banner banner banner
Капитан Грант болалари
Капитан Грант болалари
Оценить:
 Рейтинг: 0

Капитан Грант болалари


‒ Men rostdan ham kitobman, – deb javob berdi Paganel, – istaganingizcha varaqlab o‘qishingiz mumkin.

Kitob xato qilmadi: kechasi soat birda bo‘ron birdan tinib qoldi, shundan so‘ng sayohatchilar yaxshilab uxlab, kuch yig‘ib oldilar. Hammalari, ayniqsa Paganel, uyqudan tetik va bardam bo‘lib turdilar: olim mazza qilib kerishar va suyaklarini qirsillatardi.

24-oktabr. Sayohatchilarimiz Talkaguanodan yo‘lga chiqqanlariga o‘n kun bo‘ldi. O‘ttiz yettinchi parallel Rio-Koloradoni kesib o‘tadigan yerga yetish uchun yana to‘qson uch mil[71 - 150 kilometr (Muallif izohi).], ya’ni uch kunlik yo‘l qolgan. Amerika qit’asi orqali bo‘lgan bu sayohat vaqtida Glenarvan kapitan Grant haqida biror ma’lumot olish umidida hindularni uchratishga harakat qildi, u buni Paganel endilikda durustgina gaplashadigan bo‘lib qolgan patagoniyalik Talkav orqali amalga oshirishi mumkin edi. Lekin ular hindular kam yuradigan joylardan o‘tib borar edilar, chunki Argentina respublikasidan Kordiler tog‘lariga olib boradigan yo‘llar shimolroqdan o‘tardi. Shuning uchun sayohatchilarimiz o‘z yo‘llariga katsiklar qo‘l ostida yashovchi na o‘troq, na ko‘chmanchi hindularni uchratmadilar. Mabodo uzoqda biror otliq-ko‘chmanchi ko‘rinib qolgudek bo‘lsa ham, sayohatchilarni ko‘rishi bilanoq, aftidan, begona odamlarga duch kelishni xohlamay, ura qochar edi. Bu yerlardagi qirlarda yakka yurishga jur’at qilgan kishiga bunday otryad haqiqatan ham shubhali ko‘rinar, uchqur otlarga minib olgan sakkizta qurolli kishini ko‘rgan har qanday kishi ham qo‘rqib ketishi, ularni yomon niyatli kishi deb o‘ylashi mumkin edi. Shuning uchun sayohatchilar na tinch aholi bilan, na yo‘lto‘sar qaroqchilar bilan gaplasha olmadilar. Ular hatto restreadoreslar[72 - Qir yo‘lto‘sarlari (Muallif izohi).] shaykasi bilan to‘qnash kelishga ham rozi edilar, hatto ular bilan miltiq otishdan gap boshlashga ham yo‘q demagan bo‘lardilar.

Glenarvanning umidi ro‘yobga chiqib, hindular bilan gaplashishning iloji topilmagan bo‘lsa ham, har holda, hujjatning keyingi izohi to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydigan bir hodisa ro‘y berdi.

Otryad o‘z yo‘lida bir necha so‘qmoqni shular orasida Karmendan Mendosga boradigan muhim so‘qmoq yo‘lni kesib o‘tdi. Bu so‘qmoqni unda tez-tez uchrab turgan xachir, ot, qo‘y va ho‘kiz singari uy hayvonlarining suyaklaridan bilib olish qiyin emas edi. Yirtqich qushlar top-toza qilib qo‘ygan va shamolda oppoq bo‘lib ketgan bu suyaklar go‘yo yo‘l ko‘rsatuvchi qoziqlar vazifasini o‘tardi. Bunday suyaklar ming-minglab sochilib yotar, ularga qanchadan-qancha odam suyaklari aralashib ketgan bo‘lsa ajab emasdi.

Talkav shu vaqtgacha sayohatchilar qayerni mo‘ljallab borayotganlari haqida bir og‘iz bo‘lsin so‘ramadi. Lekin sayohatchilar hozir ketayotgan yo‘l pampaslardagi yo‘llardan birontasiga ham aloqasi yo‘qligini, bu tarzda yo‘l yurib na biror shaharga, na biror qishloqqa, na Argentina viloyatlaridan birontasining idoralariga chiqib bo‘lmasligini tushunar edi, albatta.

Otryad har kuni ertalab chiqib kelayotgan quyosh tomonga qarab yo‘lga chiqar va kechgacha hech qayoqqa og‘may, to‘g‘ri yo‘l bosar, kechqurun tunash uchun to‘xtaganlarida, botayotgan quyosh sayohatchilarning orqasida qolardi. Yo‘l boshlovchi bo‘lgani uchun bu tarzda yo‘l yurish Talkavga g‘alati tuyulgan bo‘lsa kerak, chunki sayohatchilarni Talkav emas, aksincha, sayohatchilar uni boshlab borar edilar. Mabodo u bunga ajablangan bo‘lsa ham, hindularga xos og‘irlik bilan buni bildirmay borardi, shuning uchun otryad biror yo‘lni kesib o‘ta turib, unga burilishni istamaganda u hech narsa demas edi. Lekin bugun, otryad yuqorida tilga olingan Karmendan Mendosga boradigan so‘qmoqqa chiqqanda Talkav otini to‘xtatdi va Paganelga o‘girilib:

‒ Bu yo‘l Karmenga boradi, – dedi.

‒ To‘g‘ri, patagoniyalik aziz do‘stim, – deb javob berdi Paganel, ispan so‘zlarini iloji boricha aniq talaffuz qilishga tirishib, – bu yo‘l Karmendan Mendosga olib boradi.

‒ Biz bu yo‘ldan yurmaymizmi? – deb so‘radi Talkav.

‒ Yo‘q, – deb javob qaytardi Paganel.

‒ Biz qayerga ketyapmiz?

‒ Faqat sharqqa.

‒ Unda hech qayerdan chiqmaymiz-ku.

‒ Ko‘ramiz-da!

Talkav jim qoldi va juda hayron bo‘lib geografiya olimiga qaradi. Lekin u Paganel hazillashishi mumkin deb xayoliga ham keltirmas edi. Har narsaga ham doim jiddiy qaraydigan bu hind hazilning nima ekanini bilmasdi.

‒ Demak, sizlar Karmenga ketayotganingiz yo‘q ekan-da? – deb so‘radi u birozdan so‘ng.

‒ Yo‘q. Karmenga ketayotganimiz yo‘q, – dedi Paganel.

‒ Mendosga ham bormaysizlarmi?

‒ Mendosga ham bormaymiz.

Shu payt Glenarvan Paganel oldiga kelib, undan Talkav nima deganini va nima uchun to‘xtab qolganini so‘radi.

‒ U biz Karmenga ketyapmizmi, yo Mendosgami, deb so‘radi, – dedi Paganel, unga izoh berib, – bizning Karmenga ham, Mendosga ham bormasligimizni bilib, hayron bo‘lyapti.

‒ Rost, bizning sayohatimiz haqiqatan ham unga qiziq tuyulsa kerak, – dedi Glenarvan.

‒ Shunaqaga o‘xshaydi. Bunday yo‘l yurishda biz hech qayerdan chiqmaymiz, deydi.

‒ Menga qarang, Paganel, ekspeditsiyamizning maqsadini va nima uchun biz doim sharqqa qarab yurishimizni unga tushuntirib berolmaysizmi?

‒ Bu juda qiyin-da, – dedi Paganel, – geografik graduslarning nimaligini u mutlaqo tushunmaydi-ku, hujjatning tarixi esa unga xayoliy narsa bo‘lib tuyuladi.

‒ Qiziq, – dedi mayor jiddiy, – u so‘zlab berilgan voqeani tushunmasmikan, yoki so‘zlab berayotgan odamning so‘ziga tushunmasmikan?

‒ Eh, Mak-Nabbs! – dedi Paganel. – Hali ham siz mening ispancha so‘zlashuvimga shubha bilan qaraysiz-a!

‒ Bir harakat qilib ko‘ring, muhtaram do‘stim! – dedi mayor.

‒ Harakat qilib ko‘raman.

Paganel patagoniyalik oldiga keldi-da, unga ekspeditsiyaning maqsadini tushuntira boshladi. So‘z boyligi yetishmay qolgandan, shuningdek ekspetsiyaning ba’zi jihatlarini hinducha anglatish qiyinligidan va unga ba’zi tafsilotlarni tushuntirshi juda qiyin bo‘lganidan geografiya olimi tez-tez to‘xtab qolardi. Shu payt geografiya olimiga qarash kayf edi: u har xil imo-ishoralar qilar, ispan so‘zlarini iloj boricha aniq talaffuz qilishga tirishar, umuman shunday jon kuydirar ediki, peshonasidan marjon-marjon ter oqardi. So‘z boyligi yetishmay qolganda u qo‘lini ishga soldi. Paganel sakrab otdan tushdi-da, qumga geografik karta chiza boshladi, qumda birin-ketin meridianlar bilan kesishib o‘tgan parallellar, ikki okean, ular o‘rtasidagi materik va undan Karmenga o‘tadigan yo‘l paydo bo‘ldi. Birorta ham o‘qituvchi bunchalik mushkul ahvolga tushmagan bo‘lsa kerak.

Talkav geografning butun xatti-harakatlarini xotirjamlik bilan yaxshilab kuzatib turdi, lekin uning qiyofasidan tushunayotgan-tushunmayotganini bilib bo‘lmasdi.

Geografiya olimining darsi yarim soatdan ortiqroq davom etdi. Nihoyat Paganel jim bo‘ldi, betidan oqib tushayotgan terni artdi-da, patagoniyalikka qaradi.

‒ Tushundimi? – deb so‘radi Glenarvan.

‒ Hozir bilamiz, – dedi Paganel. – Agar tushunmagan bo‘lsa, men yana tushuntirishdan bosh tortmayman.

Talkav qimirlamadi ham, biror og‘iz so‘z ham aytmadi. U shamol sekin-sekin o‘chirib ketayotgan chizma-chiziq kartadan ko‘z uzmas edi.

‒ Xo‘sh? – deb so‘radi Paganel.

Talkav uning savolini eshitmagandek turardi. Geografiya olimi mayorning lablaridagi istehzoli tabassumni ko‘rib, juda xafa bo‘lib ketdi va o‘zining geografiya darsini yana qayta boshdan boshlamoqchi bo‘lgan ediki, patagoniyalik uni imo bilan to‘xtatdi.

‒ Sizlar asir kishini axtarib yuribsizlar, shundaymi? – deb so‘radi u.

‒ Ha, – dedi Paganel.

‒ Uni kunbotishdan kunchiqishga boradigan mana shu to‘g‘ri chiziqdan qidiriyapsiz, a? – deb so‘radi Talkav, g‘arbdan sharqqa degan tushunchani hinduchasiga aytib.

‒ Ha, balli.

‒ Asirning sirini bahaybat dengiz to‘lqinlariga sizning xudoyingiz topshirganmi?

‒ Ha, xuddi shunday.

‒ Unaqa bo‘lsa, aytgani kelsin, – dedi Talkav, hatto biroz tantana bilan, – sharqqa qarab boraveramiz, agar lozim bo‘lsa quyoshgacha ham boramiz.

Shogirdining so‘zlaridan o‘zida yo‘q quvonib ketgan Paganel uning so‘zlarini darrov hamrohlariga tarjima qilib berdi.

‒ Muncha ham aqli raso xalq ekan bular! – deb qo‘shib qo‘ydi u. – Aminmanki, mening vatanimdagi har bir yigirmata dehqondan o‘n to‘qqiztasi hozirgi gaplarimga tushunmagan bo‘lardi.

Glenarvan Paganeldan: so‘rab ko‘ring-chi, patagoniyalik u yer-bu yerda pampaslardagi hindular qo‘liga chet ellik kishilar asir tushgan-tushmaganini eshitmadimi ekan, deb iltimos qildi. Paganel hindu yo‘l boshlovchidan buni so‘rab, javob kutib turdi.

‒ Ehtimol, – dedi patagoniyalik.

Bu javob darhol ingliz tiliga tarjima qilindi, shunda yetti sayohatchining hammasi patagoniyalikni o‘rab olib, unga savol nazari bilan tikilib qoldilar.