banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Demak, oshpazlikni ham bilar ekansiz-da, janob Paganel? – deb so‘radi Robert.

‒ Fransuz bo‘lganimdan keyin bilaman-da, o‘g‘lim. Har bir fransuz o‘tkir pazanda bo‘ladi.

Besh minutdan keyin Panagel o‘choqdagi laqqa cho‘g‘da katta-katta bo‘lak go‘shtni pishira boshladi. O‘n minutlardan keyin u hamrohlari oldiga juda ishtaha ochadigan «guanako file»sini tayyor qilib qo‘ydi. Hech kim noz qilib o‘tirmadi, hamma ham bu «tangrilar taomi»ga zo‘r ishtaha bilan o‘zini urdi.

Lekin go‘shtni og‘ziga olgan odam borki, basharasini burishtirib, uni tuflab tashladi.

‒ Tuf-e! Biram bemazaki! – dedi kimdir.

‒ Mutlaqo og‘izga olib bo‘lmaydi! – deb qo‘shib qo‘ydi ikkinchisi.

Bechora olim o‘zi pishirgan go‘shtni totib ko‘rib, rost, och odamlar ham og‘ziga ololmaydigan go‘sht ekan, deb e’tirof qilishga majbur bo‘ldi. Hamrohlari uni askiyaga oldilar, bunga o‘zi ham qo‘shilishib, «tangrilar taomi»ni masxara qilib kula boshladi. U hammaning maqtoviga sazovor bo‘la olgan mazali guanako go‘shti qanday qilib bemaza bo‘lib qoldiykin, deb rosa bosh qotirdi. Shunda lop etib miyasiga bir fikr keldi…

‒ Topdim! – deb yubordi u. – Sababini topdim! Gapning nimada ekanini bilaman endi!

‒ Bu go‘sht uzoq yotib, buzilib qolgan bo‘lsa kerak, a? – deb kesatdi xotirjamlik bilan Mak-Nabbs.

‒ Yo‘q, achchiq so‘z do‘stim, bu go‘sht ko‘p yotib emas, ko‘p chopib buzilib qolgan. Shuni ham esimdan chiqarib qo‘yibman-a!

‒ Bu bilan nima demoqchisiz, janob Paganel? – deb so‘radi Tom Ostin.

‒ Guanakoni dam olib yotgan vaqtda otib olsangiz go‘shti shirin bo‘ladi, demoqchiman. Agar ketidan uzoq quvgan bo‘lsangiz-u, u ko‘p chopgan bo‘lsa, guanakoning go‘shtini yeb bo‘lmaydi. Jarkop nihoyatda bemaza bo‘lib pishganining sababi ham shundaki, bu jonivor, umuman, butun poda uzoqdan kelayotgan ekan.

‒ Siz bunga aminmisiz? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Tamomila aminman.

‒ Lekin ularni qanday sabab, qanday tabiiy hodisa qo‘rqitib, tinchgina uxlab yotgan yeridan qochishga majbur qildi ekan?

‒ Men bu savolingizga javob berishdan ojizman, aziz Glenarvan. Bu masalada ortiqcha bosh qotirib o‘tirishning foydasi yo‘q, kelinglar, yaxshisi yotib uxlaylik. Mening o‘lgudek uyqum kelib turibdi. Xo‘sh, mayor, uxlaymizmi?

‒ Uxlaymiz, Paganel!

O‘choqqa o‘tin tashlab qo‘ydilar, so‘ng har kim o‘z ponchosiga o‘ralib, uxlagani yotdi. Ko‘p o‘tmay hamma xurrak torta boshladi, bu xurraklar orkestri ichida geografiya olimining bahodirona tortgan xurrak tovushi alohida ajralib turardi.

Faqat Glenarvanning ko‘ziga uyqu kelmadi. Uni allaqanday bir tashvish kelib bosgan edi. Glenarvanning fikri yana va yana hammasi ham bir tomonga qarab tiraqaylab qochayotgan guanakolar podasiga qaytib kelaverdi. Ularni yirtqich hayvonlar quvib kelayotgan bo‘lishi mumkin emasdi, chunki tog‘ning bunday baland yerlarida yirtqich hayvonlar deyarli yo‘q, ovchilar esa undan ham kam uchraydi. Antuko jarlariga o‘zini urishga ularni nima majbur qildi ekan? Glenarvan allaqanday falokat yaqinlashib kelayotganini oldindan sezib turardi.

Lekin mudroq aralash uning fikrlari boshqa narsalar ustiga ko‘chdi, xavotirlik umid bilan almashindi. Ertaga u o‘z hamrohlari bilan Kordilerdan tushib oladi. Pastda kapitan Grantni astoydil qidirish ishlari boshlanadi, ehtimol, ko‘p o‘tmay uni topishar. Glenarvan kapitan Grant bilan uning ikki matrosini asirlikdan qutqarishlari to‘g‘risida shirin xayol surib yotdi. Bu manzaralar birin-ketin uning ko‘zi oldidan o‘taverdi. Goh-gohida chirs etib o‘choq ustida uchgan uchqun yoki lov etib yonib uxlab yotgan hamrohlarining yuzini yoritgan va kazucha devorlariga soya tushirgan o‘t uning fikrini bo‘lar edi. Keyin yana har xil vahimali xayollar kelib, uni bosar edi. U tashqaridan eshitilgan tiq etgan tovushga ham uyqu aralash quloq solib yotar, lekin bunday balandlikda u nimaning tovushi bo‘lishi mumkinligini izohlab berolmasdi.

Qulog‘iga uzoqdan momaqaldiroq tovushiga o‘xshash gulduragan tovush eshitilganday bo‘ldi, lekin bu tovush osmondan kelmasdi. Aftidan, bu – sayohatchilarimiz turgan yerdan bir necha ming fut pastda, tog‘ yonbag‘rida quturayotgan momaqaldiroqning ovozi edi. Glenarvan buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun kazuchadan tashqari chiqdi.

Oy chiqib kelmoqda. Havo tiniq, tiq etgan shamol yo‘q. Yuqorida ham, pastda ham bir parcha bo‘lsin bulut ko‘rinmaydi. U yerbu yerda o‘t purkab yotgan Antuko vulqonining cho‘g‘lari yalt etib ko‘rinib qoladi. Na momaqaldiroq bo‘lmoqda, na chaqmoq chaqmoqda. Osmonda minglarcha yulduz porlab turibdi. Lekin gumburlagan tovush tinmas, Kordiler bo‘ylab harakat qilib, tobora yaqinlashib kelayotgandek tuyulardi. Glenarvan yana ham battarroq tashvishlangan holda kazuchaga qaytib kirdi. Bu yer ostidan kelayotgan gumburlashlar bilan guanakolar podasining qochishi o‘rtasida qanday bog‘lanish bor ekan-a? Biri birining natijasi emasmikan? U soatiga qaradi. Tungi ikki. Biror xavf yaqinlashib kelayotganiga aniq ishonchi bo‘lmagani uchun dong qotib uxlab yotgan o‘rtoqlarini uyg‘otmadi, o‘zi ham bir necha soat yarim uyg‘oq holda to‘lg‘anib yotdi.

Birdan dahshatli gumburlagan tovushni eshitib, u sakrab o‘rnidan turib ketdi. Bu to‘p snaryadlari ortib, tosh ko‘chani gumburlatib ketayotgan son-sanoqsiz aravalar tovushiga o‘xshar edi. Glenarvan oyog‘i ostidagi yer larzaga kelayotganini sezib qoldi; kazucha lapanglab ketdi, devorlari yorildi.

‒ Trevoga! – deb qichqirdi u.

Hamrohlari darhol uyg‘ondilar. Endi hammalari to‘p bo‘lgan holda yumaloq yostiq bo‘lib, tik yonbag‘irdan pastga tushib keta boshlagan edilar. Tong yorug‘ida ularning ko‘zi oldida dahshatli manzara ochildi. Tog‘larning qiyofasi birdan o‘zgardi: ular pastroq bo‘lib qoldi; uchli tog‘ cho‘qqilari tebranib-tebranib turib, o‘raga tushib ketgandek birdan g‘oyib bo‘lib qolardi. Kordiler tog‘lariga xos hodisa yuz bermoqda edi[60 - 1820-yilda Monblan tog‘ tizmalarida xuddi shunga o‘xshash tabiat hodisasi yuz bergan edi. U dahshatli ofat paytida shamunlik uchta yo‘l boshlovchi halok bo‘ldi (Muallif izohi).]. Bir necha mil masofaga cho‘zilgan tog‘ tizmalari o‘rnidan ko‘chib, pastlikka qulab tushmoqda edi.

Paganel:

‒ Zilzila! – deb qichqirdi.

Geograf yanglishmadi. Bu Chilining tog‘li chegaralarida odat tusiga kirib qolgan tabiiy ofatlardan biri edi: o‘n to‘rt yil ichida Kopiapo ikki marta yakson qilib tashlangan, Sent-Yago esa to‘rt marta vayron qilingan. Yer sharining bu qismi yer osti o‘tlarining harakatiga ayniqsa ko‘p duchor bo‘ladi, bu tog‘ tizmalaridagi yaqinginada vujudga kelgan vulqonlarning klapani esa yer osti bug‘lari va gazlarining chiqib ketishiga yetarli darajada xizmat qila olmaydilar. Mahalliy tilda tramblores deb atalgan to‘xtovsiz zilzilalarning sababi ana shu.

Ko‘chib tushib kelayotgan yassi tog‘ toshlari orasida qo‘rqib ketganidan dovdirab qolgan, to‘rt atrofda o‘sib yotgan lishayniklarga yopishib olgan yetti kishi kuryer poyezdi tezligida, ya’ni soatiga ellik mil tezlik bilan pastga tushib borar edilar. Bu falokatdan qochib qolish yoki o‘zini bir chetga olish u yoqda tursin, hatto qichqirishning ham iloji yo‘q edi. Yer osti gumbur-gumburi, granit va bazalt qoyalarning bir-biriga urilishidan hosil bo‘lgan shovqin, qor to‘zoni fikr almashinishga sira yo‘l qo‘ymas, aslo birov-birovining gapini eshitib bo‘lmasdi. Yaxlit tog‘ tizmalari goh tekis tushib borar, goh to‘lqin quturib turgan dengizdagi kema singari u yoq-bu yoqqa chayqalardi. U yo‘lda uchragan jarliklar ustidan o‘tar, tog‘ jinslaridan hosil bo‘lgan xarsanglar tashlab asriy daraxtlarini tag-tugi bilan qo‘porar, bahaybat bir o‘roqday sharqiy yonbag‘irdagi do‘ngliklarni tekislab, pastga tushib borar edi.

Ellik graduslik qiyalikdan pastga qarab borgan sari tezlashib uchib kelayotgan bir necha milliard tonnali bu bahaybat massaning butun qudratini hatto tasavvur qilish ham qiyin!

Bu tasvirlab bo‘lmaydigan ko‘chishning qancha vaqt davom etganini sayohatchilardan hech kim aytib berolmasdi. Ko‘chib ketayotgan bu bahaybat tog‘ massasi qaysi jarga tushib to‘xtashini ham ulardan hech kim bilmasdi. Hozir ularning hammasi tirikmi yoki birontasi allaqachon biror jar tagida dabdala bo‘lib yotibdimi – buni ham hech kim aytolmasdi.

Tezlikdan nafaslari tiqilib, qaqshatqich shamolda sovuqqa qotib, qor to‘zonida ko‘r bo‘lgan, holdan toygan, deyarlik butunlay hushini yo‘qotgan sayohatchilar zo‘rg‘a nafas olar, o‘z jonini saqlab qolish instinktigina ularni qoyalarga tarmashishga majbur qilardi.

Birdan qudratli siltov ularni ko‘chib tushayotgan oroldan ajratib oldi, ular tog‘ning so‘nggi etagidan pastga dumalab keta boshladilar. Ular tushib kelayotgan yassi tog‘ birdan taqqa to‘xtadi.

Bir necha minutgacha hech kim qimirlamadi. Nihoyat sayohatchilardan biri o‘rnidan turdi. Siltov paytida qulog‘i kar bo‘layozgan esa-da, u oyoqlarini mahkam bosib turardi. Bu mayor edi. U ko‘zlarini to‘ldirib yuborgan changni artib, atrofini ko‘zdan kechirdi. Yoni-verida biri ustiga biri mingashib, hamrohlari yotishardi. Hammasi tosh-tuproqqa qorishib yotar, faqat bittasi – Robert Grant yo‘q edi.

O‘n to‘rtinchi bob

XALOSKOR O‘Q

Kordiler tog‘larining sharqiy yonbag‘ri uzun-uzun, qiya dovonlardan iborat, bu dovonlar sekin-asta pasttekislikka aylanib ketadi. Ko‘chib tushib kelayotgan massiv bo‘lagi xuddi ana shu pasttekislikda to‘satdan to‘xtab qoldi. Bu yangi o‘lkada serhosil yaylovlar yaslanib yotar, qit’a istilo qilingan paytlarda o‘tqazilgan olmazorlarda oltindek sap-sariq olmalar shig‘il pishib yotardi. Go‘yo bu pasttekisliklarga hosildor Normandiyaning bir bo‘lagi ko‘chirib keltirilgandek edi. Boshqa har qanday holda ham sayohatchilarimiz tog‘ bo‘shliqlarining vohaga, qorli cho‘qqilarning ko‘m-ko‘k o‘tloqlarga, qishning yozga bunchalik tez almashinib qolishiga g‘oyatda taajjublangan bo‘lar edilar, albatta.

Yer yana butunlay tinchib qoldi. Zilzila to‘xtadi. Aftidan, yer osti kuchlari o‘zlarining yemiruvchilik faoliyatini boshqa bir uzoqroq joyga ko‘chirgan edi, chunki doimo Kordiler tizmalarining biror yerida zilzila bo‘lib turadi. Bu safar zilzila ayniqsa qattiq bo‘ldi. Tog‘larning manzarasi juda o‘zgarib ketdi. Moviy osmon sathida yaqqol ko‘rinib turgan yangi-yangi cho‘qqilar, qoyalar tog‘ning kechagi manzarasiga mutlaqo o‘xshamas edi, shuning uchun pampaslardagi yo‘lboshlovchilar undagi tanish joylarni endi sira ham topolmagan bo‘lardilar.

Ertalab soat sakkiz edi. Mayorning harakati bilan Glenarvan va uning hamrohlari sekin-asta o‘zlariga keldilar. Ularning quloqlari bitib qolgan edi, bundan boshqa zarar ko‘rmagan edilar. Shunday qilib, Kordilerdan tushib oldilar, agarda hali go‘dak bo‘lgan eng yosh hamrohlari – Robert Grant yo‘qolib qolmaganda ular tabiatning bunday g‘amxo‘rligidan hatto quvongan ham bo‘lardilar.

Bu jasur bola hammaning qalbini maftun etgan edi. Unga ayniqsa Paganel qattiq o‘rganib qolgandi, sovuqqon bo‘lishga qaramay mayor ham uni yaxshi ko‘rardi, lekin Robertni hammadan ham ko‘proq Glenarvan sevardi. U Robertning g‘oyib bo‘lib qolganini bilgach, juda xafa bo‘ldi. Glenarvanning nazarida bechora bola biror jarning tagida uni, o‘zining ikkinchi otasini yordamga chaqirib yotgandek tuyulardi:

‒ Do‘stlarim, do‘stlarim, – derdi Glenarvan yig‘lamoqdan beri bo‘lib, – uni axtarish kerak, uni topish kerak! Qanday qilib uni bu yerda tashlab ketamiz! Butun jarlarni, butun vodiyni sinchiklab tekshirishimiz kerak. Mening belimdan arqon bog‘lab, atrofdagi jarlarga tushiringlar. Men talab qilaman buni! Eshityapsizlarmi: talab qilaman! Ayting-ayting, Robert tirik bo‘lsin! Robertsiz otasining yuziga qanday qaraymiz? O‘g‘lining hayoti evaziga otasini topish ham ish bo‘ldimi!

Glenarvanning hamrohlari unga indamay quloq solib turar edilar. Glenarvan ularning ko‘zlarida juda bo‘lmaganda umid uchquni axtarayotganini sezib, hamrohlari yerga qarar edilar.

‒ Indamayapsizlar, – deb davom etdi Glenarvan, – gapimni eshitdinglar. Nega jimsizlar?! Umidni uzdinglarmi?! Butunlay uzdinglarmi?!

Sukut bir necha minutga cho‘zildi. Nihoyat Mak-Nabbs tilga kirdi.

‒ Do‘stlarim, Robert qachon yo‘qolib qolganini kim eslay oladi? – deb so‘radi u.

Bunga hech kim javob bermadi.

‒ Tog‘dan tushib kelayotganimizda bola kimning yonida edi, juda bo‘lmasa shuni aytinglar, – deb so‘zida davom etdi mayor.

‒ Mening yonimda edi, – dedi Vilson.

‒ Uni qachongacha yoningda ko‘rding? Yaxshilab o‘yla! Gapir!

‒ To‘xtashimiz oldidan bo‘lgan siltovdan ikki minutcha oldin Robert lishaynikka tirmashib, yonimda tushib kelmoqda edi, – deb javob berdi Vilson, – esimda qolgani shu, xolos.