banner banner banner
Suv ostida sakson ming kilometr
Suv ostida sakson ming kilometr
Оценить:
 Рейтинг: 0

Suv ostida sakson ming kilometr


– Kemangiz ming metr chuqurlikka cho‘kkanida uning korpusi yuz atmosfera bosimga duch keladi. Binobarin, agar siz shu chuqurlikda kemangizni yengillatib olish va suv betiga chiqish uchun rezervuarlarni bo‘shatmoqchi bo‘lsangiz, unda rezervuarlardan suvni siqib chiqaradigan nasoslar har bir kvadrat santimetrga yuz kilogrammdan qo‘shimcha qarshilikka uchraydi. Bu esa nasoslardan shunday kuch talab etadiki…

– Buni faqat elektr bajarishi mumkin, – deya so‘zimni bo‘ldi kapitan Nemo. – Yana qaytaraman, professor, mening mashinalarimning kuchi deyarli cheklanmagan. «Nautilus»ning nasoslari juda kuchli. Undan chiqqan suv ustunlari «Avraam Linkoln» palubasiga sharsharaday tushganini ko‘rganda, bunga ishongan bo‘lishingiz kerak. Shunisi ham borki, batareyalar ortiqcha zo‘riqmasligi uchun men qo‘shimcha rezervuarlardan bir yarim mingdan ikki ming metrgacha chuqurlikka tushmoqchi bo‘lsamgina foydalanaman. Agar bordi-yu miyamga okeanning eng chuqur joylariga – uning sathidan sakkiz-o‘n ming metrga tushish fikri tug‘ilsa, ancha murakkabroq, ammo ayni vaqtda shunchalik ishonchli usullarni qo‘llayman.

– Qanaqa usullarni, kapitan?

– Buni tushunib olishingiz uchun avval men «Nautilus»ni qanday boshqarishni aytishim kerak.

– Men buni sabrsizlik bilan kutyapman.

– Kemani o‘ngga va chapga yoki boshqacha qilib aytganda, gorizontal tekislikda yo‘naltirish uchun men kema tumshug‘i ostida o‘rnatilgan oddiy ruldan foydalanaman. Bu rul shturval va shturtroslar yordamida harakatga keltiriladi. Ammo «Nautilus»ni, shuningdek, tik tekislik bo‘ylab – yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga qarab ham yo‘naltirish mumkin. Bu vaterliniya yoniga bemalol harakatlana oladigan qilib o‘rnatilgan ikki qanot yordamida amalga oshiriladi. Bu qanotlar tik yo‘nalishda ham tez harakat qiladi va ular kemaning ichidan richaglar yordamida harakatga keltiriladi. Qanotlar tag to‘singa parallel qilib qo‘yilganda «Nautilus» gorizontal yo‘nalishda suzadi. Parraklar yordamida oldinga harakat qilayotgan «Nautilus» shu qanotlarning qanchalik egilganiga qarab yo diagonal bo‘ylab pastga tushadi yoki diagonal bo‘ylab yuqoriga ko‘tariladi, aytib qo‘yay, bu diagonal uzunligi tamomila menga bog‘liq. Buning ustiga agar men ko‘tarilish tezligini oshirmoqchi bo‘lsam, vintni to‘xtataman va suv bosimi «Nautilus»ni vodorod to‘latilgan aerostatday tik yuqoriga siqib chiqaradi.

– Qoyil, kapitan! – xitob qildim men. – Ammo suvga cho‘kib turgan «Nautilus» ko‘r-ko‘rona boshqarilsa kerak, albatta.

– Sira unday emas. Rulni boshqaruvchi kishi «Nautilus»ning tumshug‘ida palubadan oldinga turtib chiqqan hujrada o‘tiradi. Bu hujraning illuminatoriga ikki tomoni qabariq qalin oyna solingan.

– Shunday kuchli bosimga bardosh bera oladimi?

– Ha. Biror narsa tegib ketsa juda mo‘rt, ayni vaqtda juda mustahkam billur qo‘yilgan. Bir ming sakkiz yuz oltmish to‘rtinchi yili Shimoliy dengizda elektr yog‘dusida baliq ovlanayotganda yetti millimetrli billur plastinkalar o‘n olti atmosfera bosimga dosh bergan edi. Men ishlatayotgan oynaning qalinligi o‘rta qismida yigirma bir santimetrga yetadi, ya’ni bular men aytgan plastinkalardan o‘ttiz marta qalin.

– Tushundim. Ammo ko‘ra olish uchun qorong‘ilikni yoritish kerak, binobarin, men hayronman, qanday qilib qorong‘i chuqurlarda…

– Rul boshqaruvchining hujrasi oldida juda katta elektr reflektor o‘rnatilgan, – deya mening so‘zimni bo‘ldi kapitan Nemo, – uning nurlari suvni yarim milyagacha yoritib boradi.

– Ofarin, ming ofarin, kapitan! Endi men olimlar o‘rtasida g‘ulg‘ula solgan o‘sha badnom «narval»ning elektr quyoshi nimaligini tushundim. Ha, aytganday, ruxsat bersangiz bir narsani so‘ramoqchi edim: «Nautilus»ning «Shotlandiya» bilan butun dunyoga shov-shuv solgan to‘qnashuvi tasodifan sodir bo‘lganmidi?

– Juda tasodifan, professor. To‘qnashuv sodir bo‘lganda men suv sathidan ikki metr pastda suzayotgan edim. Ammo hech qanday falokat yuz bermaganini o‘sha zahotiyoq ko‘rdim.

– Juda to‘g‘ri. «Shotlandiya» eson-omon portga yetib oldi. «Avraam Linkoln» bilan uchrashuvingiz-chi?

– Janob professor, Amerika flotining bu eng yaxshi kemasiga o‘zim ham achinaman, ammo u menga hujum qildi va men himoyaga o‘tishga majbur edim. Lekin kemani menga hujum qilish imkoniyatidan mahrum etdim, xolos, u shikastlangan joyini yaqin oradagi portda osonlik bilan tuzatib olishi mumkin.

– O, kapitan, – xitob qildim men, – «Nautilus» darhaqiqat ajoyib kema!

– Ha, professor, – hayajonli ohangda javob berdi kapitan Nemo. – Men uni o‘z farzandimday yaxshi ko‘raman. Okean sathida suzayotgan kemalar ming xil xavf-xatarga yo‘liqishi mumkin. Har bir tasodif ularga falokat keltirishi mumkin. Ammo bu yerda, dengiz qa’rida inson hech narsadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Bosimdan pachoq bo‘lib ketishidan cho‘chimaydi – negaki bu kema korpusi temirdan ham mustahkam. Uning chayqalishidan «charchaydigan» takelaji[48 - Takelaj – kemaning hamma asbob-uskuna va jihozlari.] yo‘q. Shamol yulib ketishi mumkin bo‘lgan yelkanlar yo‘q. Portlab ketish xavfi bo‘lgan qozonlar ham yo‘q. Yong‘in xavfsiz, chunki uning yog‘och qismlari yo‘q. U to‘qnashuvlardan ham qo‘rqmaydi, chunki okean qa’rida yolg‘iz o‘zi suzadi. Bo‘ronlar ham qo‘rqinchli emas, negaki okean sathidan bir necha metr chuqurlikda hamisha to‘la osoyishtalik hukmron. Siz ajoyib degan kema ana shunaqa, professor! Agar ixtirochi hamisha o‘z kemasiga injener-konstruktorga nisbatan ko‘proq, injener-konstruktor esa kapitanga nisbatan ko‘proq ishonishi rost bo‘lsa, mening birato‘la ham kema ixtirochisi, ham konstruktori, ham kapitan sifatida «Nautilus»ga qanchalik cheksiz ishonch bilan qarashimning sababini tushunsangiz kerak!

Kapitan Nemo juda ko‘tarinki ruhda gapirar edi.

Ko‘zlarida chaqnab turgan yolqin, jonli harakatlari uni tamoman o‘zgartirib yuborgan edi. Men o‘zimni to‘xtata olmadim va kapitan Nemoga biroz g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan savol berdim:

– Demak, sizning injenerlik ma’lumotingiz bor ekan-da?

– Ha, – deya javob berdi u. – Men yer yuzida yashagan paytimda London, Parij va Nyu-Yorkda o‘qigan edim.

– Xo‘sh, bu ajoyib suvosti kemasini qanday qilib yashirincha qura oldingiz?

– Uning har bir qismi, janob professor, dunyoning turli burchaklarida qilingan, buning ustiga zavodlarga ular boshqa maqsadlarda foydalaniladi deb aytilgan. «Nautilus»ning tag to‘sini Fransiyadagi Krezo zavodida yasalgan; eshkak vali – Londondagi Pena K°da; parragi – Glazgodagi Skottda; rezervuarlari – Parijdagi Kayil va K°da; dvigatellarini Germaniyadagi Krupp zavodlari; tumshuq qismini shved fabrikanti Motan; o‘lchov asboblarini Nyu-Yorkdagi aka-uka Gart va hokazo. Buyurtmani tayyorlovchilar mening chizmalarimni hamisha boshqa-boshqa nomlar bilan olar edilar.

– Ammo, – dedim men, – bu qismlarni olish bilan ish bitmagan-ku – ularni yig‘ish, montaj qilish kerak bo‘lgan-ku.

– Men okean o‘rtasida yo‘qolib ketgan va odam yashamaydigan bir orolda verf[49 - Verf – kema yasaydigan va remont qiladigan joy.]qurib oldim. U yerda men o‘rgatgan ishchilar, sodiq do‘stlarim o‘zimning kuzatuvimda «Nautilus»ni yig‘ishdi. Kema yig‘ib bo‘lingach, olov bizning oroldagi barcha izlarimizni yo‘q qilib tashladi. Agar qo‘limdan kelganida, orolchani portlatib yuborardim.

– Kema sizga juda qimmatga tushgan bo‘lsa kerak?

– Oddiy temirdan yasalgan kema vaznining har bir tonnasi taxminan bir yuz yigirma besh ming frankdan tushadi. Mening «Nautilus»imning og‘irligi bir ming besh yuz tonna. Demak, u asbob-uskunalari bilan kamida ikki million frank turadi, unda saqlanayotgan kolleksiyalar va san’at buyumlarini qo‘shib hisoblaganda to‘rt-besh million frankdan kam emas.

– Ruxsat bersangiz, yana bir so‘nggi savol, kapitan?

– So‘rang, professor.

– Siz juda boymisiz?

– Men juda boyman, hatto Fransiyaning o‘n milliardli davlat qarzini sira qiynalmay to‘lashim mumkin va bu bilan boyligim kamayib, kambag‘allashmasdim ham.

Men bu g‘alati odamga tikilib qoldim. U mening soddadillik bilan ishonayotganimdan foydalanmayotganmikin? Buni kelajak ko‘rsatishi kerak edi.

O‘n to‘rtinchi bob

«QORA DARYO»

Yer kurrasining uch yuz oltmish bir million kvadrat kilometri suvdan iborat. Bu suvning hajmi bir ming uch yuz yetmish million kub kilometrga tengdir. Demak, yer yuzidagi suvning vazni bir ming uch yuz yetmish kvintillion tonnadir.

Bu sonning naqadar kattaligini idrok etish uchun shu narsani bilish kerakki, milliard oldida bir qanchalik kichik raqam bo‘lsa, kvintillion oldida milliard ham shunchalik ushoq sondir yoki boshqa so‘z bilan aytganda, milliardda qancha bir bo‘lsa, kvintillionda shuncha milliard bor.

Yer yangi paydo bo‘lgan kunlarda olov davridan so‘ng suv davri boshlangan. Boshda okean butun yer yuzini qoplagan edi. Keyinchalik, asta-sekin siluriy davrida, tog‘larning paydo bo‘lish jarayoni boshlandi. Okeandan tog‘ uchlari chiqdi. So‘ng orollar paydo bo‘ldi; ular suv toshqinlari natijasida yana yo‘qoldi, so‘ngra yana paydo bo‘lib, mustahkamlandi va qit’alarni vujudga keltirdi; nihoyat quruqlik biz hozir ko‘rib turgan holga keldi. Quruqlik suvdan bir yuz qirq million olti yuz ming yetti kvadrat metr joyni tortib oldi.

Qit’alarning joylashishiga qarab yer yuzidagi suvni besh asosiy qismga bo‘lish mumkin:

Shimoliy Muz okeani,

Janubiy Muz okeani,

Hind okeani,

Atlantika okeani va

Tinch okean.

Tinch okean shimoldan janubga har ikki qutb doirasi orasida va g‘arbdan sharqqa Osiyo bilan Amerika o‘rtasidagi uzunlikda bir yuz qirq besh gradus joyni egallab yotibdi. U okeanlar ichida eng osoyishtasi; u vazmin, salobat bilan oqadi va unda suv ortiqcha ko‘payib, kamayavermaydi, shu bilan birga seryog‘indir. Mening odatdan tashqari sayohatim ana shunaqa okeandan boshlandi. – Istasangiz, professor, – dedi menga kapitan Nemo, – qayerda turganimizni – qayerdan sayohatga chiqib ketayotganimizni aniqlab olishimiz mumkin. Hozir soat chorakam o‘n ikki. Men hozir «Nautilus»ga zudlik bilan okean sathiga ko‘tarilishini buyuraman. Shu so‘zlarni aytib, kapitan elektr qo‘ng‘iroq tugmachasini uch marta bosdi. Nasoslar rezervuarlardagi suvni siqib chiqara boshladilar. Manometr mili harakatga kelib, siferblat bo‘ylab yuqoriga chiqib, bosim tobora kamayib borayotganini ko‘rsatardi. Nihoyat, u nolga kelib to‘xtadi. – Biz suv sathiga ko‘tarildik, – dedi kapitan Nemo. Men markaziy trap tomon yurib, uning temir zinapoyalaridan yuqoriga ko‘tarildim va ochiq lyukdan «Nautilus» palubasiga chiqdim. U suvdan sakson santimetrcha chiqib turar edi. «Nautilus»ning urchuqsimon korpusi darhaqiqat uzun sigarani eslatar edi. Men uning ustki qoplamasi yerdagi o‘rmalovchilarning badani singari tangachasimonligiga e’tibor berdim. Barcha kemalar «Nautilus»ni dengiz maxluqi deyishlarining sababini endi tushundim.

«Nautilus» korpusida yarim berkitilgan qayiq palubaning o‘rtasida uncha katta bo‘lmagan do‘nglik hosil qilgan edi. Kema tumshug‘i va quyrug‘ida devorlari qiya, uncha baland bo‘lmagan, qalin qabariq billur oynali ikkita kabina do‘ppayib turardi. Old tomonda «Nautilus» rul boshqaruvchisi uchun hujra, orqada yo‘lga yog‘du sochadigan yorqin elektr projektor bor edi.

Dengiz juda ajoyib, osmon tiniq edi. Uzun kema keng okean to‘lqinlarida bilinar-bilinmas chayqalardi. Sharqdan esayotgan yengil shabada suv sathini jimirlatar edi. Tiniq, ko‘zga yaqqol tashlanib turgan ufq atrofni bemalol kuzatish imkonini berardi.

Dengiz sathi tamoman bo‘m-bo‘sh edi. Na orolcha, na qoya ko‘rinardi. «Avraam Linkoln» ham ko‘rinmas edi.

Bizni bepoyon, ulug‘vor bo‘shliq o‘rab olgan edi.

Kapitan Nemo peshinda ko‘zlarini sekstantga[50 - Sekstant – astronomiya va geodeziyada ishlatiladigan burchak o‘lchash asboblaridan biri.] tikdi va quyoshning balandligini aniqladi – bu unga joyning kengligini bildirardi. Kuzatayotganida uning biror muskuli ham qimir etmas va sekstant marmar haykal qo‘lida ham shunchalik qimirlamay turmas edi.