banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


Umuman, kemaning bu qismining uzunligi o‘ttiz besh metr edi. Suv o‘tkazmaydigan to‘siqlarning eshiklari mahkam yopiladigan qilib ishlangan bo‘lib, bu «Nautilus»ning biron yeri teshilgan taqdirda ham uni suv bosish xavfidan saqlar edi.

Men kapitan Nemoning ortidan yo‘laklar bo‘ylab kemaning o‘rtasiga keldim. U yerda suv o‘tkazmaydigan ikki to‘siq orasida torgina chuqurlik bor edi. Devorga vint bilan mahkamlangan temir narvon shiftga olib chiqar edi. Men kapitandan bu chuqurlikning nimaga kerakligini so‘radim.

– Eshkakli qayiq turgan joyga olib chiqadi, – deb javob berdi u.

– Nima! Sizda qayiq bormi? – taajjublanib qayta so‘radim men.

– Bo‘lmasam-chi. Juda ajoyib, yengil, cho‘kmaydigan qayiq bor. Unda sayr qilamiz, baliq oviga chiqamiz.

– Qayiqni chiqarish uchun siz suv sathiga ko‘tarilishingiz kerakmi?

– Yo‘q, bunday qilmayman. Qayiq «Nautilus» palubasining maxsus uyasida turadi. Uning suv o‘tkazmaydigan mahkam qopqog‘i bo‘lib, uyada uni mustahkam boltlar tutib turadi. Bu narvon palubaga, qayiq tagidagi ensizgina tuynukka olib boradi. Qayiq ostida ham xuddi o‘shanday tuynuk bor. Ana shu ikki tuynuk orqali qayiqqa o‘taman. Men kirib olgach, «Nautilus»dagi tuynukni yopishadi. Qayiq ostidagi tuynukni maxsus qopqoq bilan o‘zim yopaman. Shundan so‘ng boltlarni burab chiqaraman va qayiq juda katta tezlik bilan dengiz sathiga ko‘tariladi. Men yig‘ma qopqoqni ochib machtani qo‘yaman va yelkanni ko‘taraman yoki eshkaklarni olaman.

– Kemaga qanday qilib qaytasiz?

– Men o‘zim qaytmayman. «Nautilus»ning o‘zi keladi.

– Sizning buyrug‘ingiz bilanmi?

– Ha, mening buyrug‘im bilan. Men u bilan elektr simi vositasida aloqa bog‘layman. Kemaga qaytmoqchi bo‘lganimda telegramma beraman.

– Darvoqe, – deya xitob qildim men bu mo‘jizalardan hayratga tushib,– bundan osonroq yo‘l yo‘q.

Kema ustiga olib chiqadigan trap katagining oldidan, uzunligi ikki metr keladigan kayuta yoniga o‘tdik, u yerda Ned Lend bilan Konsel lunjlarini to‘ldirib, ajoyib nonushtani tushirayotgan edilar. Bu kayutaning yonida uzunligi uch metrli oshxona joylashgan edi. Shu yerning o‘zida keng omborxonalar bor edi.

Oshxonada elektr bilan ovqat pishirilar edi. Platina taxtachalarga parchinlangan simlar qizib, oqish rang bo‘lib, yopish, qaynatish va qovurish uchun plitalarga kerakli miqdorda harorat berib turar edi. Elektr dengiz suvini qayta ishlab, kemaga yetarli miqdorda juda ajoyib, ichishga yaroqli suv beradigan destillyatsiya apparatlarini ham qizitar edi.

Oshxonaning yonida vannaxona joylashgan edi.

Undan narida kubrik – komanda uchun xona bo‘lib, uzunligi besh metr edi; ammo eshigi berk bo‘lganidan men u yerdagi ahvolga zimdan qarab «Nautilus»ning ekipajida necha kishi borligini aniqlay olmadim.

Xuddi shu yerda kubrikni mashina bo‘lmasidan ajratib turgan suv o‘tkazmaydigan to‘rtinchi to‘siq bor edi. Biz to‘siqdagi eshikdan o‘tib, yuksak malakali injener kapitan Nemo «Nautilus»ni harakatga keltiradigan mashinalarni o‘rnatgan zalga kirdik.

Juda yaxshi yoritilgan zalning uzunligi kamida yigirma metr kelardi. Zal ikkiga bo‘lingan edi. Birinchisida elektr energiya hosil etadigan elementlar, ikkinchisida kema parragini harakatga keltiruvchi mashinalar turar edi.

Zaldagi allaqanday g‘alati bir hid meni taajjubga soldi.

Kapitan Nemo sarosimaga tushib qolganimni sezdi.

– Bu natriy olganda ajraladigan gazning hidi, – dedi u. – Hechqisi yo‘q, arzimagan noqulaylik. Biz baribir har kuni ertalab butun kemani shamollatib olamiz.

Men «Nautilus» mashinalarini qiziqib tomosha qildim.

– Ko‘rib turibsizki, – dedi kapitan Nemo, – men Rumkorf elementlaridan emas, balki Bunzen elementlaridan foydalanyapman. Rumkorf elementlari menga kerakli quvvatni berolmasdi. Bunzen batareyalari menda ko‘p emas, ammo har biri ham juda kuchli. Batareyalar hosil etgan elektr zalning qarama-qarshi tomoniga uzatiladi va u yerdagi ulkan elektr motorlarni harakatga keltiradi. Bular esa o‘z navbatida transmissiyalarning juda murakkab sistemasi orqali eshkak valini aylantiradi. Bu valning diametri oltmish santimetr, uzunligi yetti yarim metr. Shunday katta bo‘lishiga qaramay, val aylanishining tezligi sekundiga bir yuz yigirmataga yetadi.

– Siz tezlikni…

– Soatiga ellik milya.

Bu yerda allaqanday sir bor edi, ammo surishtirib olishga yuragim dov bermadi. Qanday qilib elektr shu qadar kuchli energiya berishi mumkin? Bu misli ko‘rilmagan, deyarli cheklanmagan kuchning manbayi qayerda? Buning siri yuqori tok beriladigan katushkalarning yangi namunalaridamikin yoki transmissiyalar sistemasidami?

Bunga sira aqlim yetmasdi.

– Kapitan Nemo, – dedim, – men muvaffaqiyatlar oldida bosh egaman va bunga qanday erishganingizni o‘ylab ham o‘tirmayman. Men «Nautilus»ning «Avraam Linkoln» atrofida manyovr qilganini ko‘rdim va u naqadar katta tezlik bilan suza olishini bilaman. Ammo birgina tezlikning o‘zi bilan ish bitmaydi-ku. Qayoqqa borayotganingni ham ko‘rib turish kerak-ku. Kemani yuqoriga, pastga, chapga, o‘ngga yo‘naltirish imkoniyati ham bo‘lishi kerak-ku. Siz bularning hammasini bosim yuzlab atmosferaga yetadigan juda chuqur yerlarda qanday boshqarasiz? Qanday qilib okean sathiga ko‘tarilasiz? Nihoyat, o‘zingiz tanlab olgan suv qatlamida kemaning to‘g‘ri harakat qilishiga qanday erishasiz? Bu qadar ko‘p savol berib, odobsizlik qilmadimmikin?

– Mutlaqo, professor, – deb javob berdi kapitan biroz ikkilanishdan keyin. – Axir siz bu suvosti kemasidan hech qachon ketmaysiz-ku. Qani, salonga yuring. Mening ishlaydigan xonam o‘sha yerda. Ana o‘sha yerda «Nautilus» haqida bilishingiz kerak bo‘lgan hamma narsani aytaman.

O‘n uchinchi bob

BIR NECHA RAQAMLAR

Bir necha daqiqadan so‘ng biz salondagi divanda sigara chekib o‘tirar edik.

Kapitan Nemo menga «Nautilus» ham uzunasiga, ham ko‘ndalangiga ko‘rsatilgan chizmalarni berdi. So‘ng tushuntira boshladi.

– Mana bu, janob Aronaks, siz turgan kemaning chizmalari. U uzun silindr shaklida bo‘lib, chekkalari konusga o‘xshaydi. Ko‘rinishdan sigaraga o‘xshaydi, sigarasimon shakl Londonda bunday konstruksiya uchun juda qulay hisoblanadi. Silindrning u boshidan bunisigacha uzunligi roppa-rosa yetmish metr bo‘lib, o‘rtasida eng keng joyi eniga sakkiz metr. Men tezyurar kemalardagiday odatdagi mutanosiblik bo‘yicha enining uzunligiga nisbatini birga o‘n qilib olmadim, biroq shunga qaramay men olgan mutanosiblikda ham kema tumshug‘idagi qarshilik uncha ko‘p emas va siqib chiqarilgan suv suzishga xalaqit bermaydi. Bu miqdorlar «Nautilus»ning maydoni va hajmini hisoblash imkonini beradi. Sirti bir ming o‘n bir kvadrat metr, hajmi bir ming besh yuz kub metrdir. Shunday qilib, kema suvga to‘la cho‘kkanda, u bir ming besh yuz kub metr yoki bir tonna suvni siqib chiqaradi.

Suv ostida suzishga mo‘ljallangan bu kema planini tuzayotganimda o‘z oldimga u suvga tushirilganda hajmining o‘ndan to‘qqizi dengizga cho‘kishi va o‘ndan biri esa suvdan chiqib turishi kerak, degan vazifani qo‘ydim. Shunday bo‘lganda kema o‘z hajmining o‘ndan to‘qqizini yoki bir ming uch yuz ellik kub metr suvni siqib chiqarishi, vazni ham shuncha tonna bo‘lishi kerak edi. Binobarin, men ana shu og‘irlikdan ortiqchasiga yo‘l qo‘ymasligim kerak edi. «Nautilus»ning ikkita korpusi bor: biri ichki va ikkinchisi tashqi; ular o‘zaro ikki tavrli kesimi bo‘lgan temir to‘sinlar bilan biriktirilgan; bu to‘sinlar kemani juda mustahkam tutadi. Chindan ham shunday qurilma tufayli ichi kovak «Nautilus» quyma jismday mustahkam. Uning qoplamasi egilmaydi; pishiq qilib ulangani va bir xil materialdan bo‘lgani uchun eng notinch dengiz ham unga cho‘t emas. Bu ikki korpus po‘lat taxtalardan iborat. Ichki korpus taxtalarining qalinligi salkam besh santimetr va uning vazni uch yuz to‘qson tonna. Tashqi korpus, balandligi ellik va eni yigirma besh santimetr hamda og‘irligi oltmish tonnali kemaning tag to‘sini, mashinalar, ballast[46 - Ballast – kemaning muvozanatini saqlash uchun qo‘yilgan yuk.], barcha boshqa uskunalar, jihozlar, ichki devorlar va tirgovuchlar – hammasining umumiy vazni salkam to‘qqiz yuz tonna, ichki korpusining uch yuz tonnasi bilan qo‘shib hisoblaganda, zarur miqdordagi bir ming uch yuz ellik tonna bo‘ladi. Tushuna oldingizmi?

– Tushundim.

– Shunday qilib, – deya davom etdi kapitan,– «Nautilus» suv sathida turganida, shu og‘irligi bilan uning o‘ndan bir qismi tashqarida turadi. Binobarin, agar kemada ana shu o‘ninchi qismining og‘irligiga teng hajmda, ya’ni bir yuz ellik tonna sig‘imli rezervuar bo‘lganda va bu rezervuarlar suv bilan to‘latilsa, «Nautilus» bir ming besh yuz kub metr yoki xuddi shu miqdor og‘irlik – bir ming besh yuz tonnani siqib chiqarib, suvga to‘la cho‘kar edi. Amalda ham shunday qilinadi. «Nautilus»da rezervuarlar bo‘lib, bular uning pastki qismida joylashtirilgan. Kranlar ochib yuborilsa bas, ular suvga to‘lib, kema dengiz sathi bilan bab-baravar bo‘lib cho‘kadi.

– Ofarin, kapitan. Ammo xuddi mana shu o‘rinda menimcha asosiy qiyinchiliklar boshlansa kerak. Men siz suvga «Nautilus»ning bir santimetri ham ko‘rinmaydigan darajada cho‘ka olishingizni tushunib turibman. Ammo siz chuqurlikka tushganda, kemangiz yuqori bosim bilan to‘qnashmaydimi? Bu bosim uni ham o‘ttiz futli suv qatlamida taxminan bir atmosferaga yoki boshqacha qilib aytganda, kvadrat santimetriga bir kilogrammga teng keladigan kuch bilan pastdan yuqoriga itarmaydimi?

– Juda to‘g‘ri, professor.

– Bunday paytda siz «Nautilus»ning o‘zini suv bilan to‘latmasdan turib suv qa’riga cho‘kishga qanday majbur qila olishingizga aqlim yetmayapti.

– Janob professor, – dedi kapitan Nemo, – statika[47 - Statika – nazariy mexanikaning bir bo‘limi.]ni dinamika bilan chalkashtirish yaramaydi – bu jiddiy nuqsonlarga olib kelishi mumkin. Okeanning eng chuqur joylariga tushish uchun ortiqcha kuch sarflashning hojati yo‘q… Siz mening mulohazalarimni diqqat bilan eshityapsizmi?

– Diqqat bilan eshityapman.

– «Nautilus»ning dengiz tubiga cho‘ka olishida uning vaznini qancha oshirish kerakligini aniqlash uchun men yuqoridagi suv qatlamlarining og‘irligi ta’sirida turli chuqurliklarda hajmni qanchalik kamaytirish lozimligini bilishim kerak edi.

– Bu to‘g‘ri, kapitan.

– Suvning siqilishini inkor etib bo‘lmasa-da, lekin shuni aytish kerakki, bu siqilish juda cheklangan miqdordadir. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, chindan ham bosim bir atmosfera oshganda, ya’ni o‘ttiz fut chuqurlikda, o‘n milliondan to‘rt yuz o‘ttiz olti qismi siqiladi. Suvga ming metr cho‘kkanda hajmni qancha kamaytirish hisobini balandligi ming metrli suv ustuni bosimiga, ya’ni yuz atmosfera bosimiga qarab olish kerak. Shunday qilinganda hajmni kamaytirish natijasi yuz mingdan to‘rt yuz o‘ttiz olti bo‘ladi. Binobarin, kema vazni odatdagi bir ming besh yuz tonnadan bir ming besh yuz olti-yu yuzdan ellik to‘rtgacha ko‘payishi kerak. Shunday qilib, vaznni olti-yu yuzdan ellik to‘rt tonna oshirish talab etiladi.

– Hammasi bo‘lib-a?

– Hammasi bo‘lib, janob Aronaks, bu hisobni tekshirib chiqish ham unchalik qiyin emas. Sirasini aytsam, menda yuz tonnali zapas rezervuarlar bor. Bular yordamida men juda katta chuqurliklarga cho‘ka olaman. Suv sathiga ko‘tarilish uchun bu rezervuarlarni suv ballastidan bo‘shatishning o‘zi kifoya. Bordi-yu «Nautilus»ning o‘ndan bir qismini suvdan tashqariga chiqarmoqchi bo‘lsam, undan butun rezervuarlarni bo‘shatishim kerak.

Aniq raqamlarga asoslangan bu fikrlarga qarshi bir nima deyishim qiyin edi.

– Hisob-kitoblaringizga qo‘shilaman, kapitan, – dedim men. – Darvoqe, uning to‘g‘riligi har kuni amalda tasdiqlanib turgach, bahslashib o‘tirishning o‘zi kulgili bir hol bo‘lur edi. Ammo menda yana bir shubha tug‘ildi.

– Qanday shubha?