banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


U chindan ham naturalistning diqqatini jalb etishga molikdir. Ammo men uchun ular yanada qadrliroq, negaki, bularning har birini o‘z qo‘llarim bilan yig‘ganman va yer yuzida bu vitrinalar uchun biror narsa bermagan dengiz yo‘q.

– Kapitan, bu boyliklarni har ko‘rganda quvonishingizning sababini yaxshi tushunaman. Yevropa muzeylaridan birontasida ham bunaqa kolleksiya yo‘q! Ammo men zavqlanishimning hammasini muzeyni ko‘rishga sarflasam, unda kemani ko‘zdan kechirganda nima qilaman? Men odob va kamsuqumlikni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, sirlaringizni bilib olishga harakat qilaman, ammo oldindan aytib qo‘yay, «Nautilus»ning o‘zi, uni harakatga keltirayotgan kuch, kemaning shu qadar tez yurishini ta’minlayotgan mexanizmlar meni ko‘proq qiziqtirmoqda. Bu salon devorida qanday xizmatni o‘tashi menga noma’lum bo‘lgan asboblarni ko‘rib turibman. Men so‘ramoqchi bo‘lgan…

– Janob Aronaks, – deya mening so‘zimni bo‘ldi kapitan, – men sizning bu kemada erkin odam ekanligingizni ilgaridan aytib qo‘ydim, binobarin, «Nautilus»da sizning borishingiz man etilgan bironta burchak yo‘q. Kemani istaganingizcha ko‘rishingiz mumkin va men bajonidil sizga hamroh bo‘lib, uni ko‘rsatishga tayyorman.

– Sizga qanday minnatdorchilik bildirishga ham hayronman, kapitan. Iltifotingizni suiiste’mol qilmaslikka harakat qilaman. Bir narsani bilib olishimga ijozat bersangiz, fizikaga doir mana bu asboblar nimaga ishlatiladi?

– Xuddi shunday asboblar, professor, kayutamda ham bor, bularning nimaga ishlatilishini o‘sha yerda aytib beraman. Ammo hozir sizga ajratilgan kayutaga boraylik. Axir siz «Nautilus»da qanday sharoitda yashashingizni bilishingiz kerak-ku.

Men kapitan Nemoga ergashib tor yo‘lakdan ketaverdim. Kema tumshug‘iga yetgach, kapitan Nemo meni kayutaga, to‘g‘rirog‘i, karavot, tualet stolchasi, kreslolar va boshqalar bilan jihozlangan juda chiroyli keng xonaga boshlab kirdi.

Benihoya minnatdorchilik bildirdim.

– Sizning kayutangizdan menikiga o‘tish mumkin, – dedi kapitan eshikni ocha turib, – meniki-dan esa biz hozirgina chiqib kelgan salonga kirsa bo‘ladi.

Biz kapitanning kayutasiga kirdik. Temir karavot, ish stoli, bir necha stul, umivalnik – butun jihoz shundan iborat edi. Eng zarur narsalar, ortiqcha hech nima yo‘q.

Kayuta nim qorong‘i edi. Kapitan Nemo stulga ishora qildi:

– Marhamat, o‘tiring.

Men o‘tirdim. U biroz indamay turdi-da, so‘ng so‘zlay ketdi.

O‘n ikkinchi bob

HAMMA NARSA ELEKTR VOSITASIDA

– Mana bu yoqqa qarang, professor, – deb so‘z boshladi kapitan Nemo xona devorlarida osig‘liq turgan asboblarga ishora qilib. – Bular «Nautilus»ni boshqarishga xizmat qiladigan apparatlar. Bu yerda ham salondagiday bular hamisha mening ko‘z oldimda bo‘ladi va «Nautilus»ning okeanning qayerida turganini va yo‘nalishini aniq ko‘rsatadi. Mana bu «Nautilus»dagi havo haroratini ko‘rsatadigan termometr; bunisi barometr, u havo bosimini aniqlaydi va bu bilan havoning o‘zgarishini oldindan aytib turadi, gigrometr atmosferada namlik miqdorini ko‘rsatadi; kema yo‘nalishini ko‘rsatadigan kompas, quyosh balandligiga qarab joyning kengligini aniqlaydigan sekstant; geografik uzunlikni belgilaydigan xronometrlar; nihoyat, kunduzgi va tungi kuzatuv trubalari, «Nautilus» suv sathiga chiqqanda, men bular yordamida ufqni kuzataman.

– Bu asboblarning hammasi, – deb javob berdim men, – kemachilikda ishlatib kelinmoqda va bularning hammasi menga ilgaridan tanish. Biroq mana bu yerda menga ma’lum bo‘lmagan allaqanday asboblar bor. Ehtimol «Nautilus»ni boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlari ana shularga bog‘liqdir. Mana bu harakat qilib turadigan milli katta siferblat manometr emasmi?

– Ha, bu manometr. U kema tashqarisidagi suv bosimini o‘lchaydi va bular «Nautilus»ning suvga qancha cho‘kkanini ko‘rsatib turadi.

– Mana bular zondlarmi?

– Ha, faqat yangi konstruksiyadagisi. Bular turli suv qatlamlaridagi haroratni o‘lchaydigan termometrik zondlar.

– Mana bu asboblar-chi? Bularning nimaga ishlatilishiga aqlim yetmay turibdi.

– Buning uchun, professor, oldin sizga ba’zi bir narsalarni tushuntirishga to‘g‘ri keladi, – deb javob berdi kapitan Nemo.

U birpas jim turdi-da, keyin so‘z boshladi:

– Tabiatda itoatkor, tezkor va ishlatilishi qulay kuch bor. Mening kemamdagi hamma ishlarni shu kuch bajaradi: u yog‘du beradi, isitadi, mashinalarni harakatga keltiradi. Bu kuch – elektr.

– Elektr deysizmi?!– ajablanib xitob qildim men.

– Ha.

– Biroq sizning kemangiz g‘ayritabiiy tezlik bilan suzadi-yu, kapitan. Elektr to‘g‘risida bizga ma’lum tushunchalar sizning gaplaringiz bilan sira qovushmaydi. Hozircha uning mexanik kuchi juda cheklangan.

– Bilasizmi, professor, – deb javob berdi kapitan Nemo, – mening elektr quvvatidan foydalanish usulim hamma foydalanayotganidan boshqacha. Xafa bo‘lmasangiz, bu borada shu gapning o‘zi bilan cheklansam.

– Sizning bu gaplaringiz meni qanchalik taajjublantirgan bo‘lmasin, zo‘rlamayman, kapitan. Aybga buyurmasangiz faqat birgina savolim bor. Axir bu aql bovar qilmaydigan kuchni olish manbayiga xizmat etadigan elementlar, ayniqsa, rux juda tez tugab qoladi-ku. Yer bilan aloqa qilib turmaganingizdan keyin ularning o‘rnini qanday to‘ldirasiz?

– Bu savolga jonim bilan javob beraman, – dedi kapitan Nemo. – Avvalo shuni bilib qo‘yingki, dengiz qa’rida rux, temir, kumush, oltin va boshqa metallarning koni bor, ularni qayta ishlash esa unchalik og‘ir emas. Ammo men yerda ishlatiladigan bu metallardan foydalanmayman. Men kerakli miqdordagi energiyani dengizdan olaman.

– Dengizdan?

– Ha, professor, dengizdan. Dengizdan elektr energiyasi olishning yo‘llari ko‘p. Chunonchi, men turli chuqurlikka tushirilgan o‘tkazgichlar orqali ularni o‘rab turgan suv qatlamlaridagi har xil suv haroratidan tok olishim mumkin. Ammo men boshqa qulayroq usuldan foydalanishni afzal ko‘rdim.

– Qanaqa usuldan?

– Siz dengiz suvi tarkibini bilasiz-a? Uning yuzdan to‘qson olti yarim qismi sof suv, taxminan ikkiyu uchdan ikki qismi natriy xloriddir[43 - Natriy xlorid – oddiy osh tuzi.]. Bundan tashqari, uning tarkibida biroz magniy xlorid va kalsiy xlorid, bromli magniy sulfat, sulfat kislotasi va uglekalsiy tuzi bo‘ladi. Ko‘rib turibsizki, xlorli natriy dengiz suvida juda ko‘p. Men o‘z elementlarimga xuddi mana shu xlorli natriyni ishlataman.

– Xlorli natriyni deysizmi?

– Ha. U simob bilan birikkach, Bunzen elementlarida ruxning o‘rnini bosa oladigan amalgama[44 - Amalgama – biror metallning simobdagi aralashmasi] hosil etadi. Simob elementlarda parchalanmaydi. Shunday qilib, faqat natriy sarflanadi, uni esa menga dengiz beradi. Sizga yana shuni ham aytib qo‘yayki, nima bo‘lganda ham natriy elementlari ruxnikidan ikki baravar kuchliroq.

– Sizning sharoitingizda natriyning afzalligini tushunib turibman, kapitan. Dengizda uni istagancha topish mumkin. Bu juda soz. Biroq oldin natriyni xlorli birikmadan ajratib sof holga keltirish kerak-ku! Buni qanday amalga oshirasiz? Shubhasiz, batareyalaringiz xlorli natriyni elektroliz[45 - Elektroliz – biror eritma orqali tok o‘tganda shu eritmadagi moddaning tarkibiy qismlarga ajratilishi.] qilishga xizmat eta oladi, biroq adashmasam, elektrolizga undan olinadigandan ko‘ra ko‘proq natriy sarflanadi. Binobarin, siz yangi olganingizdan ko‘proq natriy sarflaysiz-ku!

– Xuddi mana shuning uchun ham, professor, natriyni elektroliz yo‘li bilan olmayman, balki toshko‘mir yoqib, uning energiyasidan foydalanaman.

– Toshko‘mir? Demak, siz baribir yer bilan aloqa bog‘lab turar ekansiz-da?

– Yo‘q. Istasangiz uni dengiz ko‘miri deb atashimiz mumkin.

– Demak, siz suvosti konlaridan toshko‘mir olish yo‘lini topibsiz-da?

– Siz buni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rasiz, professor. Faqat biroz sabr qiling: vaqt bemalolligi ham bardoshli bo‘lishingizni taqozo etadi. Faqat bir narsani unutmang: men mutlaqo hamma narsani okeandan olaman. U menga elektr beradi, elektr esa «Nautilus»ga issiqlik, yorug‘lik, harakat – xullas, bir so‘z bilan aytganda, hayot beradi!

– Ammo nafas olish uchun havodan boshqa hamma narsani.

– O‘-o‘, kerak bo‘lsa, yetarli miqdorda havo olishim ham oson edi, ammo bunga hojat yo‘q, chunki men istagan vaqtimda okean sathiga ko‘tarilishim mumkin. Sirasini aytganda, elektr maxsus rezervuarlarga havo berib turuvchi kuchli nasoslarni harakatga keltiradi, zarurat tug‘ilganda shulardan foydalanib, uzoq muddat suv ostida turishim mumkin.

– Kapitan, – dedim men, – sizning oldingizda faqat bosh egishim mumkin. Aftidan, siz odamlar ancha keyinroq kashf etishi mumkin bo‘lgan elektrning juda katta mexanik kuchini oldinroq ochishga muvaffaq bo‘lganga o‘xshaysiz!

– Bilmadim, odamlar buni umuman kashf eta olarmikin, – deya sovuqqonlik bilan javob berdi kapitan Nemo. – Ammo nima bo‘lsa ham men bu hayratomuz kuchdan qanday foydalanayotganimni bilib oldingiz. Ana shu kuch kemaga doimiy va uzluksiz yorug‘lik berib turadi, bu imkoniyat hatto quyoshda ham yo‘q. Endi mana bu soatni qarang – u elektr soat, to‘g‘ri yurishda eng yaxshi xronometrlardan qolishmaydi. Uning siferblatini italyan soatlari singari yigirma to‘rtga bo‘ldim, chunki men uchun kunduzi ham, kechasi ham, quyosh ham, oy ham yo‘q, faqat dengiz qa’rida ortimdan qoldiradigan sun’iy yog‘du bor. Qarang, ertalabki soat o‘n.

– Juda to‘g‘ri.

– Mana bunisi elektrdan foydalanishning boshqa yo‘li. Ko‘z oldingizda osig‘liq turgan siferblat «Nautilus»ning tezligini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Lag vintidan siferblatga sim tortilgan, uning mili menga kema qanday tezlikda ketayotganini aytib turadi. Ko‘ryapsizmi, hozir biz ancha sekin – soatiga o‘n besh milya bosyapmiz.

– Qoyil! – xitob qildim men. – Tabiiy kuchni tanlab to‘g‘ri ish qilganingizni endi ko‘rib turibman, kapitan. Bug‘ kuchining elektr bilan almashtirilganidan kemangiz faqat yutgan.

– Biz hali kemani tamoman ko‘rib bo‘lganimiz yo‘q, professor, – dedi kapitan Nemo stuldan turar ekan. – Charchamagan bo‘lsangiz «Nautilus»ning quyruq tomoniga yuring.

Darhaqiqat, suvosti kemasining tumshuq qismini ko‘rib bo‘lgan edim. Kemaning o‘rtasidan tumshug‘igacha joylashgan xonalar o‘z tartibi bilan quyidagicha edi: kutubxonadan suv o‘tkazmaydigan to‘siq bilan ajratilgan uzunligi besh metrli oshxona; uzunligi besh metrli kutubxona; kapitanning xonasidan suv o‘tkazmaydigan, ikkinchi to‘siq bilan ajratilgan uzunligi o‘n metrli katta salon; kapitanning uzunligi besh metrli xonasi; ikki yarim metrli mening xonam va nihoyat forshtevengacha cho‘zilib borgan uzunligi yetti yarim metrli havo saqlaydigan rezervuar.