yo‘q, hozir bir bog‘ o‘tin meni bir parcha mazali go‘shtdan ham xursand qilgan bo‘lar edi.

‒ Tashvish tortmang, Tom, o‘tin ham topamiz, – dedi Paganel.

‒ Kordiler cho‘qqilarida o‘tin nima qilsin! – dedi Myulredi, ishonmaganday bosh chayqab.

‒ Kazuchaga o‘choq qilganlaridan keyin, yaqin oradan o‘tin ham topilishi kerak, – dedi mayor.

‒ Do‘stimiz Mak-Nabbs juda to‘g‘ri aytdi, – dedi Glenarvan. – Sizlar ovqat taraddudini ko‘raveringlar, o‘tin topib kelish mening bo‘ynimga.

‒ Vilson ikkovimiz ham birga boramiz, – dedi Paganel.

‒ Mening ham foydam tegib qolar… – dedi o‘rnidan turar ekan Robert.

‒ Yo‘q, jasur o‘g‘ilcham, sen dam ol, – deb javob berdi Glenarvan. – Tengdoshlaring hali yosh bola chog‘ida sen kamolga yetgan yigit bo‘lib olasan.

Glenarvan, Paganel va Vilson kazuchadan chiqdilar. Kech soat olti edi. Tiq etgan shabada bo‘lmasa ham havo juda sovuq. Moviy osmon qorayib kela boshladi, botib borayotgan quyoshning oxirgi nurlari tog‘ cho‘qqilarining nayza uchida jilolanib o‘ynardi. Paganel barometrni o‘zi bilan olib oldi. Uning simobi o‘n bir ming yetti yuz fut balandlikni ko‘rsatib turar, demak, Kordilerning bu qismi Monblandan nihoyati to‘qqiz yuz o‘n metr past edi. Shveytsariyaning gigant tog‘larida har qadamda uchrab turadigan qiyinchiliklar bu yerlarda ham uchrab, sayohatchilarimiz bo‘ron va qor to‘fonlariga duch kelgudek bo‘lganlarida ularning birontasi ham Yangi Dunyoning qudratli tog‘ tizmalaridan oshib o‘tolmagan bo‘lardi.

Glenarvan bilan Paganel porfir qoya ustiga chiqib, ufqqa nazar soldilar. Ular Kordiler tog‘ tizmalarining eng baland cho‘qqisida turar, qirq kvadrat mil masofani ko‘zdan kechirar edilar. Tog‘ning sharqiy yonbag‘ri qiya bo‘lib, undan tushish qiyin emas edi, peonlar hatto undan yuz sajenlab masofalarda sirg‘anib tushib ketaverar edilar. Uzoqda muzlar siqib tushirib yuborgan toshlar va xarsanglar to‘planib hosil bo‘lgan katta-katta morenalar[58 - Morena – muzliklar bilan birga ko‘chib kelgan tog‘ jinslari uyumi (Muharrir).] ko‘rinib turardi. Kolorado vodiysida qosh qoraya boshlagan: quyosh g‘arbga botib bormoqda. Sharqdagi uning so‘nggi shu’lalari tushib turgan do‘ngliklar, qoyalar, cho‘qqilar birin-ketin so‘nib, tog‘ning butun sharqiy yonbag‘ri sekin-asta qorong‘ulasha bordi. G‘arbiy tik yonbag‘irdagi hamma past-baland tizmalar esa hali yorug‘. Botib borayotgan quyosh nurida bu qoya va muzliklar juda chiroyli tovlanadi. Shimol tomonga esa borgan sari pastlashib borgan qat-qat cho‘qqilar cho‘zilib ketgan: asta-sekin bir-biriga qo‘shila borib, oxiri ko‘rinmay ketgan bu qator cho‘qqilar tajribasiz odam qo‘li bilan chizilgan to‘g‘ri chiziqqa o‘xshaydi. Lekin janub tomondagi manzara g‘oyat go‘zal bo‘lib, tun yaqinlashib kelgan sari yana ham go‘zal va ulug‘vor bo‘la bordi. Pastda yovvoyi bir vodiy yastlanib yotar, uning tepasida esa, bizning sayohatchilar turgan yerdan ikki mil narida Antuko krateri og‘iz ochib turardi. Vulqon og‘zidan o‘t, kul va tutun purkab, bahaybat ajdahodek o‘kirar, uni qurshab turgan tog‘lar o‘t tushgandek qizarib turar edi. Vulqon og‘zidan do‘ldek otilib turgan, qiziganidan oppoq oqarib ketgan toshlar, burqsib chiqayotgan qizg‘ish tutun, to‘xtovsiz oqib chiqayotgan lava – bularning hammasi qo‘shilib yarqiroq bir oqim hosil qilgan. Quyosh o‘chib borayotgan chiroqdek botib, qorong‘u ufq orqasiga yashiringan sari, vulqonning tobora kuchayib borayotgan o‘tkir yog‘dusi ko‘z ilg‘amas masofada butun atrofni yorita borardi.

Tasodifiy o‘tinchilarimiz Paganel bilan Glenarvan qalbida rassomlik hissiyoti uyg‘ondi, ular zavqlanib tabiatni tomosha qilishga berilib ketdilar, agarda o‘zini hushyorroq tutgan Vilson haqiqat olamiga qaytarmaganda ular osmon va yer yog‘dusi o‘rtasidagi bu ajoyib kurashni hali uzoq tomosha qilgan bo‘lar edilar. To‘g‘ri, bu atrofda o‘tin topilmadi, lekin baxtlaridan bo‘lib, qoyalar ingichka, quruq lishaynik bilan qoplangan ekan. Sayohatchilarimiz shu lishaynik bilan ildizi yaxshi yonadigan lyaretta degan o‘simlikdan anchagina g‘amlab oldilar. Bu qimmatbaho o‘tinni kazuchaga olib kelish bilanoq, darhol o‘choqqa qaladilar. Lekin o‘tni yoqish, ayniqsa uni o‘chirmay yoqib turish juda qiyin ish edi. Siyraklashib qolgan havoda o‘tning o‘chib qolmasligi uchun yetarli darajada kislorod yo‘q edi, to‘g‘rimi-yo‘qmi, har holda, mayor bunga shunday izoh berdi.

‒ Lekin, – deb qo‘shib qo‘ydi u, – bu yerda qaynatish uchun suvni yuz gradusgacha isitish shart emas; suvni yuz gradus issiqda qaynatib kofe ichishni yaxshi ko‘rgan kishi bu yerda kamroq issiqlikda qaynagan suvga qanoat qilishi lozim bo‘ladi, chunki kofe to‘qson gradusdan ham kamroq issiqda qaynab ketadi[59 - Taxminan har 324 metr balandlikda suv bir gradus past temperaturada qaynaydi (Muallif izohi).].

Mak-Nabbs to‘g‘ri aytgan ekan: suv qaynatganda uning ichiga tushirilgan termometr faqat sakson yetti gradusni ko‘rsatdi. Hammalari ham mazza qilib bir necha qultumdan kofe ichishdi. Qoq go‘shtga kelsak, u yo‘lovchilarga kam lazzat berdi, shunda Paganel garchi to‘g‘ri bo‘lsa ham, hozir tamoman foydasiz bir fikr bildirdi.

‒ Rostimni aytsam, – dedi u, – hozir bir parcha qovurilgan lama go‘shti bo‘lsa ortiqchalik qilmasdi-da. Bu ajoyib jonivor ho‘kizning ham, qo‘yning ham o‘rnini bosa oladi, de yishadi. Bu gap uning go‘shtiga ham taalluqlimikin, shuni bir bilishni istardim.

‒ Ana xolos! Hali ovqatimizdan rozi ham emassiz deyman, olim Paganel? – deb so‘radi Mak-Nabbs.

‒ Yo‘q, hurmatli mayor, men ovqatdan juda minnatdorman, lekin bir parchadan yangi go‘sht bo‘lsa juda o‘rniga tushardi-da.

‒ Siz noz-ne’matni sevgan odam ekansiz, – dedi Mak-Nabbs.

‒ Bu qochirig‘ingizga qo‘shilishaman, mayor, lekin ochig‘ini ayting, hozir yaxshilab pishirilgan bifshteks bo‘lsa, yemas edingizmi?

‒ Yo‘q demasdim, albatta, – dedi mayor.

‒ Bordi-yu, sovuqqa ham, qorong‘uga ham qaramay, hozir sizni ovga yuborishsa, borar edingizmi?

‒ Albatta. Agar lozim topsangiz…

Mak-Nabbsning hamrohlari unga tashakkur bildirib, uning doim xizmatga tayyor ekanini suiiste’mol qilmoqchi emasliklarini bildirmoqchi bo‘lib turgan edilarki, uzoqdan uvlagan tovush eshitildi. Bu biror yakka jonivorning emas, balki yaqinlashib kelayotgan butun bir podaning tovushiga o‘xshar, tinmay eshitilib turardi. Geografning miyasiga lop etib, bizga boshpana bergan tasodif, yana shirin taom ham yetkazib bermoqchi emasmikan degan fikr keldi. Lekin Glenarvan Kordilerning bunchalik baland yerlarida to‘rt oyoqli jonivorlar uchramaydi, deb uning hafsalasini pir qilib qo‘ydi.

‒ Bo‘lmasa bu nimaning ovozi? – deb so‘radi Tom Ostin. – Yaqinlashib kelyapti, eshityapsizmi?

‒ Ko‘chki bo‘lmasin yana? – dedi Myulredi.

‒ Yo‘q! – deb e’tiroz bildirdi Paganel. – Bu hayvonlarning uvlagan tovushi.

‒ Hozir ko‘ramiz, – dedi Glenarvan.

‒ Ko‘rganda ham qo‘lga qurol ushlagan holda ko‘ramiz, – deb qo‘shimcha qildi qo‘liga karabin olib mayor.

Hammalari kazuchadan yugurib chiqishdi. Qop-qorong‘u tun, yulduzlar charaqlab turibdi. Hali oy chiqmagan edi. Shimol va sharq tomondagi cho‘qqilar qorong‘ulik qo‘yniga g‘arq bo‘lgan; eng yaqindagi bir necha qoyaning xayoliy shakllarigina g‘ira-shira ko‘zga ilg‘ardi. Allanarsadan cho‘chib ketgan hayvonlarning uvlagan tovushi tobora yaqinlashib kelar edi. Tovush qop-qorong‘u zimiston ichiga g‘arq bo‘lgan tog‘lar tomonidan eshitilardi.

U tomonda nima hodisa yuz berdi ekan-a? Birdan yassi tog‘ ustiga qo‘rquvdan es-hushini yo‘qotgan tirik jonivorlardan iborat quyun yopirildi. Butun yassi tog‘ tebranib ketgandek bo‘ldi. Havo siyrak bo‘lishiga qaramay, quloqni kar qilar darajada shovqin ko‘tarib, yuzlab, ehtimolki, minglab jonivorlar yugurib kelar edilar. Bu – pampaslarda yashovchi yovvoyi hayvonlar edimi, yoki faqat lama va vigonlar podasi edimi? Glenarvan, Mak-Nabbs, Robert, Ostin va ikki matros o‘zlarini tappa yerga tashlashlari bilanoq tepalaridan, nihoyati bir necha fut balanddan jonli quyun o‘tib ketdi. Kechasi kunduzgidan yaxshiroq ko‘radigan va chopib kelayotgan jonivorlarni tomosha qilish uchun tik turganicha qolgan Paganel bir zumda ag‘darib tashlandi.

Xuddi shu payt o‘q tovushi eshitildi. Bu o‘qni tavakkaliga mayor otgan edi. Nazarida bir necha qadam narida allaqanday jonivor yiqilgandek tuyuldi, poda esa yana ham battarroq uvlab vulqon o‘ti yorug‘idan qizarib turgan tog‘ yonbag‘ri tomonga o‘qdek uchib o‘tib ketdi.

‒ Ey! Mana bu yoqda ekan! – degan tovush eshitildi, bu Paganelning tovushi edi.

‒ Nima u? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Ko‘zoynagim-da. Bu ur-yiqitda ko‘zoynak yo‘qotmay bo‘ladimi!

‒ O‘zingizga biror shikast yetmadimi?

‒ Yo‘q! Sal-pal ezib ketdi, xolos, lekin nima ezganini bilmayman.

‒ Mana bu ezgan, – dedi mayor, o‘zi otgan jonivorni sudrab kelar ekan.

Hammalari kazuchaga kirib, o‘choqdagi o‘t yorug‘ida Mak-Nabbs otib olgan jonivorni ko‘zdan kechira boshladilar.

Bu kichkinagina tuyaga o‘xshagan, lekin o‘rkachi yo‘q, boshi chiroyli, gavdasining bichimi kelishgan, oyoqlari uzun, ingichka, och jigarrang yungi ipakday mayin, qorinda oq-oq xollari bor chiroyli jonivor edi. Paganel uni ko‘rgani hamon:

‒ Bu guanako-ku! – deb qichqirib yubordi.

‒ Guanako qanday hayvon? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Go‘shtini yesa bo‘ladigan hayvon, – dedi Paganel.

‒ Juda shirin bo‘ladi. Olimp tangrilariga loyiq taom! Yangi go‘sht yeyishimizni bilgan edim! Yana qanday go‘sht deng! Xo‘sh, qassoblikni kim qiladi?

‒ Men, – dedi Vilson.

‒ Juda soz! Qovurish mening bo‘ynimga, – dedi Paganel.