banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Juda soz! – dedi Glenarvan. – Katapats, siz ham bu dovonni bilasizmi?

‒ Ha, bu dovondan bir o‘tgan edim, lekin bu yo‘l tog‘ning sharqiy yonbag‘ridan hind cho‘ponlari poda haydab o‘tadigan yolg‘izoyoq so‘qmoq yo‘l bo‘lgani uchun indamagan edim.

‒ Hechqisi yo‘q, do‘stim, – dedi Glenarvan, – yilqi, ho‘kiz va qo‘y podalari o‘ta olgan joydan biz ham o‘tamiz. Rostki u yo‘l bizni o‘ttiz yettinchi paralleldan olib yuradimi, o‘sha yo‘ldan bormog‘imiz kerak.

Darhol yo‘lga chiqish uchun signal berildi, otryad katta-katta ohak toshlar orasidan yurib, Las-Laxas vodiysiga kirib ketdi. Yo‘l sezilar-sezilmas ko‘tarila borardi. Ertalab soat o‘n birlarda kichikroq bir ko‘lni aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu tabiiy suv ombori go‘yo bir-biriga hamma qo‘shni daryochalarning va’dalashib uchrashadigan joyi edi: ular shildirab oqib kelib, musaffo ko‘l suvida jimgina qovushar edilar. Shu ko‘lning yuqorisidan toqqa qarab lyanoslar, ya’ni hindular mol boqadigan boshoqli o‘simliklar to‘la keng adirlar boshlanar edi. Ko‘p o‘tmay, otryad janub va shimolga cho‘zilib ketgan botqoqlikka duch keldi. U yerdan faqat xachirlarning instinkti soyasidagina eson-omon o‘tib ketdilar. Soat birga borib, Ballenare qal’asi ko‘rindi, baland qoya ustida qad ko‘targan bu qal’aning yarim xaroba devorlari cho‘qqiga kiygizilgan tojga o‘xshab turardi. Otryad qoya yonidan o‘tib ketdi. Yo‘l tik tosh yo‘lga aylana bordi; xachirlar oyog‘i ostidan ko‘chgan tosh suron ko‘tarib, pastga otilar edi. Soat uchlarda 1770-yil qo‘zg‘oloni vaqtida vayron qilingan boshqa bir qal’aning xushmanzara xarobalari ko‘rindi.

Shu yerdan boshlab yo‘l qiyingina emas, hatto xavfli bo‘lib qoldi. U tobora tikkalashib, jarliklar chuqurlashib, ular yoqasidan o‘tgan so‘qmoq tobora torayib bordi. Xachirlar boshini egib, yo‘lini hidlab-hidlab, ehtiyot bilan ilgarilab borar edilar. Oldinma-ketin tizilib borishar edi. Ba’zida oldinda ketayotgan madrila tik muyulishda birdan ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, bunday paytda kichkina karvon uning uzoqdan eshitayotgan qo‘ng‘iroq tovushiga qarab boraverar edi. Ko‘pincha ilon izi bo‘lib ketgan so‘qmoq bo‘linib ketar, ikki qator bo‘lib yurishga imkon tug‘ilardi, shunday paytlarda katapats kengligi nihoyati ikki sajen[56 - Sajen, sarjin – uch gazga yoki 2,134 metrga teng uzunlik o‘lchovi; dengiz sarjini 1,83 m (Muharrir izohi).] chiqar-chiqmas, lekin chuqurligi ikki yuz sajen keladigan o‘tib bo‘lmas o‘pqon osha o‘z peonlari bilan gaplashib borardi.

Bu yerlarda o‘t hali toshga so‘z bermay, ular orasidan chiqib o‘sib yotar, lekin hademay minerallar dunyosi o‘simlik olami ustidan g‘alaba qilajagi sezilib turardi. Antuko vulqonining yaqinligi goh unda, goh bunda ko‘zga chalinib qolayotgan, ninasimon sariq kristallar bilan qoplanib, qotib qolgan temir rangli lava oqimidan sezilib turardi. Biri ustiga biri mingashib ketgan qoya toshlar muvozanat qonuniga xilof ravishda o‘z joyidan qimirlamay turar, mana hozir ustlaridan bosib tushadiganday ko‘rinardi. Yer qimirlash paytida bu yerlar o‘z qiyofasini osonlik bilan o‘zgartirib yuborishi mumkin edi, albatta. Bir yonga qiyshaygan nayza uchli cho‘qqilarni, gumbazsimon tosh uyumlarini, yonboshlatib qo‘yilgan tepalarni ko‘rganda bu tog‘lik yerlarning hali tamom tashkil topib bitmagani ravshan bo‘lib qolardi.

Bunday sharoitda yo‘lni topib yurish oson ish emas. Kordiler yer osti qatlamining deyarlik tinmay tebratib turishi yo‘lni tez-tez o‘zgartirib yuborar, undagi belgilar ko‘pincha yo‘qolib ketardi. Shuning uchun katapats ikkilanib tez-tez to‘xtab qolardi. U to‘xtab, atrof-tevarakni ko‘zdan kechirar, qoyalarning shakliga diqqat qilar, tez maydalanib ketadigan toshlar orasidan hindularning oyoq izini axtarar edi. Lekin, aftidan, mo‘ljal qilib yo‘l yurishning iloji qolmadi.

Glenarvan yo‘l boshlovchidan ajralmay, qadam-baqadam uning ketidan bordi. Yo‘l yurish qiyinlashgan sari katapatsning ikkilanishi ortayotganini ko‘rib va sezib turardi. U faqat xachirlardagina emas, ehtimol yo‘l boshlovchilarda ham ishonsa bo‘ladigan instinkt bordir degan umidda unga savol bermas edi.

Shu tarzda katapats tavakkaliga yana bir soatcha adashib yurdi, lekin tobora toqqa ko‘tarilaverdi. Nihoyat u to‘xtashga majbur bo‘ldi. Otryad hindular «kebradas» deb ataydigan tor daralardan birining tagida edi. Tik ketgan bir porfir qoya yo‘lni to‘sib qo‘ydi. O‘tib ketish uchun yo‘l axtarib rosa ovora bo‘lgach, katapats xachirdan tushdi-da, qo‘llarini ko‘ksida qovushtirib, payt poylayotganday jim turib qoldi. Glenarvan uning oldiga keldi.

– Adashdingizmi? – deb so‘radi u.

‒ Yo‘q, ser, – deb javob berdi Katapats.

‒ Lekin biz hozir Antuko yo‘lida emasmiz-ku?

‒ Biz shu yo‘ldamiz.

‒ Yanglishayotganingiz yo‘qmi?

‒ Yanglishayotganim yo‘q. Ana hindular yoqqan gulxanning kuli, anavilar esa biya va qo‘y podalari qoldirgan iz.

‒ Demak, ilgari bu yo‘ldan o‘tish mumkin ekan-da?

‒ Ha, o‘tsa bo‘lardi, lekin endi o‘tib bo‘lmaydi: oxirgi yer qimirlash bu yo‘lni o‘tib bo‘lmaydigan qilib berkitib tashlabdi.

‒ Xachirlar o‘ta olmasligi mumkin, lekin odam o‘ta oladi, – deb gap qistirdi mayor.

‒ Bu endi sizning ishingiz, – dedi katapats, – men qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim. Agar lozim topsangiz, biz xachirlar bilan orqaga qaytib, Kordilerdan o‘tish mumkin bo‘lgan boshqa yo‘l axtarib ko‘ramiz.

‒ Bu qancha vaqtimizni olishi mumkin?

‒ Kamida uch kun.

Glenarvan bu gaplarga indamay turib quloq soldi. Katapats bo‘yniga olgan majburiyatni halol bajarishga harakat qilayotgani aniq ko‘rinib turardi, lekin uning xachirlari nari borolmasdilar. Katapats orqaga qaytishni taklif qilganda Glenarvan hamrohlariga o‘girilib, so‘radi:

‒ Nima bo‘lsa ham shu yo‘ldan qolmay, safarni davom ettirishga rozimisizlar?

‒ Biz sizdan qolmaymiz, – dedi Tom Ostin.

‒ Hatto sizdan o‘tib ketamiz, – deb qo‘shib qo‘ydi Paganel. – Bunday o‘ylab qaraganda, gap nima to‘g‘rida boryapti? Narigi yonbag‘irning qiyaligi hozir biz turgan tomonning qiyaligiga qaraganda ancha tekis bo‘lgan bir tog‘ tizmasidan oshib o‘tish to‘g‘risida boryapti. Tog‘ning narigi etagiga tushib olgach, biz argentinalik yo‘l boshlovchi – bakeanoslar ham, tekis qirlarda tez yuradigan uchqur otlar ham topib olamiz. Hech qanday ikkilanmasdan, olg‘a!

‒ Olg‘a! – deb uning so‘zini quvvatlashdi Glenarvanning hamrohlari.

‒ Siz ham biz bilan bormaysizmi? – deb so‘radi katapatsdan Glenarvan.

‒ Men xachir haydovchiman, – deb javob berdi katapats. – Ixtiyoringiz.

‒ Usiz ham bir amallaymiz, – dedi Paganel. – Tog‘dan oshib o‘tgach, yana Antuko yo‘lining so‘qmog‘iga tushib olamiz-ku, axir. Eng yaxshi mahalliy yo‘l boshlovchidan ham yaxshiroq yo‘l boshlab, Kordilerning etagiga olib tushish mening bo‘ynimga.

Glenarvan katapatsning haqini to‘ladi-da, peonlari va xachirlari bilan birga unga javob berib yubordi. Qurollar, kerakli asbob-uskuna va bor oziq-ovqatni yetti sayohatchi o‘zaro bo‘lishib oldilar. Darhol yo‘lga tushish va agar kerak bo‘lib qolsa, tunda ham bir necha soat yuqoriga ko‘tarilib borish to‘g‘risida umumiy bir fikrga kelindi. Tog‘ning so‘l yonbag‘rida xachirlar o‘tolmaydigan tik so‘qmoq ilonizi bo‘lib cho‘zilib ketgan edi. Bunday so‘qmoqdan toqqa ko‘tarilish haddan tashqari qiyin bo‘lishiga qaramay, ikki soatli zo‘r berishdan keyin Glenarvan bilan hamrohlari yana Antuko yo‘liga tushib oldilar.

Endi ular Kordiler tizmalariga yaqinlashib qolgan edilar. Lekin atrofda odam bosib o‘tgan yo‘l ko‘rinmas, yaqinda bo‘lib o‘tgan zilzila bu yerlarning qiyofasini tamom o‘zgartirib yuborgan edi, shuning uchun endi tog‘ cho‘qqilariga hech qanday yo‘lsiz ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Yo‘lning birdan yo‘qolib qolishi Paganelni juda shoshirib qo‘ydi. Balandligi o‘rtacha olganda o‘n bir ming futdan o‘n ikki ming olti yuz futgacha yetadigan Kordiler cho‘qqilari tepasiga yetib olish juda qiyinlashib ketadigan bo‘ldi, deb o‘yladi u. Sayohatchilarning baxtiga, yilning eng yaxshi payti edi: havo tinch, osmonda qilt etgan bulut yo‘q. Qish oylarida – maydan oktabrgacha[57 - Janubiy yarim sharda qish Shimoliy yarim shardagi yoz oylariga to‘g‘ri keladi.] – tog‘ tepasiga chiqish sira mumkin bo‘lmasdi. Qor ko‘chkilari sayohatchilarni halok qilar, ulardan omon qolgan kishilarni esa, yil sayin yangi-yangi qurbonlarni Kordilerdan tagsiz jarlarga otib tashlaydigan rahmsiz temporaleslar (mahalliy bo‘ronlar) yo‘q qilardi.

Sayohatchilar kechasi bilan toqqa ko‘tarilishni davom ettirdilar. Ular goh deyarlik sira chiqib bo‘lmaydigan joylarga tarmashib chiqishlar, goh keng va chuqur yoriqlar ustidan sakrab o‘tib ketishardi. Bunday paytlarda hamrohlarning yelkalari bir-biri uchun zina vazifasini o‘tar, bir-birlariga uzatilgan qo‘llar esa arqon vazifasini bajarardi. Jasur sayohatchilar allaqanday epchil akrobatlarga o‘xshab tushardilar. Myulredining kuchi bilan Vilsonning epchilligi juda ish berdi. Bu ajoyib, fidokor va har yerda hozir-u nozir shotland yigitlari bo‘lmaganda kichkina otryad necha martalab to‘xtab qolishi turgan gap edi. Glenarvan Robertdan ko‘z uzmay borardi, chunki bola juda o‘t bo‘lganidan o‘zini hech ehtiyot qilmasdi. Paganel fransuzlarga xos qizg‘inlik bilan olg‘a intiladi. Mayorga kelsak, u zarur bo‘lganida boshqa bironta ham ortiqcha harakat qilmay to‘xtovsiz yuqoriga ko‘tarilib borar edi. Umuman, mayor bir necha soatdan beri toqqa ko‘tarilayotganini sezyaptimikan? Bu savolga javob berishi mushkul edi. Ehtimol, u o‘zini tog‘dan tushayotgandek sezayotgandir.

Ertalab soat beshda barometr sayohatchilarning yetti ming besh yuz fut balandlikka chiqqanlarini ko‘rsatdi. Ular yog‘och o‘simliklar tugaydigan yassi tog‘likka yetgan edilar. Bu yerlarda ovchilarni ham xursand qiladigan, ham boy qiladigan hayvonlar sakrashib yurar, lekin bu xususiyatlarini o‘zlari ham yaxshi bilganlaridan, odamlarni uzoqdan ko‘rish bilanoq ura qochar edilar. Bu qo‘yning ham, ho‘kizning ham, otning ham o‘rniga o‘ta oladigan, hatto xachir tirikchilik qilolmaydigan balandlikda ham bahazur yashay oladigan lamalar edi. Bu yerlarda mo‘ynasi qimmat turadigan, quyon bilan qo‘shoyoq o‘rtasidagi kichkinagina, hurkak, beozor kemiruvchi hayvon – shinshilla yashar edi. U orqa oyoqlarida tursa kenguruga o‘xshab ketardi. Bu chaqqon jonivorning olmaxonga o‘xshab daraxtlar tepasida yugurib yurishini tomosha qilish juda maroqli edi.

– Bu hali qush emas, lekin oyoqli ham emas, – dedi Paganel.

Lekin toqqa ko‘tarilish paytida kichkina otryad uchratgan jonivorlar lama bilan shinshillagina emas edi. To‘qqiz ming fut balandlikda, abadiy erimay yotadigan qorlar boshlanadigan joyda kavsh qaytaradigan nihoyatda chiroyli hayvonlar poda-poda bo‘lib yurardi, bular: yungi ipakdek mayin, uzun tolali bo‘lgan pakoslar va yungi nihoyatda nozik, o‘zi chiroyli va yuvosh vigon – shoxsiz echkilar edi. Lekin bu tog‘ go‘zallariga aslo yaqinlashib bo‘lmas, xato yaxshilab tomosha qilish ham qiyin edi, chunki ular ko‘zni qamashtirar darajada oppoq qor gilamlari ustidan sirpanib, hech qanday shovqin-suronsiz ura qochib qolar edilar.

Manzara butunlay o‘zgardi: to‘rt tomonda osmonga bo‘y cho‘zgan, ba’zi yerlari ko‘kish, yaltiroq katta-katta muz parchalari ko‘tarilib kelayotgan quyoshning ilk nurlari ostida jilvalanardi. Toqqa ko‘tarilish juda xavfli bo‘lib qoldi. Endi qor ustida biror yoriq yo‘qmikan deb oldindan ehtiyot bilan paypaslab ko‘rmasdan tavakkaliga oyoq bosib bo‘lmasdi. Vilson otryad oldida oyog‘i bilan muzning qanchalik mustahkamligini sinab ko‘rib borar edi. Uning hamrohlari xuddi u bosgan yerga oyoq bosishga harakat qilib, uning ketidan borishar, qattiq gapirmaslikka tirishar edilar, chunki salgina shovqin ham havoni titratib, tepalarida, yetti yuz-sakkiz yuz fut balandlikda uyilib yotgan qorlarni ko‘chirib yuborishi mumkin edi.

Sayohatchilarimiz shu tarzda changalzorlar mintaqasiga yetib oldilar; yana bir ming yetti yuz fut ko‘tarilganlarida changalzorlar boshoqli o‘simliklar va kaktuslar bilan almashindi. O‘n bir ming fut balandlikda ular ham yo‘qoldi. Unumsiz tog‘ bag‘rida endi hech qanday o‘simlik ko‘rinmas edi. Butun bu ko‘tarilish paytida sayohatchilar faqat bir marta, ertalab soat sakkizda birpasgina dam oldilar. Tezgina, nariberi ovqatlanib olib tobora ortib borayotgan xavf-xatarlarni pisand qilmay, mardlik bilan yana toqqa tarmashdilar. Ular nayza uchli tog‘ o‘rkachlaridan, pastga qarashning o‘ziyoq kishini dahshatga soladigan o‘pqonlar yoqasidan o‘tib bordilar. Ko‘pgina joylarda ilgari bu yerlarda yuz bergan falokatlardan guvohlik berib, yog‘och butlar qaqqayib turardi. Kunduz soat ikkilarda faqat toshdan iborat bo‘lgan, cho‘qqilar orasida cho‘zilib yotgan va hech qanday o‘simlik zoti o‘smaydigan taqir cho‘lga o‘xshagan yassi tog‘liklar boshlandi. Havo quruq, osmon ko‘m-ko‘k. Bunday balandlikda yomg‘ir mutlaqo yog‘maydi: namlik bu yerlarda yo qorga, yo do‘lga aylanib ketadi. U yer bu yerda skelet suyaklari singari oppoq qor ostidan porfir va bazalt cho‘qqilar so‘rrayib chiqib turardi. Ba’zan shamol yalab yemirilishi natijasida kvars yoki gneys jinslari gumburlab ko‘chib tushardilar; siyraklashib qolgan havo ularning tovushini deyarli o‘tkazmas edi.

Sayohatchilar qancha jasorat ko‘rsatmasinlar, baribir charchab qoldilar. Hamrohlarining bunchalik toliqib qolganlarini ko‘rgan Glenarvan ularni tog‘ning bu qadar baland yerlariga boshlab kelganiga pushaymon qila boshladi. Yosh Robert charchoqqa so‘z bermaslikka tirishardi, lekin uning kuchi tugab bormoqda edi.

Soat uchda Glenarvan to‘xtadi.

‒ Dam olish kerak, – dedi u o‘zi aytmasa hech kimdan bunday gap chiqmasligini sezib.

‒ Dam olish kerak-ku, lekin qayerda dam olamiz? – deb so‘radi Paganel. – Bu yerda dam oladigan joy yo‘q-ku.

‒ Baribir dam olish zarur, juda bo‘lmasa Robert uchun.

‒ Yo‘q, ser, men hali yura olaman… – deb e’tiroz bildirdi jasur yigitcha. – To‘xtamanglar…

‒ Seni ko‘tarib olishadi, o‘g‘lim, – deb uning so‘zini bo‘ldi Paganel, – lekin biz har nima qilib bo‘lsa ham tog‘ning sharqiy yonbag‘riga yetib olishimiz lozim. U yerda dam oladigan biror chayla-payla topsak ham ajab emas. Ana shuning uchun, menimcha, yana ikki soatcha yurishimiz kerak.

‒ Shunga rozimisizlar? – deb hamrohlarining rayini so‘radi Glenarvan.

‒ Rozimiz, – deb javob berdi hamma.

‒ Bolani men o‘zim ko‘tarib olaman, – dedi Myulredi.

Shundan so‘ng otryad sharqqa qarab yana yo‘lga tushdi. Toqqa chiqishdek nihoyatda mashaqqatli yo‘l yana ikki soat davom etdi. Tog‘ning eng baland cho‘qqisiga yetib olish lozim edi. Havo siyraklashib ketgani uchun nafas olish qiyin bo‘lib qoldi, sayohatchilarning milk va lablari qonab keta boshladi. Havo siyrakligi natijasida sekinlashib qolgan qon yurishini tezlatish uchun tez-tez nafas olishga to‘g‘ri kelardi, bu esa qorda aks etib, ko‘zni qamashtirayotgan quyosh nuridan ham ko‘proq charchatar edi. Sayohatchilarning irodasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, ularning eng baquvvatlari ham holdan to yib qoldi, tog‘larda yurgandagi eng yomon hol – bosh aylanish ularni jismoniy kuchdangina emas, balki ruhiy quvvatdan ham mahrum qildi. Bunday haddan tashqari charchoqni nazar-pisand qilmaslikning sira ham iloji yo‘q, sayohatchilardan goh bittasi, goh ikkinchisi yiqilib qolar, qaytib turgandan keyin esa yurishga qurbi kelmay, emaklab sudralib yo‘lida davom etardi. Bu nihoyatda holdan toygan odamlarning ko‘p o‘tmay sira ham siljiy olmay qolishlari aniq ko‘rinib turardi. Glenarvan muz va qor bilan qoplangan bu cheksiz, mash’um o‘lkaga, bo‘m-bo‘sh cho‘qqilarni qora pardaga o‘rab kelayotgan kechki g‘ira-shira qorong‘ulikka qo‘rqib-qo‘rqib qarar va atrof-tevarakda bitta ham boshpana yo‘q-a, deb alam bilan o‘ylar ekan, birdan mayor uni to‘xtatib, bamaylixotir:

‒ Chayla, – dedi.

O‘n uchinchi bob