banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Menga qarang, Mak-Nabbs, – deb gapga aralashdi Glenarvan, – bunday bo‘lishi mumkin emas. Do‘stimiz Paganel har qancha parishon bo‘lmasin, har holda bir til o‘rniga ikkinchi tilni o‘rganadigan darajada emas.

‒ Bo‘lmasa, azizim Eduard, siz yoki siz o‘zingiz muhtaram, Paganel, tushuntirib beringlar, bu nima gap o‘zi?

‒ Men hech narsani izohlab o‘tirmayman: men isbot qilaman, – dedi Paganel. – Mana bu men ispan tilini o‘rganish uchun har kuni foydalanadigan kitob. O‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, mayor, o‘shanda men sizni aldamayotganimga ishonasiz.

Shunday deb Paganel o‘zining son-sanoqsiz cho‘ntaklarini titkilay boshladi va bir necha minutdan keyin juda titilib ketgan bitta kitobni chiqarib, ishonch bilan mayorga uzatdi. Mayor kitobni olib, ko‘zdan kechira boshladi.

‒ Bu nima degan asar? – deb so‘radi u.

‒ Bu «Luiziada», – deb javob berdi Paganel, – ajoyib qahramonlik poemasi, unda…

‒ «Luiziada» dedingizmi? – dedi Glenarvan.

‒ Ha, do‘stim, ulug‘ Kamoens yozgan «Luiziada»ning xuddi o‘zginasi.

‒ Kamoens deysizmi? – deb takror so‘radi Glenarvan. – Bechora do‘stim, Kamoens portugaliyalik-ku, axir! Siz keyingi olti haftadan beri portugal tilini o‘rganayotgan ekansiz!..

‒ Kamoens… «Luiziada»… Portugal tili… – deb g‘uldurab qoldi Paganel.

Uning ko‘zoynak ostidan chaqnab turgan ko‘zlari qorong‘ulashdi, atrofini o‘rab turgan hamrohlarining birdan qah-qah urib yuborganlari qulog‘ini kar qilayozdi.

Patagoniyalik pinagini ham buzmadi. U ko‘zi oldida bo‘layotgan, lekin o‘zi tushunolmayotgan bu ishlarning nima bilan tugashini sabr bilan kutib, jim turardi.

‒ Obbo, men tentag-ey, ovsar-ey, – dedi nihoyat Paganel. – Ana xolos! Demak, haqiqatan ham shunday bo‘pti-da! Buni men qilibman-a, men! Bu qanday badbaxtlik, axir! O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring: Hindistonga keta turib Chilidan chiqib qoldim! Ispan tilini o‘rganayapman deb, portugal tilida gapirib yuribman! Bunisi endi juda o‘tib ketdi! Agar ish shunday davom etaversa, bir kunmas bir kun derazadan sigaramni tashlab yuborish o‘rniga o‘zimni otib yuboraman-ku!

O‘z muvaffaqiyatsizligiga bunday munosabatda bo‘lganini, o‘zining kulgili bir holga tushib qolganiga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, kulmaslikning iloji yo‘q edi. Buning ustiga kulgini eng oldin Paganelning o‘zi boshlab berdi.

‒ Kulinglar, do‘stlarim, chin yurakdan kulinglar! – derdi u. – Lekin ishoninglarki, o‘zimning bu ishimga hammadan ham ko‘proq o‘zim kulaman! – deb u shunday qah-qah urib kular ediki, butun dunyoda bironta ham olim bunchalik kulmagan bo‘lsa kerak.

‒ Lekin, nima bo‘lganda ham, biz tarjimonsiz qoldik, – dedi mayor.

‒ Yo‘q, unday umidsizlikka tushmang, – dedi Paganel, – portugal tili bilan ispan tili bir-biriga shunday o‘xshashki, ko‘rganingizdek, men hatto ularni chalkashtirib ham qo‘yibman, lekin bu o‘xshashlik o‘z xatoimni tez tuzatishga yordam beradi, yaqin kunlarda bu azamat patagoniyalikka o‘zi juda yaxshi egallagan ispan tilida tashakkur bildiraman.

Paganel yanglishmadi: bir necha minutdan so‘ng u hindu bilan bir necha og‘iz so‘zlasha oldi. Geografiya olimi uning ismi Talkav ekanini ham bilib oldi. Talkav degani araukan tilida «momaqaldiroq sochuvchi» degan ma’noni bildirar ekan. Aftidan, bu nom unga miltiqdan yaxshi foydalana olish tufayli berilgan edi.

Lekin Glenarvanni hammadan xursand qilgan narsa patagoniyalikning kasbi yo‘l boshlovchi ekani bo‘ldi, yo‘l boshlovchi bo‘lganda ham qanday deng – pampaslarda yo‘l boshlovchi. Patagoniyalik bilan uchrashuv ayni muddao bo‘ldi, hamma ham endi ekspeditsiya muvaffaqiyat bilan tugaydi deb ishonar, shuning uchun kapitan Grantning qutqarilishiga hech kim shubha qilmas edi.

Sayohatchilarimiz hindu bilan birga Robertning oldiga qaytib keldilar. Bola hinduga qo‘lini uzatdi, u esa indamay qo‘lini bolaning boshiga qo‘ydi. U bolani diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqdi, zararlangan a’zolarini ushlab ko‘rdi. Keyin jilmaygancha ariq bo‘yiga borib undan yovvoyi selderey yulib keldi-da, u bilan bemorning badanini ishqadi. Juda ehtiyotlik bilan qilingan bu massaj natijasida bola o‘ziga kuch-quvvat kirayotganini his qildi, u bir necha soat dam olsa, tamom oyoqqa turib ketishi aniq bo‘lib qoldi.

Ertasiga ertalabgacha dam olishga qaror qilindi. Buning ustiga ikkita muhim masala – oziq-ovqat va transport masalasini muhokama qilib, hal etish kerak edi. Sayohatchilarda na oziq-ovqat, na xachirlar yo‘q edi. Bularning baxtiga, endi yonlarida Talkav bor. Sayohatchilarni Patagoniya chegaralari yoqalab boshlab yurishga odatlanib qolgan, mahalliy bakeanoslar ichida eng aqllilaridan biri bo‘lgan bu yo‘l boshlovchi Glenarvanning kichik otryadi uchun hamma zarur narsalarni topib berishni bo‘yniga oldi. Talkav bu yerdan nihoyati to‘rt milcha masofada bo‘lgan hindularning tolderiyasiga borishni taklif qildi: uning aytishiga qaraganda tolderiyadan ekspeditsiya uchun zarur bo‘lgan hamma narsani topish mumkin edi. Bu taklifni u imo-ishoralar va Paganel tushuna olgan ba’zi so‘zlar yordami bilan bayon qildi. Uning taklifi qabul qilindi, shundan keyin Glenarvan hamrohlari bilan vaqtincha xayrlashib, o‘zining olim do‘sti bilan birgalikda, patagoniyalik yo‘l boshlovchi ketidan ariqning yuqori oqimiga qarab darhol yo‘lga chiqdi.

Ular pahlavon Talkavdan orqada qolmaslikka tirishib, katta-katta odimlar bilan tez yurib bir yarim soat yo‘l bosdilar. Kordilerning etaklariga kelib taqalgan bu yerlar juda go‘zal va hosildor yerlar edi. Mahsuldor o‘tloqlar biriga biri ulanib ketgan. Bu o‘tloqlar yuz ming boshlab mollarni boqish uchun yetardi. Kichkina-kichkina ariqchalar bilan bir-biriga ulangan katta-katta hovuzlar ko‘m-ko‘k o‘tloqlarni suv bilan mo‘l ta’minlab turar, ularda qora kalla oq qushlar yayrab suzar edi, zig‘irpoyalar ichida esa juda ko‘p tuyaqushlar chopib yurardilar. Umuman bu yerlardagi qushlar juda chiroyli, sershovqin va nihoyatda xilma-xil edi. Daraxt shoxiga qo‘nib o‘tirgan qanotida oq-oq xoli bor chiroyli ko‘k izakas – musichalar, sariq kardinallar xuddi yangi ochilgan gulga o‘xshar edi. Ko‘chmanchi kaptarlar allaqayoqlarga uchib o‘tib turar, biri ketidan biri quvib yurgan chumchuqlar esa chirqillashib, atrofni boshiga ko‘tarar edi.

Tabiatning bu go‘zalliklaridan Jak Paganel benihoyat lazzat olardi, u goh undan, goh bundan qoyil qolganini bildirish uchun beto‘xtov qiyqirardi. Patagoniyalik esa bunga g‘oyat ajablanardi, chunki u osmonda qushlar uchib yurganini, suvda oqqushlar suzib yurganini, o‘tloqlarda o‘t o‘sib yotganni tabiiy bir hol deb bilardi. Umuman, geografiya olimimiz bu safardan, uning cho‘zilib ketganidan mutlaqo xafa emas edi. Hindular to‘xtagan joyga yetib kelganlarida uning nazarida endi yo‘lga chiqqandek edilar. Tolderiya Kordiler etaklaridagi tizmalar bilan o‘ralgan vodiyning ichkarisida joylashgan bo‘lib, undagi shox-shabbalardan qurilgan chaylalarda o‘ttiztacha ko‘chmanchi hindu yashar edi. Ular chorvachilik bilan shug‘ullanar: sigir, ho‘kiz, yilqi va qo‘y podalarini o‘tloqdan o‘tloqqa haydab boqib yurardilar, bunday sero‘t o‘tloqlar bu atrofda sonsiz-sanoqsiz edi.

Bu ando-peruan hindlari araukan, pexuen va aukas irqlarining aralashuvidan kelib chiqqan. Ular sarg‘ish qora badanli, o‘rta bo‘yli, yag‘rini keng, deyarli dumaloq yuzli, tor peshona, yupqa labli odamlar. Ularning yuz qiyofasi sovuq, lekin jasurona emas.

Qisqasi, ularning qiziqadigan yeri yo‘q edi. Lekin Glenarvanga ularning o‘zi emas, podasi kerak edi. Ko‘chmanchilarda qoramol bilan otlar bor ekan, Glenarvanga bundan bo‘lak hech nimaning keragi yo‘q.

Talkav ular bilan bitishishni o‘z ustiga oldi, bunga ko‘p vaqt ketmasdi ham. Egar jabdug‘i bilan argentina zotli yettita pastak ot, yuz qadoq qoq go‘sht – karki, biroz guruch va suv solinadigan bir necha mesh uchun hindlar yigirma unsiya[70 - Unsiya – 1) oltin va boshqa nodir qimmatbaho metallarning asosiy vazn birligi (troyya yoki tanga u.si) = 31,1035 g; 2) ing. o‘lchov tizimida massa birligi. 1 U. = 16 draxma = 437,5 gran = 28,35 g; 3) dorixonada ishlatiladigan ogʻirlik birligi, hozirgi vaqtda qoʻllanilmaydi; 4) suyuqlik unsiyasi hajm (sigʻim) birligi. AQShda 29,57 sm3 (1/128 gallon), Buyuk Britaniyada – 28,41 sm3 (Muharrir izohi).] tilla olishga rozi bo‘ldilar, chunki sayohatchilarimizda hindular uchun juda qimmat baho bo‘lgan vino yoki rom yo‘q edi, lekin ular tillaning bahosini juda yaxshi bilar edilar. Glenarvan patagoniyalik uchun ham yana bitta ot sotib olmoqchi edi, lekin Talkav buning hech keragi yo‘q ekanini bildirdi.

Ishni bitkazgach, Glenarvan o‘zining yangi «mol yetkazib beruvchilari» bilan – ularni Paganel shunday deb atadi – xayrlashdi, oradan yarim soat ham o‘tmay, ular lagerga yetib keldilar. Ularni lagerda qiyqiriqlar bilan kutib oldilar, to‘g‘ri, bu qiyqiriqlar ularga emas, egarloqlik otlar bilan oziq-ovqatga taalluqli edi. Hammalari ham zo‘r ishtaha bilan ovqatlandilar.

Robert ham biroz ovqat yedi. U endi o‘zini ancha yaxshi his qilardi.

Kunning qolgan qismini faqat dam olib o‘tkazdilar. Har to‘g‘rida jindak-jindak so‘zlashdilar: aziz hamrohlari mis Meri bilan Elenni, «Dunkan»ni, kapitan Jon Mangls va uning azamat matroslarini esga oldilar, Garri Grantni ham unutmadilar, axir kapitan Grant shu yaqin orada bo‘lishi mumkin edi-da.

Paganelga kelsak, u hind yo‘l boshlovchidan bir qarich ham nari ketmas, go‘yo Talkavning soyasi bo‘lib qolgan edi. Hindning oldida o‘zi yosh boladay ko‘rinib qolgan geografiya olimi haqiqiy patagoniyalikni uchratganidan o‘zida yo‘q xursand edi.

Paganel o‘zining ispancha iboralari bilan Talkavning boshini rosa qotirdi, lekin u olimning gapiga sabr-toqat bilan javob qaytarardi. Geografiya olimi ispan tilini endi kitobsiz o‘rganmoqda edi. U tomog‘i, tili va chakaklarini ishga solib baland ovoz bilan ispan so‘zlarini talaffuz qilgani eshitilib turardi.

– Talaffuzimni tuzata olmasam masxara qilmang, – derdi u mayorga qayta-qayta, – ispan tilini menga patagoniyalik hind o‘rgatadi deb mutlaqo o‘ylamagan edim!

O‘n oltinchi bob

RIO-KOLORADO

Ertasiga, 22-oktabr ertalab soat sakkizda Talkav yo‘lga chiqishga signal berdi. Argentina pasttekisligi yigirma ikkinchi va qirq ikkinchi gradus (uzunlik)lar orasida g‘arbdan sharqqa qarab tobora pastlashib boradi: sayohatchilarimiz endi dengiz bo‘yiga qarab borgan sari pastga tushib borishlari kerak edi.

Patagoniyalik otdan bosh tortganda Glenarvan u ham ko‘pgina mahalliy yo‘l boshlovchilar singari piyoda yurmoqchi shekilli, deb o‘ylagandi, chunki bunday uzun-uzun oyoq bilan yo‘l bosish qiyin ish emas albatta.

Lekin Glenarvan yanglishdi.

Yo‘lga chiqish paytida Talkav g‘alati qilib qattiq hushtak chaldi, shu zahotiyoq yaqin oradagi chakalakdan baland bo‘yli ajoyib bir ot chiqib keldi. Bu chiroyli kuchli, mag‘rur, asov, dovyurak qorato‘riq ot edi. Uning kallasi kichkina, nihoyatda kelishgan bo‘lib, kishnaganda burun teshiklari keng kerilar, ko‘zlarida o‘t chaqnardi, oyoqlari baquvvat, yoli uzun, ko‘krakdor – xullas, kuchli, chayir ekanligi shunday ko‘rinib turardi. Ot zotidan yaxshi xabardor bo‘lgan Mak-Nabbs pampas otlarining bu chiroyli namunasidan ko‘z uzolmay qoldi; mayor bu go‘zal jonivorning ingliz gunteriga o‘xshash ketadigan joylari borligini aniqladi. Bu uchqur otning ismi «Tauka» ekan, patagon tilida bu so‘zning ma’nosi «qush» demakdir. Shubhasiz, bu ism unga juda kelishib tushardi.

Talkav bir sakrab o‘z Taukasiga mindi, ot darhol olg‘a otildi. Patagoniyalikka qaragan kishining zavqi kelardi: Talkav ajoyib chavandoz chiqdi. Uning egariga Argentina qirlarida rasm bo‘lgan ikkita ovchilik quroli – bolas va lasso bog‘lab qo‘yilgandi. Bolas bir-biriga charm qayish bilan ulangan uchta shardan iborat. Hindular bolasni quvib borayotgan dushman yoki hayvonlariga yuz qadam masofadan ham otaveradilar, yana shunday ustalik bilan mo‘ljallab otadilarki, u qochib ketayotgan kishi yoki hayvonning oyog‘iga o‘ralib, uni darhol yerga yiqitadi. Bolas mohirlik bilan ishlata bilgan hindu qo‘lida juda qo‘rqinchli qurol. Lasso esa hech qachon ovchining qo‘lidan butunlay chiqib ketmaydi. U ikkita pishiq qayishdan to‘qilgan, bir uchi sirtmoq qilinib, temir halqa o‘rnatilgan o‘ttiz futcha uzunlikdagi charm arqondan iborat. Ovchi bu sirtmoqni o‘ng qo‘li bilan uloqtiradi, chap qo‘li bilan esa uning egarga mahkam bog‘lab qo‘yilgan uchini ushlab turadi. Yelkasiga osib olgan uzun karabin patagoniyalikning uchinchi quroli edi.

O‘zining mag‘rur, bamaylixotir, kelishgan xatti-harakatlari hamrohlarini qanchalik zavqlantirganini sezmay Talkav otryadning oldiga tushib, yo‘l boshladi. Chavandozlar goh ot choptirib, goh mayda qadamlab bordilar, chunki Argentina otlari, aftidan, yo‘rtib yurishni bilmas edi. Robert egarda shunday mahkam o‘tirar ediki, Glenarvan undan mutlaqo xavotir olmay qo‘ydi.

Pampaslar Kordiler tog‘larining xuddi etagidan boshlanadi. Ularni uch qismga bo‘lish mumkin: pastak daraxtlar va chakalaklar bilan qoplangan birinchi qismi Kordilerdan ikki yuz ellik milga cho‘ziladi; ajoyib barra o‘tlar bilan qoplangan va eni to‘rt yuz ellik mil masofaga cho‘ziladigan ikkinchi qismi Buenos-Ayresdan bir yuz sakson mil narida tugaydi. Bu yerdan to okean qirg‘og‘igacha sayohatchilar yovvoyi beda va qushqo‘nmas bilan qoplangan oxiri – poyoni yo‘q o‘tloqlardan o‘tadi, bu pampaslarning uchinchi qismidir.

Glenarvan otryadi Kordiler daralaridan chiqishi bilanoq bu yerlarda «medanos» deb ataladigan qum tepalarga duch keldi. Agar bu qum tepalari o‘simliklar ildizi bilan mahkamlanmagan bo‘lsa shamol ularni dengiz to‘lqinlaridek u yoqdan-bu yoqqa hayday beradi. Bu tepaliklarning qumi nihoyatda mayda bo‘lganidan sal shabada tursa ham uchib ketaveradi, ba’zan juda balandlarga ko‘tarilib ketadigan qum quyunlar hosil bo‘ladi. Bu ayni vaqtda ham juda tomoshabop manzara, ham ko‘zning zavoli. Tomoshabopligi shundaki, qirda daydib yurgan quyunlarni kuzatish, ularning bir-biri bilan to‘qnash kelishini, aralashib ketishini, yerga cho‘kishini, so‘ng yana boshi-keti yo‘q tartibsizlik bilan ko‘tarilishini tomosha qilish juda qiziq; ko‘zning zavoli ekanining sababi shundaki, ko‘chib yurgan bu son-sanoqsiz medanoslarning juda mayda zarralari ko‘zingni qancha qattiq yumsang ham ichiga kirib oladi.

Shimoldan esgan shamol qo‘zg‘agan bu quyunlar deyarlik kun bo‘yi davom etdi. Shunga qaramay otryad tez ilgarilab bordi, shuning uchun kechqurun soat oltilarga borib, qirq milcha orqada qolib ketgan Kordiler tog‘lari oqshomgi tuman orasida bilinar-bilinmas qorayib ko‘rina boshladi.

O‘ttiz sakkiz mil yo‘l bosib anchagina charchagan sayohatchilarimiz dam olish vaqti kelganidan mamnun bo‘ldilar. Ular baland qizg‘ish qoyalar orasidan oqayotgan loyqa suvli, tezoqar Rio-Neukvem daryosi bo‘yida to‘xtadilar. Neukvem daryosini ba’zi geograflar «Ramid» deb, boshqalari esa «Komoe» deb ataydilar, daryo faqat hindularga ma’lum bo‘lgan ko‘llar orasidan oqib keladi.

Bu kecha bilan keyingi kunda hikoya qilib berishga arziydigan biror hodisa yuz bermadi. Hech qanday to‘sqinlikka uchramay, tez ilgarilab bordilar. Tekis yo‘l va mo‘tadil tempe ratura sayohatni juda osonlashtirdi. Lekin, har qalay, tushga yaqin kun isib ketdi, quyosh nurlari badanni kuydira boshladi. Kechki payt janub-g‘arb tomonda ufq qop-qora bulut bilan qoplandi. Bu ob-havoning o‘zgarishidan darak berardi.

Patagoniyalik buni bilmasligi mumkin emasdi, u geografiya olimiga qo‘li bilan ufqning g‘arb tomonini ko‘rsatdi.

‒ Bilaman, – dedi Paganel va o‘z hamrohlariga o‘girilib: – Havo o‘zgaryapti. Biz pampero bilan tanishadiganga o‘xshaymiz, – deb qo‘shib qo‘ydi.

So‘ng darhol pampero – Argentina qirlarida tez-tez bo‘lib turadigan juda quruq janub-g‘arbiy shamol ekanini tushuntirib berdi. Talkav yanglishmadi, kechasi shitob bilan pampero esa boshladi. Faqat bir qavat ponchoga o‘ralib yotgan odamlar uchun bu juda og‘ir mashaqqat edi. Otlar yerga yotdilar, odamlar, esa ular atrofiga to‘p bo‘lib oldilar. Glenarvan bo‘ron yo‘ldan ushlab qolmasa edi, deb tashvishlana boshladi, lekin Paganel o‘z barometriga qarab, uni tinchitdi:

‒ Barometr simobi pastlasha bersa, odatda, pampero uch kun uzluksiz davom etadi. Lekin hozir barometr simobi ko‘tarilyapti, demak, bo‘ron bir necha soat quturadi-yu, bosiladi. Xotirjam bo‘lavering, aziz do‘stim, ertalab yana havo ochilib ketadi.

‒ Siz hamma narsaga javob bera oladigan kitobga o‘xshaysiz-a, Paganel, – dedi Glenarvan.