banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


– Endi, professor, «Nautilus»ni ko‘rib chiqmoqchi bo‘lsangiz, xizmatingizga tayyorman.

O‘n birinchi bob

«NAUTILUS»

Kapitan Nemo eshik tomon yurdi. Men uning orqasidan bordim. Ovqatxonaning oxiridagi ikki tavaqali eshik ochilib, biz qo‘shni xonaga kirdik. Bu uy kattaligi jihatidan ovqatxonadan qolishmaydigan kutubxona edi. Palisandr[38 - Palisandr – ba’zi tropik daraxtlarning qattiq, qimmatbaho yog‘ochi.] yog‘ochidan qilinib, oltin suvi yugurtib pardozlangan baland, shiftga yetgan shkaflarda bir xil muqovali juda ko‘p kitoblar saqlanardi. Shkaflar uy devorlarini qoplab olishgan. Keng, jigarrang charm sirilgan divanlar kishini dam olishga chorlardi. Ularning yaqinida kitob ostiga qo‘yiladigan yengil ko‘chma chorpoyachalar turardi.

Ustiga bir quchoq kitob uyib qo‘yilgan katta stol xonaning o‘rtasini egallab turar edi. Uning ustida eski gazetalarning bir necha nusxalari ham bor edi.

Bu hashamatli zalni shiftga o‘rnatilgan to‘rtta yarim shar shaklidagi elektr lampalar yoritib turar edi.

Chiroyli jihozlangan juda qulay bu xonani zavq bilan ko‘zdan kechirdim.

– Kapitan Nemo, – dedim men, – mana bu kutubxona bilan yerdagi har qanday saroy faxrlansa arziydi. Okean qa’rida shunday ajoyib kutubxonangizning borligi meni hayratga solmoqda!

– Ishlash uchun bundan qulayroq sharoitni qayerdan topasiz, professor? – dedi kapitan. – Parij muzeyidagi kabinetingiz shunchalik osoyishta bo‘ladimi?

– Yo‘q, albatta… Ochig‘ini aytsam, bu zal oldida u juda qashshoq. Bu yerda kamida olti-yetti ming kitob bordir?

– O‘n ikki ming, janob Aronaks. Meni yer bilan bog‘lab turgan yakka-yu yagona narsa shu. Biroq «Nautilus» birinchi marta suvga sho‘ng‘igan kundan e’tiboran men uchun dunyo yo‘qoldi. O‘sha kuni men so‘nggi kitob va risolalarni, gazetalarning so‘nggi nusxalarini sotib olgan edim. O‘shandan beri men uchun insoniyat o‘ylashdan va yozishdan to‘xtadi. Bu kitoblar, professor, butunlay sizning ixtiyoringizda – ulardan istagan vaqtingizda xohlaganingizcha foydalanavering.

Kapitan Nemoga minnatdorchilik bildirgach, kutubxona tokchalariga yaqinlashdim. Men u yerda aniq fanlarning turli sohalariga doir, falsafa, adabiyotga doir barcha tillarda yozilgan kitoblarni ko‘rdim.

Qiziq bir narsa diqqatimni o‘ziga tortdi: hamma kitoblar qaysi tilda yozilganidan qat’i nazar, alfavit tartibida turardi. Bu kapitan Nemoning hamma tillarni yaxshi bilishidan dalolat berardi.

Men kutubxonaga inson tafakkuri yaratgan eng ajoyib narsalarni – fan sohasida ham, badiiy proza va poeziyada ham: Gomerdan tortib Viktor Gyugogacha, Ksenofontdan Mishlegacha, Rabledan Jorj Zandgacha qadimiy va hozirgi zamon avtorlarining asarlarini ko‘rdim. Ammo bu kutubxonada ilmiy kitoblar har holda ko‘proq edi. Bilishimcha, kapitanning ilmiy mashg‘ulotlarining asosiy predmeti tabiiyot tarixi bo‘lishiga qaramay, ballistika[39 - Ballistika – artilleriya snaryadlarining uchishini o‘rganadigan fan.] mexanikasi, gidrologiya[40 - Gidrologiya – yer sharining suv bilan qoplangan (okeanlar, dengizlar, ko‘llar va daryolar) qismining fizik xususiyatlarini o‘rganadigan fan.], meteorologiya, geografiya, geologiya va hokazolarga oid kitoblar ham kam emasdi. Tokchalarda Gumboldt, Aragoning barcha asarlari, Fuko, Anri Sen Kler-Devil, Shasl, Miln-Edvards, Katrfaj, Tindal, Faradey, Bertello, Abbat Sekki, Petermann, Mori, Agasits asarlari, akademiyalarning «Solnoma»lari, turli geografik jamiyatlarning bulletenlari va hokazolar, xuddi shu faxrli jamoa yonida kapitanning menga ko‘rsatgan hurmatidan minnat-dor bo‘lishim kerakdir, mening o‘sha ikki tomligim ham turar edi. Jozef Bertranning «Astronomiya asoslari» kitobi menga bir sanani aniqlab olish imkonini berdi: bu kitob 1865-yilning o‘rtalarida chiqqanini bilardim; bundan chiqdi, «Nautilus» shundan oldin suvga tushmagan.

Demak, kapitan Nemo ko‘pi bilan bundan uch yil muqaddam suvosti sayohatiga chiqqan!

Bordi-yu, bundan ham keyinroq chiqqan kitoblar topilib qolsa, suvosti kemasining dengizga tushirilgan vaqtini yanada aniqroq belgilab olish mumkin, deb o‘yladim o‘zimcha. Ammo bu masalalarni bilib olish uchun hali oldinda yetarli vaqt bor, hozir esa «Nautilus» mo‘jizalarini ko‘rib chiqishni kechiktirgim kelmadi.

– Kutubxonangizdan foydalanishga ruxsat berganingiz uchun rahmat, kapitan. Bu chinakam fan xazinasi va men undan foydalanaman.

– Bu uy faqat kutubxona bo‘libgina qolmay, balki chekadigan joy ham.

– Chekadigan joy?!– qichqirib yubordim men.–«Nautilus»da chekishadimi?

– Albatta.

– Unday bo‘lsa, kapitan, siz Gavana bilan aloqa bog‘lab turar ekansiz-da?

– Mutlaqo, – javob berdi kapitan Nemo. – Mana bu sigarani chekib ko‘ring, professor, u Gavananiki emas, ammo kashanda bo‘lsangiz sizga ma’qul tushadi.

Men ko‘rinishdan eng yaxshi Gavana sigaralariga o‘xshagan, ammo rangi ochroq, oltinrang yaproqlardan o‘ralgan sigarani olib, bronza shamdondagi shamdan tutatdim. Ikki kun tamakidan mahrum bo‘lgan ashaddiy kashandaday ochko‘zlik bilan tutundan tortdim.

– Juda zo‘r sigara, ammo… demak, bu tamaki emas ekan-da?

– Yo‘q, – deb javob berdi kapitan. – Bu, tarkibida nikotin ko‘p bo‘lgan turli xil dengiz o‘tlari. Endi Gavana sigaralariga qalaysiz?

– Shu daqiqadan boshlab men ulardan irganaman.

– Unday bo‘lsa, sigaraning qayerdan kelib chiqqanini surishtirmay, istaganingizcha chekavering. Bular uchun hech qanaqa tamaki monopoliyasi soliq olgani yo‘q. Ammo bu bilan sigaralar bemazaroq bo‘lib qolmadi, shunday emasmi?

– Juda to‘g‘ri.

Shu payt kapitan Nemo biz boyagina kutubxonaga kirgan joyning ro‘parasidagi eshikni katta ochdi va biz ulkan, yaxshi yoritilgan salonga kirdik.

Bu burchaklari kesik, uzunligi o‘n, eni olti va balandligi besh metr keladigan katta zal edi. Shift sathi bilan bir tekisda bo‘lgan chiroyli jimjimador naqshli lampalar bu muzeydagi mo‘jizalarga yorqin, ammo ko‘zni qamashtirmaydigan yog‘du sochardi. Ha, bu chinakam muzey edi! Epchil va saxiy qo‘llar bu yerga tabiat va san’at xazinasini rassom xonasidagiday tartibsiz holdagi go‘zalligi bilan yiqqan edi. Buyuk rassomlarning bir xil ramkalardagi o‘ttizga yaqin asarlari odmi gulli mato tortilgan devorlarni bezab turardi. Rasmlar oralig‘ida qalqon va qurollar hamda barcha ritsarlik yarog‘-aslahalarini taqib olgan haykalchalar turardi.

Men ilgari Yevropa vistavkalarida hamda shaxsiy rasmlar galereyasida tomosha qilib yurganimizda juda bebaho asarlarni ko‘rdim. Qadimgi san’atkorlar mahorati bu yerda Rafaelning «Ma’budasi», Leonardo da Vinchining «Qiz bola»si, Korredjioning «Gung»i, Titsianning «Ayol»i, Veronezening «Sehrgarlar sajdasi», Muriloning «Maqtov»i, Golbeynning «Portret»i, Velaskezning «Monax»i, Riberning «Jafokash»i, Tenersning «Yarmarka»si, Rubensning Flamandiyaning ikki peyzaji, Jerar-Dou, Metsu, Pol Potterlar uslubidagi uchta kichik-kichik asar, Jeriko va Pryudonning ikki kartinasi, Bakyuyzen va Vernening bir necha dengiz manzaralari orqali namoyish qilingan edi. Hozirgi zamon rassomchilik san’ati namunalari orasida men Delakrua, Engr, Dekan, Truayn, Meyssone, Do-bini va boshqalar yaratgan asarlarni uchratdim.

Antik haykaltaroshlarining marmar va bronzadan ishlagan haykallarining bir necha maftunkor nusxalari bu ajoyib muzeyning burchaklaridagi baland tagliklarda turardi.

Kapitan Nemoning oldindan aytib qo‘ygan so‘zlari to‘g‘ri chiqa boshladi: «Nautilus»ni ko‘rib chiqish uchun qo‘yilgan dastlabki qadamlardayoq men hayratga tushdim.

– Mulozamat ko‘rsatmay, yig‘ishtirilmagan, tartibsiz xonaga sizni boshlab kelganim uchun meni kechirarsiz, degan umiddaman, professor, – dedi bu g‘alati odam.

– Kapitan,– deya javob berdim men,– ochig‘ini aytsam, siz haqiqiy artist ekansiz!

– O‘-o‘, yo‘q, havaskorman, xolos, – e’tiroz bildirdi u. – Inson tafakkuri yaratgan bu ajoyib asarlarni yig‘ish menga quvonch baxsh etardi. Men hormay-tolmay izladim, xarid qilishga o‘ch edim. Shuning uchun bu bir qancha juda qimmatbaho narsalarni qo‘lga kiritdim. Bu – men uchun o‘lgan yerdan so‘nggi xotiralardir. Nazarimda, hatto hozirgi zamon rassomlaringiz ham qadimiy san’atkorlardir. Buyuk iste’dod egalarining hozirgi-si, qadimgisi bo‘lmaydi.

– Mana bu musiqachilar-chi? – so‘radim men Veber, Rossini, Motsart, Betxoven, Gaydn, Meyerber, Vagner, Ober, Guno va boshqalarning ikki eshik oralig‘idagi joyni egallab turgan katta pianino-organning ustida sochilib yotgan partituralariga ishora qilib.

– Bu musiqachilar men uchun Orfey[41 - Orfey – qadimgi grek mifologiyasidagi ashulachi. U o‘z qo‘shiqlari bilan daraxtlar va qoyalarni harakatga keltirgan, yirtqich hayvonlarni o‘ziga rom qilgan.] zamondoshlaridir. O‘lganlar xotirasida vaqt tafovuti qolmaydi, professor, men esa o‘sha sizning tuproq ostida yotgan yor-birodarlaringiz singari o‘lgan odamman…

Kapitan Nemo jim qolib, chuqur o‘yga toldi. Men unga katta qiziqish bilan indamay qarab turib, yuz tuzilishining o‘ziga xos belgilarini qidirardim. U qimmatbaho stolchaga suyangan, meni ko‘rmas va aftidan, yonidaligimni ham tamoman unutgan edi.

Men uning xayolini bo‘lmaslik uchun bu salonga to‘plangan mo‘jizalarni ko‘rishni davom ettirdim.

San’at asarlari bilan bir qatorda tabiat yaratgan nodir narsalar ham kattagina o‘rin egallab turardi. Bular asosan o‘simliklar, chig‘anoqlar va okeanning boshqa o‘simlik va hayvonot dunyosining mahsulotlari bo‘lib, aftidan, kapitan Nemo o‘z qo‘li bilan yig‘ganga o‘xshardi.

Salonning o‘rtasida ostidan elektr chirog‘i bilan yoritilgan favvora bor edi; suv zarrachalari tridaknaning juda katta chig‘anog‘idan qilingan hovuzga tushib turar edi. Tridaknaning aylanasi olti metrcha kelardi. Binobarin, u hatto Venetsiya Respublikasi qirol Fransisko I ga tuhfa etgan mashhur chig‘anoqdan ham katta edi.

Hovuz atrofidagi mis bilan pardozlangan chiroyli oynaband vitrinalarga tabiatshunos yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan eng nodir dengiz mo‘jizalari qo‘yilgan. Bir qarashdayoq qanchalik quvonib ketganimni tasavvur qila olsangiz kerak.

Zoofitlar bo‘limi bu yerda poliplar[42 - Polip – bir joyda qimirlamay yashaydigan dengiz hayvoni.] va tikanterililar orqali namoyish etilgan edi. Birinchilari orasida yelpig‘ichsimon gorgoniylar, dengiz organchalari, suriya bulutlari, moluk marjonlari, alsioniyning ajoyib nusxasi, odamni hayratga soladigan yelpig‘ich yaproqlar, Reyunyon orolidan ko‘zchalar va madreporlarning juda katta kolleksiyasi bor ediki, bular orasida Antil orollaridan olingan «Neptun aravachasi» ayniqsa diqqatni o‘ziga tortardi. Bu yerga marjonlarning turli xillari yig‘ilgan bo‘lib, odatda, ularning to‘dalari butun-butun orollarni, asrlar o‘tishi bilan esa ehtimol qit’alarni ham vujudga keltirishi mumkin bo‘ladi. Dengiz yulduzlarining bir necha turlari, dengiz ko‘zachalari (goloturiy), dengiz tipratikanlari, ilondumlilar va boshqalar bu yerga kosasi tikanaklar hamda nayzachalar bilan qoplangan tikanterililarning namoyandalari sifatida qo‘yilgan.

Mening o‘rnimda asablari zaifroq konxiolog bo‘lganida, molluskalar kolleksiyasi o‘rin olgan narigi vitrinani ko‘rishi bilanoq yuragi yorilib o‘lardi. Bu eksponatlar bebahodir va ularni tavsiflash uchun butun bir tomni bag‘ishlash lozim bo‘lur edi. Shuning uchun ham eng diqqatga sazovorlarini sanab o‘tish bilan kifoyalanaman. Kapitan Nemo kolleksiyasida Hind okeanining sidirg‘a qizg‘ish jigarrang ustiga mutanosiblik bilan joylashgan oq dog‘li chiroyli bolg‘asi; hamma yog‘i mayda donachalar bilan qoplangan va yaltillab turadigan «imperator spondiliysi», bunga istagan Yevropa muzeyi yigirma ming frankni ayamasdi; topilishi deyarli mumkin bo‘lmagan avstraliya bolg‘asi; nafas tegsa sochilib ketadigan darajada mo‘rt senegal yuraksimonlari – qo‘sh-tabaqa, oq ohak naychalarining chetlari jimjimador va ishqibozlar yuksak baholaydigan bir necha Yavana dengiz leykalari; Amerika suvlarida uchraydigan sariq-yashil, Yangi Zelandiya sohillarida yashaydigan to‘q kulrang, Meksika qo‘ltig‘ida uchraydigan toshbaqasimon chig‘anog‘i bilan ajraladigan bo‘g‘inoyoqlilarning juda ko‘p xillari; bulardan tashqari, oltingugurtli juda g‘alati tellinlar, siter va venuslarning qimmatbaho navlari, sadaf tangachali marmar kubarna; yana Hindistonda tanga o‘rnida ishlatiladigan «ilonboshi» chig‘anoqlarining hamma turlari; Sharqiy Hindistonning «dengizga shon-sharaf» degan eng qimmatbaho chig‘anog‘i; nihoyat, olimlar juda chiroyli nomlar bilan atashgan nafis va mo‘rt chig‘anoqlar – minorachalar, yantinlar, mitrlar, kaskalar, bagretslar, arfalar, tritonlar, pterotserlar, patellalar, gialeylar, kleodorlar bor edi.

Ayrim vitrinalarda elektr yog‘dusida chaqnab turgan mislsiz chiroyli marvarid shodalari: Qizil dengiz qa’ridan olinadigan pushti rang marvarid, turli molluskalar badanidan chiqadigan va deyarli barcha dengiz hamda okeanlarda uchraydigan yashil, sariq, ko‘k, qora marvaridlar turardi.

Bu marvaridlardan ba’zilari kaptar tuxumidan kattaroq edi. Ular sayyoh Tavernening Eron shohiga uch millionga sotgan marvarididan ham qimmatroq, chiroyda esa men dunyoda eng chiroyli deb hisoblaganim imom Masqatiyning marvarididan ham afzalroq edi.

Xullas, bu kolleksiyani baholash sira mumkin emas edi. Kapitan Nemo bunday kolleksiya uchun millionlarni sarf etgan bo‘lishi kerak.

Bu quloq eshitmagan boyliklar qayerdan olingan ekan deb o‘ylayotganimda birdan kapitan menga murojaat qilib qoldi:

– Kolleksiyalarimni ko‘ryapsizmi, professor?